Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yillik inflatsiya 8,8 foizga tushgani ma’lum qilindi
Avgust oyida oziq-ovqatlar 0,6 foizga, nooziq tovarlar va xizmatlar esa 0,3 foizga qimmatlashdi, deya ma’lum qildi Statistika agentligi. Yillik inflatsiya 8,8 foiz, xizmatlar sektorida esa 16,2 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi bir yilda Farg‘ona viloyatida narxlar boshqa hududlarga nisbatan sezilarli tez ko‘tarilgan.
Farg‘ona shahridagi dehqon bozori / Foto: Yandex-xaritalar
Avgust oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda yillik inflatsiya 8,8 foizga baholandi. Statistika agentligiga ko‘ra, o‘tgan oyda iste’mol narxlari o‘rtacha 0,4 foizga oshgan.
Meva-sabzavot narxlaridagi o‘zgarishlarni inobatga olmaganda, yillik inflatsiya 9,4 foizni tashkil etmoqda.
Avgustda oziq-ovqat mahsulotlari 0,6% (yillik 6,7%)ga, nooziq-ovqat tovarlar 0,3% (6,6%)ga, xizmatlar ham 0,3% (16,2%)ga qimmatlashdi.

Oziq-ovqatlar
Avgust oyida tuxum 2,7 foizga qimmatlashdi (yillik nisbatda –6,6 foizga arzonlashgan). Go‘sht mahsulotlaridan tovuq boldiri va son qismlari 2,1% (yillik 5,8%), qo‘y go‘shti 1,4% (28,5%), suyaksiz mol go‘shti 0,7% (25,7%), suyakli mol go‘shti 0,2% (24,9%)ga qimmatlashdi.
“Respublika bozorlarida mol go‘shtining arzonlashtirilgan narxlarda (1 kg uchun 65 000-75 000 so‘m oralig‘ida) faol sotilishi o‘rtacha narxlar darajasiga ta’sir ko‘rsatdi va go‘sht narxining indeksi keskin oshib ketmasligiga sabab bo‘ldi”, – deyiladi Statistika agentligi izohida.
Avgust oyida narxi tushgan asosiy oziq-ovqatlar quyidagilar: guruch –0,1% (yillik –17,2%), suli yormasi 0,2% (3,6%), oliy navli bug‘doy unidan tayyorlangan non 0,2% (2,1%), karamel konfetlar 0,2% (3,4%) va ugra 0,4% (3,5%) arzonlashdi.
Meva-sabzavotlar
Meva-sabzavot orasidan eng sezilarli o‘zgarish 28,7 foizga (yillik 9,9%) qimmatlashgan tarvuzda kuzatildi. Qovun 11,7% (3,7%)ga, karam 11,4% (46,5%)ga, kartoshka 3,5% (32,0%)ga, banan narxlari 2,8% (-7,0%)ga oshdi.
Narxi eng ko‘p arzonlashgan mahsulot esa momidor bo‘ldi: 16,8% (-34,7%). Shuningdek, oy davomida uzum 5,4% (-39,5%)ga, baqlajon 4,3% (-12,4%)ga, bodring 3,1% (-15,3%)ga, sabzi 3,1% (69,1%)ga, bulg‘or qalampiri 2,8% (-16,0%)ga, piyoz 2,3% (40,1%)ga, olma narxlari 1,0% (-16,6%)ga tushishi kuzatildi.
Chiqindi, kommunal va ta’mirlash
2025 yil avgust oyidan boshlab, Buxoro viloyatida maishiy chiqindilarni olib ketish va Xorazm viloyatida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish xizmatlari tariflari oshdi. Ko‘rsatilgan xizmatlarning oylik iste’mol indeksi respublika bo‘yicha mos ravishda 103,0% va 100,3% ni tashkil etdi.
Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar oy davomida 0,4% ga oshdi.
Davolanish
Oy davomida dori vositalari narxi 0,2 foizga oshib, yillik qimmatlashish 8,1 foizga teng bo‘ldi.
Ambulator davolash xizmatlari avgustda 0,4 foizga, yillik 9,7 foizga ko‘tarildi.
Sog‘liqni saqlashning boshqa xizmatlari bir oyda 0,6 foizga, bir yilda 11,6 foizga oshgan.
Transport
Statistika agentligiga ko‘ra, oy davomida benzin 3,1 foizga, xususan AI-80 benzini 4,6 foizga qimmatlagan. Benzin narxi oxirgi bir yilda 11,1 foizga ko‘tarilgan.
Propan narxi esa o‘tgan oyda 0,6 foizga, yillik nisbatda 93,9 foizga oshdi.
Avgustda metan narxida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi, hozirgi narx o‘tgan yilning avgustiga nisbatan 31 foizga yuqori.
Avtoturargoh xizmatlari o‘rtacha 0,7% (13,6%)ga, haydovchilikka tayyorlash kurslari 1,6% (71,3%)ga, shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari 0,6% (11,7%)ga qimmatlashdi.
Yo‘lovchi tashish xizmatlari avgust oyida 0,1 foizga arzonlashdi. Izohlanishicha, bu – kuzatuvga tanlab olingan uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlar va samolyot chiptalarining narxlari pasayishi va milliy valutaning mustahkamlanishi bilan bog‘liq.
Inflatsiya hududlar kesimida

Avgust oyida narxlarning eng ko‘p oshishi (0,7%) Buxoro viloyatida kuzatildi.
Yillik inflatsiya esa Farg‘onada eng yuqori: 9,7 foiz. Oxirgi bir yilda boshqa hech bir hududda pulning qadrsizlanishi 9 foizga ham yetmagan.
Xususan, poytaxt Toshkentdagi yillik inflatsiya 8,7 foizni tashkil etmoqda.
Mavzuga oid
11:24 / 01.12.2025
Noyabr oyi: iste’mol narxlari o‘sdi, biroq inflatsiya bosimi susaymoqda
09:18 / 19.11.2025
O‘zbekistonda inflatsiyani yangi uslubda hisoblashga o‘tiladi
18:33 / 12.11.2025
2026 yilda inflatsiya darajasini 7 foizgacha tushirish reja qilinmoqda
10:00 / 08.11.2025