Jahon | 15:08 / 28.08.2025
7346
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Kiyevga raketa va dronlar bilan hujum qildi: 14 kishi halok bo‘ldi, Yevroittifoq vakolatxonasi jiddiy zarar ko‘rdi

Rossiya armiyasi payshanbaga o‘tar kechasi Kiyevga keng ko‘lamli dron va raketa hujumlarini uyushtirdi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, natijada kamida 14 kishi halok bo‘ldi, qariyb 50 kishi yaralandi. Kiyevdagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi binosi Rossiya «ballistik raketalarining massiv zarbasi to‘lqini»dan jiddiy shikastlandi.

Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu hujumda bir bola ham halok bo‘lganini aytdi. «AQSh prezidenti Donald Tramp urushni tugatish uchun diplomatiya yo‘lidan yurgan bir paytda bu hujum Rossiyaning diplomatiyaga bergan javobini ko‘rsatdi», dedi u.

«Rossiya muzokara stolining o‘rniga ballistikani tanlamoqda. U urushni tugatish o‘rniga odam o‘ldirishni davom ettirishni tanlamoqda», - dedi Zelenskiy Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirarkan.

Kiyev prokuraturasi keltirgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 14 kishi, jumladan, uch nafar voyaga yetmaganlarning halok bo‘lgani tasdiqlandi. Harbiy ma’muriyat ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 48 nafarga yetdi.

Qutqaruv ishlari davom etar ekan, favqulodda xizmatlar yong‘inlarni o‘chirib, vayron bo‘lgan binolarning xarobalarini titkilab chiqmoqda.

Foto: Reuters

Reutersning yozishicha, Kiyevda havo hujumi ogohlantirishi to‘qqiz soatdan ortiq davom etdi. Portlashlar tungi osmonni yoritib yubordi, dronlarning g‘uvillashi ostida osmonni tutun qopladi.

Ukraina havo kuchlari ma’lum qilishicha, Rossiya mamlakat bo‘ylab hujum chog‘ida uchirgan 598 dronning 563 tasi va 31 ta raketaning 26 tasi urib tushirilgan. Shunga qaramay, 13 ta joyda zarbalar qayd etilgan, 26 ta joyga dron va raketa parchalari tushgan.

«Rossiya hujumlarining uslubi, afsuski, o‘ziga xos. Turli yo‘nalishlardan birlashtirilgan zarbalar. Va muntazam ravishda oddiy turar joy binolarini nishonga olish», - deb yozdi Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko.

Foto: Reuters

Ukraina rasmiylari zararlangan ko‘plab binolar ro‘yxatini e’lon qildi, jumladan, bir necha ko‘p qavatli turar joylar ham zarar ko‘rgan. Darnitskiy tumanida, shahar sharqiy chekkasida, besh qavatli uy qisman vayron bo‘lganini aytgan Tkachenko qutqaruvchilar hanuz xarobalar ostidan qolib ketgan aholining izlanayotganini qo‘shimcha qildi.

Favqulodda xizmat xodimlari poytaxtdagi 20 dan ortiq manzilda hujum oqibatlarini bartaraf etish ustida ishlamoqda, dedi u.

YeI ofisiga hujum

Bundan tashqari, Rossiya payshanba kuni ertalab Kiyevdagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasini joylashtirgan binoga zarba berdi. Natijada binoga katta zarar yetdi, biroq xodimlar jarohat olmadi.

Ukrainadagi YeI elchisi Katarina Matxernova binoning Rossiya tomonidan kechasi uyushtirilgan «dron va ballistik raketalarning massiv zarbasi to‘lqinidan» jiddiy shikastlanganini aytdi.

Foto: EU in Ukraine

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibixa Rossiyani «diplomatlarni nishonga olganlikda — Vena konvensiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzishda» aybladi. YeI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas esa bu hujumni «mojaroni ataylab kuchaytirish va tinchlik sa’y-harakatlarini masxara qilish» deb ta’rifladi.

Politico nashrining yozishicha, Kiyevga qilingan hujum YeI mudofaa vazirlari Kopengagenda yig‘ilib, Rossiyaga bosimni yanada oshirish yo‘llarini, jumladan, sanksiyalar va Ukrainaga yordamni muhokama qilishi kutilayotgan kunga to‘g‘ri keldi.

Yevropa Kengashi prezidenti António Kosta Kiyevdagi YeI delegatsiyasi binosiga yetkazilgan zararni «qasddan qilingan» deb atadi.

«Yevropa Ittifoqi qo‘rqitilmaydi. Rossiyaning tajovuzi bizning Ukrainani va uning xalqini qo‘llab-quvvatlashdagi qat’iyligimizni yanada mustahkamlaydi», dedi Kosta.

Foto: EU in Ukraine

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen YeI delegatsiyasi xodimlari omon ekanini tasdiqlab, Rossiyani «fuqarolik infratuzilmasiga qarshi ayovsiz hujumlarni darhol to‘xtatishga» chaqirdi.

Bu hujumlar AQSh prezidenti Donald Tramp urushni tugatish bo‘yicha tinchlik kelishuvini tuzishga urinayotgan paytda, Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga bosimni kuchaytirayotgan bir vaqtda yuz berdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ham o‘zining havo mudofaa tizimlari bir kecha-kunduzda Ukrainaga tegishli kamida yetti viloyatni nishonga olgan 102 dronni urib tushirganini bildirdi. Ukraina dron kuchlari qo‘mondoni esa kechasi o‘tkazilgan hujum chog‘ida Ukraina kuchlari Afipskiy va Kuybishevskiy neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berganini ma’lum qildi.

Xavfsizlik kafolatlari

Ukraina har qanday kelishuvda G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan xavfsizlik kafolatlarini asosiy talab qilib qo‘ygan. Bu kelajakda Rossiya hujumlarining oldini olish uchun zarur deb ta’kidlanmoqda. 18 avgust kuni Volodimir Zelenskiy va yevropalik yetakchilar Oq uyda yig‘ilgach, Tramp ma’muriyati Yevropa boshchiligidagi kuch Ukraina xavfsizligini kafolatlashga yordam berishini, razvedka vositalarini taqdim etishini, jang maydonini nazorat qilishini va havo hujumidan mudofaa tizimida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Tramp, shuningdek, tez orada Putin va Zelenskiy bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishini aytdi. Lekin Rossiya prezidenti Zelenskiy bilan bevosita uchrashuv va tinchlik muzokaralarini cho‘zib kelmoqda.

Mavzuga oid