O‘zbekiston | 23:31 / 29.08.2025
49467
5 daqiqa o‘qiladi

Qonga bo‘yalgan Qamchiq, poraga “dacha” va Qoraqalpog‘iston yo‘llari uchun 233 mln dollar – mahalliy dayjest

Shahidlar xotirasi xiyobonida Qatag‘on qurbonlari yod etildi. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Qoraqalpog‘istondagi yo‘llar uchun 233 mln dollar qarz ajratadi. Texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Poraga dalahovli olishga uringan Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari ushlandi. Avtomobilga gazballon o‘rnatish uchun ruxsatnomani olish jarayoni osonlashdi. Kun.uz yoritgan ushbu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlari yod etildi

29 avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, keksalar hamda ziyolilar yig‘ildi.

Marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Xiyobondagi ramziy qabr yonida Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda ulamo va ziyolilar bilan tarixni o‘rganish va yoshlarga o‘rgatish, mustaqillik va tinchlikni qadrlash haqida muloqot bo‘ldi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Qoraqalpog‘istondagi yo‘llar uchun 233 mln dollar qarz ajratadi

Loyiha doirasida G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu (A380) avtomobil yo‘lining taxminan 87 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 75 kilometrlik yangi aylanma yo‘l (To‘rtko‘l – Ellikqal’a – Beruniy) quriladi.

Loyiha mintaqaviy aloqani yaxshilash, sayohat vaqtini qisqartirish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va mamlakatning g‘arbiy hududlarida transport infratuzilmasining iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishga qaratilgan.

O‘zbekiston 1995 yilda OTB a’zosi bo‘lganidan beri Bank davlat sektoriga umumiy qiymati qariyb 14,3 milliard AQSh dollari miqdorida qarz, grant va texnik yordam ajratgan.

Texnikumlarda yangi o‘quv yili 3 sentabrdan boshlanadi

Respublika kasbiy ta’lim tashkilotlarida 2025-2026 o‘quv yili boshlanish sanasi tasdiqlandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, 9-sinf negizida shakllantirilgan guruhlarda hamda o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim darajalari bo‘yicha 2- va 3-kurs o‘quvchilari uchun dars jarayonlari 2025 yil 3 sentabrdan boshlanadi.

Poraga dalahovli olishga uringan Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari ushlandi

Andijon viloyati, Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari DXX tomonidan qamoqqa olindi.

U baliq yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligida aniqlangan 4,1 mlrd so‘mlik zarar bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritmaslik, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan zarar miqdorini 10 barobarga oshirilgan holda undirish choralarini ko‘rmaslikka va’da bergan. Evaziga fermerga tegishli bo‘lgan Xonobod shahridagi 10 sotixli dalahovlini o‘z qarindoshi nomiga o‘tkazib berishni talab qilgan.

Avtomobilga gazballon o‘rnatish uchun ruxsatnomani olish jarayoni osonlashdi

Endi My.gov.uz orqali onlayn ariza to‘ldirish va uni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga (YHXX) yuborish kerak. Qolgan ishlarni YHXX xodimlari amalga oshiradi.

Ariza ko‘rib chiqilgach natija shaxsiy kabinetga yuboriladi. Xizmat narxi – 123 600 so‘m (0,3 BHM).

Qamchiq dovonidagi dahshatli «avariya»lar

O‘tgan sutka ichida kuni Qamchiq dovonida ikkita ayanchli yo‘l transport hodisasi yuz berib, ularda uch kishi halok bo‘ldi.

A-373 avtomobil yo‘lining Namangan viloyati, Pop tumani hududidan o‘tgan qismida, Vodiy—Toshkent yo‘nalishida Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotgan haydovchi harakat xavfsizligini ta’minlay olmasdan o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan yuk mashinasiga urilib, YTH sodir etgan. Oqibatda Lacetti yo‘lovchisi og‘ir tan jarohati bilan vafot etgan. Ikkinchi yo‘lovchi esa shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, ushbu hududda soat 8:39 larda Cobalt’ni boshqarib ketayotgan haydovchi boshqaruvni yo‘qotib o‘zi bilan bir yo‘nalishda yo‘lning o‘ng tomonida harakatlanib ketayotgan yuk mashinasining orqa qismiga va yo‘lning o‘ng tomonida harakatlanib ketayotgan yana bir yuk mashinasiga urilgan. Oqibatida ikki yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari bilan vafot etgan.

Har ikki holat yuzasidan Pop tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid