Ayollar dunyosi | 18:52 / 29.08.2025
1967
4 daqiqa o‘qiladi

O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan ayollar uchun qo‘llanma: ilk qadamlar, imkoniyatlar va to‘siqlar

Foto: Shutterstock

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayollarning biznes sohasiga kirib kelishi va unda faoliyat olib borishi sezilarli darajada o‘sdi. BMT Taraqqiyot Dasturining 2025 yilga oid hisobotida qayd etilishicha, bugun mamlakatda 2,1 millionga yaqin ayol o‘z shaxsiy biznesini yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan yetti barobarga oshgan.

Mutaxassislar bu o‘sishni quyidagi bir nechta omil bilan izohlamoqda:

  • Davlat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaydi;
  • Pandemiya ko‘p ayollarni o‘zini o‘zi band qilishning yangi yo‘llarini izlashga undadi;
  • Raqamli texnologiyalar va onlayn savdo uyda o‘tirib ham biznes boshlash imkonini berdi.

Moliyaviy to‘siqlar va davlat dasturlari

Shu bilan birga, ayollar uchun tadbirkorlikni boshlashdagi asosiy to‘siqlardan biri — moliyaviy resurslar yetishmasligi hisoblanadi. Bu muammoni yengillashtirish maqsadida davlat bir qator mexanizmlarni joriy etgan.

Jumladan, “Ayollar daftari” orqali tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlarga foizsiz kreditlar, subsidiya va grantlar ajratish tizimi amalda. Bu dastur ko‘plab ayollarning real biznesga qadam tashlashiga turtki bo‘lmoqda.

G‘oya va bozorni tahlil qilish — birinchi qadam

Biznes boshlashda birinchi va asosiy bosqich — g‘oya tanlash va uni bozor talabiga moslashtirishdir. “Startup News 2025” tahlillariga ko‘ra, har qanday biznes g‘oya avval kichik tajriba orqali sinovdan o‘tkazilishi kerak. Agar bu bosqichga e’tibor berilmasa, vaqt va mablag‘ behuda sarflanishi mumkin.

Masalan, yangi ochilgan oilaviy kafe mijozlarni jalb etish uchun nafaqat mazali ovqat, balki boshqalardan ajralib turuvchi servis konsepsiyasiga ega bo‘lishi shart.

Huquqiy savodxonlik: muhim, ammo e’tibordan chetda

BMTning yuqoridagi hisobotida qayd etilishicha, ko‘plab ayollar korxona ro‘yxatdan o‘tkazish, soliq tizimiga moslashish va mehnat qonunchiligini tushunishda qiynalmoqda. Bu esa biznesni boshlash jarayonini sekinlashtirmoqda.

Mutaxassislar ayollar uchun maxsus huquqiy maslahat markazlarini ko‘paytirish, bepul huquqiy yordam xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqda.

Ta’lim va mentorlik: dadil kirishish uchun asos

Biznesda muvaffaqiyatga erishish uchun faqat moliya va huquqiy qo‘llab-quvvatlash yetarli emas. Ayollar uchun qisqa muddatli ta’lim kurslari — marketing, buxgalteriya, raqamli texnologiyalar va boshqaruv bo‘yicha bilim berish — katta ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, mentorlik dasturlari orqali tajribali tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini boshqalar bilan bo‘lishishi ayollar uchun yo‘l-yo‘riq vazifasini o‘taydi.

Raqamli imkoniyatlar — uyda o‘tirib ham biznes qilish mumkin

Bugungi raqamli davrda ayollar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Elektron tijorat, onlayn to‘lov tizimlari, ijtimoiy tarmoqlardagi marketing orqali mahsulot va xizmatlarni keng auditoriyaga yetkazish mumkin.

Xususan, uy sharoitida ishlovchi ayollar o‘z mahsulotlarini internet platformalari orqali sotish, bozorda o‘z o‘rnini topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Ayollarning tadbirkorlikdagi faolligi nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki jamiyatda tenglik va inklyuzivlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bunda davlat siyosatining barqarorligi, ta’lim va maslahat tizimining rivojlanishi, ayniqsa, joylardagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid