O‘zbekiston | 15:00 / 02.09.2025
31685
2 daqiqa o‘qiladi

120 tonnalik minorani yiqitgan olov: “O‘zbekneftgaz”gaz qudug‘idagi avariya qanday jilovlangani haqidagi videoni namoyish qildi

26 iyul kuni Mo‘ynoq tumanidagi 1-son quduqda yuz bergan avariya O‘zbekiston konchilik tarixida eng og‘ir sinovlardan biri bo‘ldi. Katta bosimda yonayotgan gaz shu qadar kuchli ediki, 120 tonnalik ulkan minorani bir kunda mumday eritdi. Atrofni minglab gradus issiqlik qamrab olgan, olovning o‘kirishi quloqni qomatga keltirar, quduq esa go‘yo Yer yuzidagi jahannamga aylandi.

Metin iroda sohiblari olovning qahriga yuzma-yuz turib, temirdan kuchli jasorat va sabr bilan kurashdilar. Oqibatda jahannam olovi bir oy deganda inson talafotisiz jilovlandi, xavf esa bartaraf etildi.

Bir oy davom etgan mashaqqatli ishlarga 400 dan ortiq mutaxassis va yuzdan ziyod texnika jalb etildi. Quduq og‘zidagi 120 tonnalik minora qoldiqlari va yuzlab tonna metall konstruksiyalar olib tashlandi, 10 ming kub metrlik suv hovuzlari qazildi, maxsus robot texnologiyalari ishga solindi.

Jarayonda xorijiy ekspertlar, mutaxassislar ham maslahatchi sifatida ishtirok etdi. Yakunda quduq muvaffaqiyatli jilovlandi va O‘zbekistonda ilk bor  5000 metr chuqurlikdan gaz olish amaliyoti amalga oshirildi.

Mutasaddilarga ko‘ra, bu voqea nafaqat energetikada, balki butun mamlakat tarixida muhim burilish sifatida yodda qoladi.

Haqiqiy voqelik asosida “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan “Ortga qaytmas islohotlar” nomli film quduqda bo‘lgan avariya va uni jilovlash ishlariga bag‘ishlanadi. Filmni ko‘ring, bugunning qahramonlarini siz ham bilib oling.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid