Jahon | 23:50 / 28.08.2025
12019
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning «Simferopol» kemasini cho‘ktirdi

Bu Rossiya dengiz dronining muvaffaqiyatli qo‘llanishi bo‘yicha birinchi holat.

Foto: Global Look Press

Rossiya Mudofaa vazirligi 28 avgust kuni Ukrainaning «Simferopol» razvedka kemasi cho‘ktirilgani haqida xabar berdi. Keyinroq zarbani Ukraina harbiy-dengiz kuchlari ham tasdiqladi. Rossiya Qurolli Kuchlari uchun bu ekipajsiz kater (dron) yordamida dushman kemasiga birinchi muvaffaqiyatli hujumdir.

«Dumska» nashrining yozishicha, kemaga yarim tunda zarba berilgan. «Simferopol» bu paytda Dunay daryosining quyilish joyida edi. Oqibatda kema bortida teshik paydo bo‘lgan va ag‘darilgan.

Ekipaj a’zolarining bir qismi hozir bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan, dedi Ukraina Harbiy-dengiz kuchlari spikeri Dmitriy Pletonchuk. Bir kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi yaralandi.

Bu Rossiya harbiylari tomonidan Ukraina kemalariga qarshi drondan muvaffaqiyatli foydalanishning birinchi rasmiy tasdiqlangan holatidir. Ukraina kemasining dengiz droni tomonidan yo‘q qilinishi videosi Mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilindi.

«Rybar» telegram-kanalining qayd etishicha, dron kemaga zarba berishdan oldin Dunay o‘zani bo‘ylab ancha masofani bosib o‘tgan - taxminan 25 km. Kanal mualliflarining ta’kidlashicha, ukrainalik kuzatuvchilar dronni o‘ziniki deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid