Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyda yangragan bayonotlar, G‘azoda davom etayotgan genotsid va Afg‘onistondagi dahshatli zilzila – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroilning G‘azodagi genotsidi
500 a’zodan iborat Xalqaro Genotsid tadqiqotchilari uyushmasi a’zolarining 86 foizi ovoz berib, Isroilning «G‘azodagi siyosat va harakatlari» 1948 yildagi BMTning genotsid to‘g‘risidagi konvensiyasida belgilangan huquqiy ta’rifga mos kelishini e’tirof etuvchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi.
Uch sahifalik rezolyutsiya Isroilni «falastinliklarga qarshi genotsid, urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlardan iborat barcha harakatlarni darhol to‘xtatishga» chaqiradi.
«Bu genotsid tadqiqotlari sohasidagi mutaxassislardan aniq bayonotdir: G‘azoda sodir bo‘layotgan voqea — genotsid. Urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar yoki genotsid sodir etishga hech qanday asos bo‘lishi mumkin emas, hatto o‘zini himoya qilish ham», dedi uyushma prezidenti, xalqaro huquq professori Melani O'Brayan
Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa bayonotni sharmandali va «butunlay Hamasning yolg‘onlariga asoslangan» deb atadi.
Ayni shu kunlarda ham Isroil tanklari G‘azo shahriga yanada chuqurroq kirib bormoqda. Xususan, dushanba kuni Isroil tanklari portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashinalarni portlatdi, havo hujumlari esa kamida 19 kishini o‘ldirdi.
Aholi vakillarining Reutersʼga aytishicha, Isroil kuchlari aholi zich yashaydigan shayx Radvon mahallasining sharqiy qismlariga eski zirhli mashinalarni yuborgan va keyin ularni masofadan portlatib yuborgan. Natijada bir nechta uy vayronaga aylanib, ko‘proq oilalar qochishga majbur bo‘lgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida butun anklav bo‘ylab isroilliklarning hujumlaridan kamida 98 falastinlik halok bo‘lganini bildirdi. Yana 9 kishi, jumladan uch bola so‘nggi bir kun ichida oziq-ovqat yetishmasligi va ochlikdan vafot etgani aytildi.
Isroil mudofaa vazirligiga ko‘ra, berilgan zarbalar oqibatida HAMAS harbiy qanoti — Al-Qassam brigadalari so‘zchisi Abu Ubayda ham halok bo‘lgan. Falokatli hujum 30 avgust kuni G‘azo shahrining Rimal mahallasida bo‘lgan. Hamas ushbu voqea yuzasidan hali hech qanday rasmiy izoh bermadi.
Abu Ubayda nomi bilan mashhur bo‘lgan 40 yoshli Huzayfa Abdulloh al-Kahlout ko‘p yillar davomida Hamas roliklarida harbiy kiyimda va yuzini yashirgan holda paydo bo‘lgan. Ubayda o‘zining so‘nggi bayonotini 29 avgust kuni Isroil armiyasi G‘azoga yangi hujum uyushtirganida berib, shahar hududini «xavfli jangovar hudud» deb e’lon qilgandi.
Afg‘onistonda kuchli zilzila: 812 kishi halok bo‘ldi
1 sentabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston sharqida ro‘y bergan zilzila 812 kishining hayotdan ko‘z yumishiga olib keldi. Yana 2800 nafardan ortiq inson jarohatlangan. Bu haqda «Tolibon» hukumati rasmiysi Zabihullo Mujohid ma’lum qildi. Vayronalar ostidan omon qolganlar qidirilmoqda.
«Mahalliy rasmiylar va aholi jabrlanganlarni qutqarish uchun hamma choralarni ko‘ryapti. Poytaxtdan va atrof viloyatlardan yordam guruhlari allaqachon yo‘lda. Insonlarni qutqarib olish uchun barcha resurslar yo‘naltiriladi», – deya yozdi Mujohid.
«Tolibon» Sog‘liqni saqlash vazirligi 6 magnitudali zilzila keltirgan vayronalarni bartaraf etish uchun xalqaro yordam chaqirdi. «Bizga yordam kerak, chunki bu yerda juda ko‘p odamlar hayotini va uyini yo‘qotdi,» dedi u.
Qutqaruvchilar Pokiston chegarasi bo‘ylab mobil aloqadan uzilib qolgan, tog‘ yonbag‘rida loy g‘ishtdan qurilgan uylari joylashgan olis hududlarga yetib borishga urinmoqda.
«Zilzila sodir bo‘lgan hududda oxirgi 24–48 soatda kuchli yomg‘ir yog‘di, shu sabab ko‘chki va toshlarning qulash xavfi ham ancha yuqori, ko‘plab yo‘llardan o‘tib bo‘lmaydi», dedi BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish idorasi xodimi. Rasmiylarning aytishicha, qutqaruv jamoalari yakkalangan hududlarga yetib borgach, qurbonlar soni ortishi mumkin.
Xitoy va Hindiston o‘z yordamlarini yuborishga tayyorligini bildirdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh BMTning Afg‘onistondagi missiyasi zilziladan talafot ko‘rgan hududlardagi odamlarga yordam tayyorlayotganini aytdi.
Yevrokomissiya rahbari samolyotining GPS signali o‘chirib qo‘yildi
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning samolyoti Bolgariyaga qo‘nayotganda GPS so‘ndiruvchi tizimlar ta’siriga tushib qoldi. CNN xabariga ko‘ra, hodisa 31 avgust kuni sodir bo‘lgan. Vaziyatdan xabardor manbaning so‘zlariga ko‘ra, navigatsiya tizimlari ishdan chiqqan va uchuvchilar qog‘oz xaritalardan foydalanishga majbur bo‘lgan.
«Aeroport atrofidagi butun hudud GPS signalisiz qoldi. Bir soatlik aylanishdan so‘ng uchuvchi samolyotni qo‘lda qo‘ndirishga qaror qildi. Bu so‘zsiz aralashuv edi», dedi suhbatdoshlardan biri.
Financial Times 'ning yozishicha, hodisa Rossiyaning aralashuv operatsiyasi sifatida baholanmoqda. Bolgariya havo harakatini boshqarish xizmati hodisa faktini tasdiqladi.
2022 yil fevral oyidan boshlab mintaqada GPS signallarini o‘chirish va simulyatsiya qilish holatlari sezilarli darajada oshgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov FT'ga bergan izohida ayblovlarni rad etdi.
Tramp o‘limi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi
AQSh prezidenti Donald Tramp sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lganidan so‘ng Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida o‘zini har qachongidan ham yaxshiroq his qilayotganini yozdi. «Hayotimda hech qachon o‘zimni bunchalik yaxshi his qilmaganman», dedi u.
Bungacha Axios nashri Oq uyning yuqori martabali mulozimi bayonotiga tayanib Donald Tramp mutlaqo sog‘lom ekanini ma’lum qilgandi.
29 avgust kuni AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vens agar Donald Trampga nimadir bo‘lsa, davlat rahbari bo‘lishga tayyorligini aytdi. Bu bayonot G‘arb ijtimoiy platformalarida faol muhokama qilindi. So‘nggi vaqtlarda Trampning qo‘lida ko‘ringan qora dog‘lar vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Shundan so‘ng, Trampning o‘limi haqidagi juda katta feyk axborotlar oqimi tarqaldi. Oq uy bu xabarlarni rad etib chiqishga majbur bo‘ldi.
Xitoyda yirik diplomatik kun
31 avgust–1 sentabr kunlari Tianjin shahrida Xitoy raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotining 25-sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyoning asosiy kuchlari Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Rossiya yetakchisi qatnashdi. Turkiya prezidenti mehmon sifatida keldi.
Xitoy yetakchisi Si Jinping «sovuq urush tafakkuriga qarshi» chiqdi, ko‘p qutblilikni urg‘uladi. ShHT doirasida AI bo‘yicha hamkorlik va grant/qarz paketlarini e’lon qildi. Putin G‘arb boshchiligidagi tartibga muqobil «Yevrosiyo xavfsizlik arxitekturasi»ni targ‘ib qildi, o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valutalar ulushini oshirishni qo‘llab-quvvatladi.
Modi uchun bu — 2018 yildan keyingi ilk Xitoy safari bo‘ldi. OAVga ko‘ra, sammit yakunida «Tianjin deklaratsiyasi» va rekord miqdorda paket hujjatlar imzolandi. Ular qatoriga sun’iy intellekt xavflariga qarshi birga ishlash, harbiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish va har bir davlatning internetini tartibga solishda suveren boshqarish huquqi qo‘llab-quvvatlandi.
Global mavzularda bayonotlar berildi: G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar yordam va «adolatli siyosiy yechim»ga chaqiriqlar aks etdi. «Yevrouchlik» tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining Eronga qarshi sanksiyalarini tiklash tashabbusi rad etilib, uning noqonuniy ekani qayd etildi.
Global Sumid Flotilliyasi G‘azoga yo‘l olmoqda
50 dan ortiq kema Isroilning noqonuniy qamali qarshisiga chiqish va shoshilinch insonparvarlik yordamini yetkazish uchun G‘azoga yo‘l olyapti. Dunyo bo‘ylab flotiliya — G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan odamlarga yordam yetkazishga qaratilgan xalqaro dengiz tashabbusi — yakshanba kuni suzib chiqqanidan so‘ng yomon ob-havo tufayli orqaga qaytishga majbur bo‘lgan.
Tashkilotchilar bayonotida aytilishicha, xavfli ob-havo sharoitlari, jumladan, 55,5 km/soat oshadigan kuchli shamol tufayli bortdagilar xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yib, portga qaytishga qaror qilingan.
Birinchi karvon, o‘nlab kichik fuqarolik kemalaridan iborat bo‘lib, ularning bortida faollar, insonparvarlik xodimlari, shifokorlar, dengizchilar va yordam yuklari bor edi. Ular 31 avgust kuni Ispaniya portlaridan suzib chiqib, 4 sentabr kuni Tunisda ikkinchi to‘lqin bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, Global Sumid Flotilliyasi G‘azoga qaratilgan eng yirik dengiz missiyasidir, 50 dan ortiq kema, kamida 44 mamlakatdan delegatsiyalarni birlashtiradi.
2007 yildan beri Isroil G‘azoning havo hududi va suv hududlarini qattiq nazorat qilib kelmoqda, tovarlar va odamlarning harakatlanishini cheklab qo‘ygan. Urushdan avval ham G‘azoda ishlaydigan aeroport yo‘q edi, chunki Isroil 2001 yilda G‘azo xalqaro aeroportini bombardimon qilib, uni vayron etgan.
Insonparvarlik va fuqarolik flotiliyalari odatda xalqaro tashkilotlar himoyasi ostida faoliyat yuritadi va dengiz qonunlari bilan boshqariladi. Lekin, Isroil xalqaro huquqiy himoyaga qaramay oldingi yordam kemalarini ham ushlab, ortga qaytarib yuborgan.
Mavzuga oid
15:07 / 06.12.2025
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025