Ayollar dunyosi | 20:58 / 02.09.2025
3785
4 daqiqa o‘qiladi

“Eshitdim, sinadim, afsuslandim”: Ayollar uchun fakt-cheking nega muhim?

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda turmush tarzidan tortib sog‘liq va go‘zallikka oid bo‘lgan turli maslahatlar osongina tarqalmoqda. Ayniqsa, ayollar ko‘proq shunday kontent iste’molchilari qatorida bo‘lishgani bois yolg‘on yoki asoslanmagan ma’lumotlarning salbiy oqibatlarini eng avvalo ular boshdan kechirishadi.

Foto: Shutterstock

Afsuski, ayrim “maslahatlar” orqasida na ilm, na tajriba turadi — lekin ular ko‘pchilikni ishonishga majbur qiladi. Nima uchun? Chunki ular hissiyotga o‘ynaydi, shoshilinch “yechim” taklif qiladi va go‘yoki tajribadan o‘tgandek ko‘rinadi.

Qanday yolg‘onlar ko‘p uchrayapti?

Ayollarni ko‘proq jalb qiladigan kontentlar orasida quyidagi noto‘g‘ri ma’lumotlar tez uchraydi. Masalan:

“Bir haftada 10 kilo vazn yo‘qotish”, “Faqat limonli suv bilan semizlikka tamomila barham bering” — bunday sarlavhalar jozibali tuyulsa-da, aksariyat hollarda salomatlikka xavf tug‘diradi. Shoshilinch ozish sog‘liqqa zararli ekanini ongli ravishda bilamiz.

“Asal va sut terini 5 yilga yoshartiradi”, “Yuzingizga limon surting, oqaradi” — go‘zallik borasidagi bu kabi maslahatlarning ko‘pchiligi ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan. Ayrim hollarda esa aks ta’sir beradi.

“Bu o‘simlik damlamasi shifo beradi”, “Dorini asal bilan aralashtirib iching” — xalq tabobatiga oid bu kabi maslahatlar, ayniqsa vrach tavsiyasisiz qo‘llansa, organizmga zarar yetkazishi mumkin.

Fakt-cheking: yolg‘ondan saqlovchi oddiy qadamlar

Siz buning uchun mutaxassis bo‘lishingiz shart emas. Ammo quyidagi oddiy odatlarni hayotingizga kiritish orqali yolg‘on ma’lumotlardan o‘zingizni himoya qila olasiz:

1. Manbani ko‘ring. “Bu ma’lumot qayerdan kelgan?” degan savolni o‘zingizga bering. Rasmiy manbami? Mutaxassis fikrimi? Yoki shunchaki shaxsiy blogmi? Masalan, sog‘liq borasidagi maslahatlarni JSST (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti) yoki Sog‘liqni saqlash vazirligi kabi ishonchli saytlarda tekshirib ko‘ring.

2. Mutaxassis fikrini izlang. Agar sizga limon kislotasi terini oqartiradi deyishsa, dermatolog bu masalada nima deyishini tekshirib ko‘ring. Chunki ayrim “uy sharoitidagi” tajribalar terini kuydirishi yoki allergiya keltirib chiqarishi mumkin.

3. Bir nechta manbani solishtiring. Agar biror maslahat yoki “yangilik”ni faqat bir joyda ko‘rgan bo‘lsangiz — bu uni to‘g‘ri qiladi degani emas. Kamida ikki-uchta manbadan izlang.

4. Emotsiyaga aldanmang. “Bugun iching — ertaga yosharib ketasiz!”, “Bu usulni sizdan yashirishgan!” — bu kabi jumlalar aynan hissiyotga bosim o‘tkazish uchun yaratilgan. Bu sarlavhalarni ko‘riboq shubhalanishingiz kerak.

5. Rasm va videoni tekshiring. Ba’zan yolg‘on xabarlar aynan video yoki rasm bilan birga chiqadi. Ular esa boshqa voqeaga oid bo‘lishi, hatto montaj bo‘lishi mumkin. Google Reverse Image Search, TinEye yoki InVID kabi vositalar orqali foto-videolarni tekshirishingiz mumkin.

Soxta maslahatlarning narxini sog‘lig‘ingiz bilan to‘lashingiz mumkin

Bir qarashda oddiydek tuyulgan tavsiya hayotingizda jiddiy muammolarni boshlashi mumkin. Ayniqsa, sog‘liq, teri, ovqatlanish, gormonal muvozanat kabi murakkab mavzularda har bir ayol fakt-cheking madaniyatini o‘zlashtirishi zarur.

Chunki ayollar o‘zlariga qanchalik ehtiyotkor bo‘lishsa — oilasi, farzandlari va atrofdagilar uchun ham shunchalik sog‘lom muhit yarata oladi.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid