O‘zbekiston | 12:14 / 28.08.2025
4856
7 daqiqa o‘qiladi

Sammit, migratsiya, viza, aviayo‘nalishlar, 2 ta grant, kommyunike – Yaponiya TIV O‘zbekistonga nega keldi?

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi 26-27 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi. Safari davomida prezident Mirziyoyev va hamkasbi Saidov bilan uchrashdi. Tashqi ishlar vazirligida birinchi strategik uchrashuv bo‘lib o‘tib, qo‘shma kommyunike imzolangan. Matbuotga ma’lum qilinishicha, yapon delegatsiyasi O‘zbekistondagi muloqot davomida rasmiylar bilan Markaziy Osiyo+Yaponiya sammiti, viza va aviayo‘nalishlar, inson kapitaliga ikkita grant ajratish, xalqaro vaziyat bo‘yicha gaplashgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Markaziy Osiyo+Yaponiya sammiti: sana hali aniq emas

Yaponiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi, vazir yordamchisi – Kitamura Toshihironing aytishicha, Takeshining safaridan asosiy maqsad mintaqa bilan dialogni jonlantirish, Markaziy Osiyo bilan yanada yaqinlashish, hamkorlarni tinglash. Bundan tashqari, o‘tgan yilning avgust oyi oxirida o‘sha vaqtdagi hukumat rahbari – Fumio Kishidaning zilzila va sunami xavfi ortidan qoldirilgan safari hamda sammitni o‘tkazish bo‘yicha gaplashib olish kerak.

Ivaya Takeshining vazir sifatida bu regionga birinchi marta kelishi va O‘zbekistondan avval u Qozog‘istonda bo‘lib, uchrashuvlar o‘tkazgan. 27 avgust kuni Toshkentda bo‘lib, Tashqi ishlar vazirligida imzolangan kommyunike 16 banddan iborat.

Unda yapon zamonaviy texnologiyalarini iqtisodiyotning turli yo‘nalishlariga jalb etish, axborot texnologiyalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan va innovatsiyalar, yashil iqtisodiyot, oziq-ovqat va agrar, suv menejmenti hamda xalq diplomatiyasi bo‘yicha hamkorlik haqida so‘z borgan.

Yapon tomoniga ko‘ra, qoldirilgan Markaziy Osiyo+Yaponiya sammitini o‘tkazish borasida tayyorgarlik davom etmoqda, lekin sanasi hali aniq emas.

 Yaponiya O‘zbekistonga ikkita grant ajratadi

Yaponiya dunyoning eng rivojlangan 7 davlatidan biri sifatida hamkorlari bilan avvalo iqtisodiy yaqinlikka urg‘u beradi. O‘zbekiston bilan ham dialogning bosh maqsadi – iqtisodiy manfaatlarda bo‘ladi. Matbuot kotibi Kitamuro Toshihironing ma’lum qilishicha, Yaponiya O‘zbekistonga ikkita grant ajratadi. Ikkalasi ham inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha, lekin bu grantlarning hammasi davlat amaldorlari va hukumatdagilar, davlat xizmatchilariga mo‘ljallangan.

“Hozirgacha Yaponiyada 430 dan ortiq davlat xizmatchilari o‘qib qaytgan. O‘zbekistondagi muzokaralar chog‘ida yana ikkita grant ajratilishi e’lon qilindi. Ularning ikkalasi ham inson kapitali uchun. Ulardan biri bevosita davlat xizmatchilarining Yaponiyada o‘qitilishi bo‘lsa, ikkinchisi BMTTD doirasida kasbiy ta’limga qaratiladi. Bu loyiha Surxondaryo viloyatida amalga oshiriladi”, - deydi matbuot kotib Toshihiro.

Viza osonlashmaydi, to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni ko‘paytirish rejasi yo‘q

Yaponiya - vizasini olish qiyin bo‘lgan davlatlardan biri. Biroq so‘nggi paytlarda sayohat vizasini olish biroz osonlashgan. Bu viza turi bilan Yaponiyaga borib, noqonuniy muhojirga aylanayotganlar soni ham sekin-asta ko‘paygani bois yapon tomoni viza siyosatida buni e’tiborga olishga qaror qilgan.

“Viza siyosatini o‘zgartirish va uni olishni osonlashtirish borasida qandaydir rejamiz yo‘q. Chunki noqonuniy mehnat migrantlari ko‘paymoqda, sayohat vizasini olganlar Yaponiyada qolib ketyapti, o‘rtada buni biznes qilayotganlar ham bor”, deydi vazir yordamchisi Toshihiro.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni ko‘paytirish masalasi ham muhokamada emas va ayni paytda hukumatlar bu haqida gaplashmayapti. Hozir Toshkentdan Tokioga mavsumiy to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar bor va boshqa shaharlardan reys qo‘yish haqida o‘ylanmayapti.

Yaponiya xorijdan mehnat migrantlarini qabul qilishga shoshilmaydi

Yaponiya aholisi bugun 124 million, biroq 50 yildan keyin hattoki, 70-80 millionga tushib qolish ehtimoli bor. Bu esa iqtisodiyot, YaIM va rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yo‘qotilgan ish o‘rinlarini malakali ishchilar bilan to‘ldirishdek mas’uliyatli vazifa – yapon hukumati oldida turibdi. Lekin bu davlat xorijdan ishchi olishga shoshilmaydi.

“Ha, xalqimiz yildan yilga kamayib boryapti. O‘zbekistonda har yili 800 ming, 1 millionga ko‘paysa, bizda buning aksi. Kelajakda 50 yildan keyin 70-80 millionga ham tushib qolishimiz mumkin, lekin baribir chet eldan odamlarni jamiyatimizga qo‘shishga jiddiy qaraymiz. Chunki yapon xalqi chet elliklarni qabul qilish masalasiga unchalik ham ochiq emas va buni o‘ta ijobiy baholamaydi, o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim”, dedi Kitamura Toshihiro.

Yaponiyada hukumat o‘zgarsa ham, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat o‘zgarmadi

2020 yildan beri Yaponiyada bosh vazir 3 marta o‘zgardi, qisman barqaror davr Fumio Kishidaniki bo‘ldi. U 2021-2024 yillarda yapon hukumatiga rahbarlik qildi. Marhum Shinzo Abe esa eng uzoq muddat xizmat qilgan bosh vazirlardan edi. 2010 yildan hozirgacha esa jami hisobda 6 marta bosh vazir o‘zgardi, 7 ta vazir xizmat qildi. Lekin hukumatni deyarli har gal hukmron partiya – Liberal-demokratik partiya tuzib keladi, faqat bir marta muxolifat hukumat tuzgan.

Demak, Yaponiyadagi hukumatning tez almashinuvi dunyo bilan aloqalarga jiddiy ta’sir qilmaydi. Xususan, Markaziy Osiyoga siyosat o‘zgarmaydi. Aslida Yaponiya 2004 yilda boshlagan «MO+» formati bugun boshqa davlatlar bilan ham davom etyapti.

“Markaziy Osiyo davlatlari bilan bunday formatni aslida biz boshlaganmiz, keyinchalik turli katta davlatlar buni davom ettirdi. Bu davlatlar bilan regional aloqalar olib boramiz, hukumat o‘zgarsa-da, bu mintaqaga qarash va siyosat u qadar o‘zgarmaydi”, deydi Kitamura Toshihiro.

Vazirlik vakillari bilan uchrashuvda berilgan savollardan yana biri harbiy hamkorlik xususida. Matbuot kotibi Toshihironing aytishicha, Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya davlatning harbiy emas, iqtisodiy rivojlanishiga urg‘u bergan. Demak, Tokio haliyam dunyoning gigantlaridan ekan, urg‘uni iqtisodga beradi. Shundan kelib chiqib O‘zbekiston bilan harbiy hamkorlik va qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar borasida dialog yo‘q.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid