Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Karib dengizidagi keskinlik, kuchini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan Xitoy va Eronga boshlangan xalqaro bosim – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
BMT xodimlari G‘azodagi vaziyatni genotsid deb atashni talab qildi
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Bolker Tyurk idorasidagi yuzlab xodimlar unga murojaat qilib, G‘azodagi urushni aniq ravishda davom etayotgan genotsid sifatida tasvirlashni so‘radi.
Reuters nashri tasdiqlagan xatda aytilishicha, xodimlar deyarli ikki yildan beri davom etayotgan Isroil-Hamas urushi bo‘yicha genotsidning huquqiy mezonlari bajarilgan deb hisoblaydi. Ular bu fikrni hujjatlashtirilgan huquqbuzarliklarning ko‘lami, miqyosi va xarakteri bilan asoslagan.
«BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligi genotsidni qoralash borasida kuchli huquqiy va axloqiy majburiyatga ega», deyiladi xatda. Bu xat 500 dan ortiq xodim nomidan xodimlar qo‘mitasi tomonidan imzolangan bo‘lib, Tyurkni «aniq va ochiq pozitsiya» bildirishga chaqirgan.
«Davom etayotgan genotsidni qoralamaslik BMTning ishonchliligi va inson huquqlari tizimini yemiradi», deyiladi xatda.
BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, oliy komissar — bosh kotib Antoniu Guterrishning to‘liq va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashiga ega. U qo‘shimcha qilib shunday dedi: «Biror voqeani genotsid deb atash vakolati faqat huquqiy organlarga tegishli».
Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa BMT ichki xodimlarining xatlariga «ular Isroilga nisbatan ko‘r-ko‘rona nafrat bilan yo‘g‘rilgan bo‘lsa ham» javob bermasligini bildirdi. Isroil ilgari ham G‘azodagi genotsid ayblovlarini rad etgandi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari natijasida hududda qariyb 63 ming odam halok bo‘lgan. Global ocharchilik monitoring tizimi esa hududda rasman ocharchilik boshlanganini qayd etgan.
Amnesty International kabi ko‘plab huquqiy tashkilotlar allaqachon Isroilni genotsidda ayblagan. BMTning mustaqil eksperti Francheska Albaneze ham bu atamani ishlatgan. Biroq BMTning o‘zi hali «genotsid» so‘zini rasmiy ravishda qo‘llamagan. BMT rasmiysining aytishicha, genotsidni belgilash xalqaro sudlarning vazifasidir.
2023 yilda Janubiy Afrika Isroilning G‘azodagi harakatlariga doir genotsid ishi bilan Xalqaro sudga murojaat qilgan edi. Ammo ishning mohiyati hali ko‘rib chiqilmagan, bu jarayon yillar davom etishi mumkin.
Pekinda Xitoy o‘z kuchini ko‘rsatadi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In kelasi hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga Pekindagi harbiy paradda qatnashadi. In uchun birinchi ko‘p tomonlama xalqaro uchrashuv hisoblangan bu tashrif — Xitoy raisi Si Jinping uchun diplomatik yutuq sifatida talqin qilinmoqda.
Mazkur tadbir Xitoy rahbariga o‘z ta’sirini ham Putinga, ham Kim Chen Inga ko‘rsatish imkonini beradi. Aynan shu paytda esa AQSh Rossiya bilan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp Pekindagi tadbirda qatnashmaydi, biroq u shu hafta boshida KXDR yetakchisi bilan uchrashishni istashini aytdi. Kim esa yadroviy arsenali kengayib borayotgan va Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani sababli G‘arbda xavotir uyg‘otmoqda.
Xitoyning «G‘alaba kuni» paradi Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidagi taslim bo‘lishi va mojaroning tugashiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan nishonlanadi. Unda 26 davlat rahbari, jumladan, Markaziy Osiyo yetakchilari ham ishtirok etadi.
Kutilishicha, Xitoy o‘zining eng yangi qurollarini – yuzlab samolyotlar, tanklar va dronlarga qarshi tizimlarni namoyish qiladi. Shuningdek, mamlakat qurolli kuchlarining yangi tuzilmasi ilk bor to‘liq tarkibda taqdim etiladi. Bu tadbir G‘arb davlatlari va tahlilchilarining alohida e’tiborini tortishi kutilmoqda. Lekin G‘arbdan birorta ham nufuzli siyosatchi bu tadbirga kelishini bildirmagan.
Mers: Putin va Zelenskiy uchrashuvi «chamasi, bo‘lmaydi»
28 avgustga o‘tar kechasi Ukrainaning ko‘plab hududlari, jumladan, Kiyev shahri Rossiya raketa va dron hujumlariga uchragandi. Ushbu hujumning qurbonlari soni 29 avgust tongiga kelib 23 kishi, jumladan, to‘rt nafar bola halok bo‘ldi, 50 dan ortiq odam yaralandi. Rossiya zarbasi oqibatida Kiyevdagi Britaniya Kengashi (British Counsil) binosi ham jiddiy zarar ko‘rdi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi binosi, qurilayotgan Bayraktar zavodi ham zarar ko‘rgan.
Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligi 28 avgust kuni Ukrainaning «Simferopol» razvedka kemasi cho‘ktirilganini ma’lum qildi. Keyinroq Ukraina harbiy-dengiz kuchlari ham holatni tasdiqladi. Rossiya armiyasi uchun bu — ekipajsiz kater (dron) yordamida dushman kemasiga birinchi muvaffaqiyatli hujumdir.
Bu hujumlar – Putin va Zelenskiy o‘rtasida kutilayotgan uchrashuv taqdirini ham savol ostiga qo‘ymoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning so‘nggi hujumi haqidagi xabarni «mamnuniyat bilan qabul qilmagan, ammo ajablanmagan».
«Ehtimol, bu urushning ikkala tomoni ham uni o‘zlari tugatishga tayyor emas. Prezident uning tugashini istaydi, biroq bu ikki mamlakat rahbarlari ham urushni tugatishni istashlari kerak. O‘ylaymanki, prezident bu masala yuzasidan keyinroq qo‘shimcha bayonotlar qiladi», - dedi Oq uy vakili Kerolin Levit.
Germaniya kansleri Fridrix Mers esa Putin va Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv «chamasi, bo‘lmasligini ma’lum qildi».
«Prezident Zelenskiy va prezident Putinning uchrashuvi, xuddi prezident Tramp va prezident Putinning uchrashuvi bo‘lgani kabi amalga oshmaydi», - deya Mersning so‘zlarini keltirmoqda AFP.
Eronga bosim boshlanmoqda
Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya boshchiligidagi E3 davlatlari BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, Eron bo‘yicha BMT sanksiyalarini qayta tiklash imkonini beruvchi «snapback» mexanizmini ishga tushirishni so‘radi.
3 davlat tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonotida aytilishicha, Eron Xalqaro atom energiyasi agentligining nazorat va monitoring faoliyatini cheklamoqda hamda avvalgi kelishuvlarga rioya etishdan voz kechgan. Bu esa Eronga yuklatilgan majburiyatlarning buzilishi sifatida baholanmoqda. Ularning fikricha, Eronning yadro dasturi «xalqaro tinchlik va xavfsizlikka ochiq tahdid» bo‘lib qolmoqda.
E3 davlatlari 30 kunlik muddat davomida Eronga o‘z majburiyatlarini bajarishi yoki muzokaralarni davom ettirish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni, jumladan, Tehron bilan aloqalarni davom ettirishini ma’lum qildi. Agar bu davrda Xavfsizlik Kengashi Eronga sanksiyalarni bekor qilishni uzaytirish haqida qaror qabul qilmasa, ilgari bekor qilingan olti rezolyutsiya avtomatik tarzda kuchga kiradi.
Agar «snapback» mexanizmi ishga tushsa, Eronga qurol embargosini qayta tiklash, yadro kallaklarini tashiy oladigan raketalar ishlab chiqishni taqiqlash kabi o‘nlab cheklovlar qayta joriy etiladi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi esa ushbu qarorni keskin tanqid qildi.
«E3 tomonidan 'snapback'ni ishga solish urinishlari BMT Xavfsizlik Kengashining 2231-sonli rezolyutsiyasiga zid va huquqiy jihatdan haqiqiy emas», - deyiladi bayonotda. Vazirlikning ta’kidlashicha, Yevropa davlatlari «huquqiy ham, axloqiy ham huquqqa ega emas», chunki ular o‘zlari 2015 yilgi yadroviy kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini buzgan.
AQSh va Venesuela keskinligi kuchaymoqda
So‘nggi kunlarda AQSh va Venesuela o‘rtasida keskinlik kuchaydi. Bunga Janubiy Karib dengizi va unga yaqin hududlarda AQSh harbiy-dengiz kuchlarining yirik to‘planishi sabab bo‘lmoqda. AQSh rasmiylari buni Lotin Amerikasi giyohvand moddalar kartellari tahdidiga qarshi yo‘naltirilganini aytmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ma’muriyati uchun giyohvand moddalar kartellariga qarshi kurashni ustuvor maqsad qilgan, bu uning migratsiyani cheklash va AQShning janubiy chegarasini mustahkamlashga qaratilgan siyosatining bir qismi hisoblanadi.
AQShning Sohil qo‘riqlash xizmati va harbiy-dengiz kuchlari odatda Janubiy Karib dengizida faoliyat yuritadi. Reutersʼning yozishicha, bu safargi to‘planish odatdagidan ancha yirik. Payshanba kuni ismi oshkor etilmagan AQSh rasmiysi — yettita jangovar kema va bir yadro quvvati bilan ishlaydigan tezkor hujumchi suvosti kema hozirda mintaqada joylashgani yoki bir hafta ichida yetib kelishini aytgan.
Mazkur yirik harbiy kemalar tarkibida 4 500 harbiy xizmatchi, jumladan, 2 200 dengiz piyoda mavjud. Shuningdek, AQSh harbiylari mintaqada razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun P-8 turdagi josus samolyotlarini uchirmoqda, biroq ular xalqaro hududlarda faoliyat yuritmoqda.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro bu harakatlarni qoraladi. Venesuela payshanba kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga shikoyat qilib, AQShni BMT nizomini buzganlikda aybladi.
«Bu — mutaxassislar 'kinetik harakatʼ deb ataydigan narsani oqlash uchun mo‘ljallangan ulkan propaganda operatsiyasi. Bu esa suveren va mustaqil bo‘lgan, hech kimga tahdid solmaydigan mamlakatga harbiy aralashuvni anglatadi», - dedi Venesuelaning BMTdagi elchisi.
Payshanba kuni Oq uy Trampning «mamlakatga giyohvand moddalar oqib kelishini to‘xtatish uchun AQSh qudratining barcha unsurlaridan foydalanishga tayyor» ekanini bildirdi.
Shuningdek, Maduro hukumati ham narkotrafik guruhlariga qarshi kurashish uchun Kolumbiya bilan chegaradosh hududlarga 15 ming askar yuborishini e’lon qilgan. U har juma va shanba kunlari fuqaroviy mudofaa guruhlarini mashq qilishga chaqirdi.
Mavzuga oid
15:07 / 06.12.2025
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025