Moliya | 22:49 / 02.09.2025
5066
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda 800 dollargacha bo‘lgan tovarlarga ham boj solish tartibi to‘liq kuchga kirdi

Qo‘shma Shtatlarda 2 maydan boshlab Temu va Aliexpress kabi marketpleyslar orqali buyurtma qilingan, qiymati 800 dollardan oshmaydigan Xitoy tovarlari uchun bojsiz rejim bekor qilingan edi. 29 avgustdan e’tiboran, bunday tartib nafaqat Xitoy, endi barcha mamlakatlardan yuborilgan jo‘natmalar uchun amal qila boshladi.

Foto: AP

AQSh prezidenti iyul oyi oxirida imzolagan farmon bilan, 29 avgustdan boshlab “de minimis” tarif imtiyozi tugatildi.

“De minimis” imtiyozi – AQShga kirib keluvchi, qiymati 800 dollar yoki undan kam bo‘lgan jo‘natmalarni bojdan ozod qilishni nazarda tutardi.

Bu imtiyoz tugatilishi bilan, endi Qo‘shma Shtatlarga yuboriladigan har qanday qiymatdagi jo‘natmalar uchun boj hisoblanadi. Boj stavkasi jo‘natuvchi davlatning tovarlariga nisbatan o‘rnatilgan tariflarga asosan, 10 foizdan 50 foizgacha bo‘lishi mumkin.

Natijada, 30 dan ortiq davlatning pochta operatorlari AQShga jo‘natmalarning ayrimlari yoki aksariyatini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Ularga yangi tartibga moslashish uchun vaqt kerak.

Prezident Donald Tramp avvaliga “de minimis” imtiyozini 2 maydan boshlab Xitoy va Hongkongdan keladigan jo‘natmalar uchun bekor qilgandi va bu – Shein, Temu yoki Aliexpress kabilardan tovar buyurtma beradigan amerikaliklar cho‘ntagiga zarba bo‘lgandi. Mana endi, 29 avgustdan e’tiboran, dunyoning barcha mamlakatlaridan AQShga kirib borgan kichik jo‘natmalar ham soliqqa tortiladi.

Qayd etish kerak, o‘tgan oylarda Shein va Temu kompaniyalari AQShda taqsimot markazlarini ochib, xarajatlarning bir qismini kamaytirishga muvaffaq bo‘lishgan.

“De minimis” – lotincha atama bo‘lib, “eng arzimas narsalar haqida” degan ma’noni anglatadi. AQShda shu nom bilan ataluvchi tartib 1938 yilda joriy qilingan bo‘lib, o‘shanda mayda-chuyda summadagi bojlarni hisoblash va undirish – bojxona xodimlarining vaqt ketkazishiga arzimaydi degan qarorga kelingan.

AQSh bojxona xizmatiga ko‘ra, o‘tgan yili “de minimis” qoidasiga binoan boj to‘lamasdan mamlakatga qariyb 1,4 milliard jo‘natma kirib kelgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 64 milliard dollardan oshgan.

Donald Tramp ham, undan oldin prezident bo‘lgan Jo Bayden ham bu siyosatni tanqid qilib, u sabab AQSh ishlab chiqaruvchilari zarar ko‘rayotganini iddao qilgan. Ular, shuningdek, bu imtiyoz noqonuniy tovarlar, jumladan fentanil kabi giyohvand moddalar kontrabandasida ham ishlatilayotganini aytgan.

Mavzuga oid