Jahon | 14:03 / 30.08.2025
1359
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainada yevropaliklar ukrainalik askarlarni tayyorlashi masalasini muhokama qilyapti

Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarini Yevropa Ittifoqi instruktorlari tomonidan o‘qitish, Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolangan taqdirda Ukraina uchun g‘arb xavfsizlik kafolatlarining bir qismiga aylanishi mumkin.

Foto: Thomas Traasdahl/Ritzau Scanpix Denmark/REUTERS

Yevropa Ittifoqida Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik bitimi tuzilgan taqdirda Ukraina Qurolli kuchlari harbiylarini Ukrainaning o‘zida tayyorlash g‘oyasi «keng qo‘llab-quvvatlanmoqda». Bu haqda 29 avgust, juma kuni YeI mudofaa vazirlarining Kopenhagendagi norasmiy uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ma’lum qildi. Bu qadam, Kallasga ko‘ra, g‘arbning Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari bir qismiga aylanishi mumkin. Yevropa Ittifoqining harbiy tayyorgarlik missiyasi kengayishi, shuningdek, Ukrainadagi harbiy akademiyalar va boshqa ta’lim muassasalarida yevropalik instruktorlarning ishini ham istisno etmaydi.

Shu kungacha 80 mingdan ortiq ukrainalik askarlar Yevropa Ittifoqida o‘qitildi, deb xabar beradi AFP. Kallas potensial tinchlik shartnomasidan so‘ng Ukrainaga instruktorlar yuborish tarafdori bo‘lgan davlatlar nomiga aniqlik kiritmadi.

O‘z navbatida, Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari Pavel Zalevskiy Kopenhagendagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha Varshava «hali ham Ukrainaga qo‘shin jo‘natish va quruqlikdagi operatsiyada qatnashish niyatida emasligi», lekin Ukrainada tinchlikparvar qo‘shinlar bazasi bo‘lishga, logistika ta’minotini tashkil etishga va Ukraina osmonini himoya qiladigan samolyotlar uchun aerodromlar berishga tayyorligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid