Ayollar dunyosi | 18:58 / 30.08.2025
2972
3 daqiqa o‘qiladi

Jamiyatda ayollarning o‘rni: maoshlar tengsizligi, internetdagi bosimlar va siyosatdagi ishtirok haqida

Jamiyatda o‘z ovoziga ega bo‘lish, iqtisodiy va siyosiy hayotda faol ishtirok etish bugungi kunda ayollar uchun nafaqat shaxsiy rivojlanish masalasi, balki butun mamlakat taraqqiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omilga aylandi. Lekin bu yo‘l oson emas: faol bo‘lishni istagan ayollar ko‘pincha ijtimoiy bosim, stereotiplar va tengsizliklarga duch kelishi mumkin.

Foto: Norma.uz

Xalqaro moliya tashkilotlari, jumladan Jahon banki, ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki faqatgina ijtimoiy tenglik masalasi emas, balki iqtisodiy barqarorlik va o‘sish uchun ham muhim omil ekanini ta’kidlab keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar ayollar erkaklar bilan bir xil darajada mehnat bozorida qatnashsa, O‘zbekiston yalpi milliy daromadi qariyb 29 foizga ko‘payishi aytiladi. Bu nafaqat statistik ko‘rsatkich, balki butun jamiyat farovonligiga ta’sir qiladigan iqtisodiy imkoniyatdir.

Ammo real vaziyat bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini ko‘rsatmoqda: ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki 40 foiz atrofida, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 72 foiz. Bunday tafovutning sabablari turlicha: bir tomondan, ayollar ko‘proq norasmiy sektorda ishlashi va ularning mehnati rasmiy statistikaga kiritilmasligi mumkin. Ikkinchi tomondan esa, ular ko‘pincha past maoshli yoki ijtimoiy himoyasi zaif bo‘lgan sohalarga yo‘naltiriladi. Xalqaro Mehnat Tashkilotining tahlillarida qayd etilishicha, ayollarning o‘rtacha ish haqi erkaklarnikidan 25–35 foiz past. Ya’ni ayollar hatto bir xil malaka va mehnat sarflagan taqdirda ham erkaklar bilan teng haq olmaydi. Bu esa ularning iqtisodiy mustaqilligini cheklab qo‘yadi.

Ayollarning faol ishtirokini cheklayotgan muammolardan yana biri bu onlayn tahqir va ijtimoiy bosimdir. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayollar internetda erkaklarga qaraganda ko‘proq tahdid va haqoratga duch keladi. Ularda ko‘pincha tajovuzkor izohlar, haqoratlar, jinsiy tahdidlar va hatto doxing (ya’ni shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish) xavfi mavjud. Bunday holatlar ularning o‘z fikrini erkin bildirishdan qo‘rqishga, ba’zan esa jamiyatdagi faolligini sezilarli darajada kamaytirishiga olib keladi.

Bugungi kunda siyosiy maydonda ham o‘zgarishlar sezilmoqda. So‘nggi yillarda parlamentning quyi palatasida ayollar ulushi 33 foizga yetgani ijobiy natija sifatida ko‘riladi. Bu xalqaro standartlar bilan solishtirganda yomon emas, biroq muammo shundaki, ko‘plab hollarda bu raqamlar faqatgina statistik ko‘rsatkich sifatida qolib ketishi mumkin. Asosiy savol shuki, ayollar qaror qabul qilish jarayonida haqiqatan ham ta’sir kuchiga egami yoki yo‘q?

Ayollarning jamiyatda faol bo‘lishi ikki tomonlama ta’sir qiladi. Bir tomondan, bu iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi, siyosiy qarorlarni yanada adolatli qiladi va ijtimoiy muammolarga kengroq yechim topishga yordam beradi. Bugungi kunda ayollar faolligini oshirish nafaqat gender tengligi, balki umumiy taraqqiyot uchun ham zarur.

Mavzuga oid