Jahon | 22:06 / 29.08.2025
18819
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik «qonundagi o‘g‘ri» Qamchibek Ko‘lboyevning sobiq uyida bolalar bog‘chasi ochildi

Avvalroq, hashamatli qasr sud qarori bilan musodara qilinib, shahar balansiga o‘tkazilgan edi. Mahalliy hokimiyat aholining ehtiyojlarini hisobga olgan holda unda ta’lim muassasalarini joylashtirishga qaror qildi.

Foto: Sputnik

Qirg‘izistonlik «qonunga bepisand o‘g‘ri» Qamchibek Qo‘lboyevning Cho‘lponota shahridagi sobiq uyida bolalar bog‘chasi, tuman ta’lim bo‘limi va bolalar ijodiyoti markazi ochildi.

Avvalroq, hashamatli qasr sud qarori bilan musodara qilinib, shahar balansiga o‘tkazilgan edi. Mahalliy hokimiyat aholining ehtiyojlarini hisobga olgan holda unda ta’lim muassasalarini joylashtirishga qaror qildi.

Ta’kidlanishicha, bularning hammasi 67 sotixli bitta uchastkada joylashgan. «Balastan» bolalar bog‘chasi 100 o‘ringa mo‘ljallangan.

«Kolya-qirg‘iz» laqabli Qamchibek Qo‘lboyev Qirg‘izistondagi eng mashhur kriminal avtoritetlardan biri edi. AQSh razvedka idoralari uni dunyodagi eng yirik narkobaronlar ro‘yxatiga va Qo‘shma Shtatlardagi mol-mulki musodara qilinishi kerak bo‘lgan sobiq SSSR mamlakatlaridan kelgan top-10 jinoyatchi qatoriga kiritgan. Qo‘lboyevni hibsga olish yoki uning uyushgan jinoiy guruhining «moliyaviy oqimini buzish»ga yordam beradigan ma’lumot uchun 5 million dollar mukofot e’lon qilingan edi.

Qo‘lboyev 2023 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlarining maxsus amaliyoti chog‘ida o‘ldirildi. Bir necha kun o‘tgach, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi uning noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan, shu jumladan qarindoshlari va sheriklari nomiga rasmiylashtirilgan aktivlari qiymati 1 milliard dollarga yaqin ekanini ma’lum qildi. Tez orada jinoyatchi va uning yaqinlariga tegishli 720 ta uy sud qarori bilan davlat mulkiga o‘tdi. Mulkning bir qismi kimoshdi savdosiga qo‘yildi.

Mavzuga oid