Jahon | 14:03 / 03.09.2025
9944
11 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressidagi «nazoratni» yo‘qotgan Isroil, Ukraina dronlar galasining muvaffaqiyati va Ozarboyjondan navbatdagi yurish – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Belgiya Falastinni tan oladi

Belgiya shu oyda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasida Falastin davlatini tan oladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Maksim Prevot ma’lum qildi.

«Bu Isroil xalqini jazolash haqida emas, balki uning hukumati xalqaro va humanitar huquqqa rioya qilishi hamda vaziyat joyida ijobiy tomonga o‘zgarishi uchun harakat qilish haqida», deydi vazir.

Shuningdek, Belgiya milliy darajada 12 ta qat’iy sanksiya joriy qiladi. «Ular jumlasiga quyidagilar kiradi: mustamlakalardan keladigan mahsulotlarni import qilishni taqiqlash, isroillik kompaniyalar bilan davlat xarid siyosatini qayta ko‘rib chiqish, xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy mustamlakalarda yashayotgan belgiyaliklarga konsullik yordamlarini cheklash, sud ta’qiblari ehtimoli, uchish va tranzitga taqiq, mamlakatda ikki ekstremistik isroillik vazirni, bir necha zo‘ravon ko‘chmanchilarni va Hamas rahbarlarini «persona non grata» ro‘yxatiga kiritish…»

Bundan tashqari, Belgiya Yevropa darajasida Isroil bilan hamkorlikni to‘xtatishga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlaydi. «Buning uchun malakali ko‘pchilik ovozi kerak bo‘ladi. Bunga Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya bitimini to‘xtatish, ilmiy-tadqiqot dasturlarini, texnik hamkorlikni to‘xtatish va hokazolar kiradi».

OAVning yozishicha, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari shanba kuni Kopengagenda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda G‘azo urushi bo‘yicha ikkiga bo‘lingan: ba’zilari Ittifoqni Isroilga jiddiy iqtisodiy bosim o‘tkazishga chaqirdi, boshqalari esa bunday choralarni qat’iy rad etdi.

Prevotning aytishicha, Belgiya Isroil hukumati va Hamasga bosimni kuchaytirish qarorini qabul qildi. G‘azodagi urushi uchun tobora ko‘proq xalqaro tanqid ostida qolayotgan Isroil esa yevropalik ittifoqchilarining Falastin davlatini rasman tan olish va’dalaridan g‘azabda.

Ukraina dronlari

Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi dronlar yordamida Rossiya bosib olgan Qrimdagi Gvardeyskoye aerodromida Rossiyaning ikkita MI-8 vertolyoti yo‘q qilinganini xabar berdi.

Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanishdan chiqarilgan vertolyotlarning taxminiy narxi 20 milliondan 30 million dollargacha. Bundan tashqari, Sevastopol ko‘rfazida buksir kateri — ehtimol BUK-2190 yo‘q qilingan.

Reydli buksir suvosti diversion kuchlar va vositalarning bir qismidir (razvedkachi g‘avvoslar bo‘linmasi). «Buksirning shikastlanishi elita rus bo‘linmasining jangovar imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi», - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Ukraina armiyasi dunyoda birinchi bo‘lib dronlar galasining jang maydonida harakatlarini muvofiqlashtirish uchun sun’iy intellektdan foydalana boshlagani xabar berilmoqda.

Harbiy ekspertlarning aytishicha, bunday texnologiya dron urushi evolyutsiyasining keyingi bosqichi hisoblanadi. U bir vaqtning o‘zida o‘nlab yoki hatto minglab dronlarni shahar yoki alohida harbiy obektdan iborat dushman mudofaasini yengib o‘tishga imkon beradi.

Yuqori martabali ukrainalik ofitser va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniya vakili so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning ko‘p qismida Ukraina frontda dronlar bilan ommaviy hujumlar uyushtirgan. Ilgari bunday holatlar haqida xabar berilmagan bo‘lsa-da, tahlilchilarning aytishicha, bu jangda dronlar galasidan muntazam foydalanishning birinchi holati. Bu zamonaviy urushda ommalashib borayotgan ikki kuchni birlashtiradi: sun’iy intellekt va dronlar.

Swarmer startapi tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot dronlar galasiga qaysi biri birinchi bo‘lib hujum qilishini hal etish imkonini beradi. Shuningdek, agar dronlardan birining batareyasi quvvati tugab qolsa, ular moslashishi mumkin.

«Xullas, siz nishonni belgilaysiz, qolgan barchasini dronlar bajaradi. Ular birgalikda ishlaydi, ular moslashadi», deb tushuntirdi u.

AQSh harbiylari 11 kishilik kemani portlatdi

AQSh harbiylari Janubiy Karib dengizida Venesuelaga tegishli giyohvand moddalar qayig‘ini portlatib yubordi. Oq uy e’lon qilgan video sharhida zarba natijasida «Tren de Aragua» tashkilotining 11 nafar narkoterrorchilari halok bo‘lgani aytilgan.

«Oxirgi daqiqalarda biz, so‘zma-so‘z aytganda, giyohvand moddalar tashiyotgan bir qayiqni urib tushirdik», - dedi Tramp Oq uydagi matbuot anjumanida. «O‘sha qayiqda juda ko‘p giyohvand moddalar bor edi. Siz buni ko‘rasiz va bu haqda o‘qib ham bilasiz. Bu aynan hozirgina sodir bo‘ldi».

Keyinroq Tramp «bu harakat AQShga giyohvand moddalar olib kirishni o‘ylayotgan har qanday kishiga ogohlantirish bo‘lishi»ni bildirdi.

Davlat kotibi Marko Rubioning aytishicha, Venesueladan yuborilgan kokain va fentanil ko‘pincha Puerto-Rikoga yetib boradi va keyin AQShga kirib keladi. Trampning ta’kidlashicha esa, ko‘plab narkotik tashuvchi qayiqlar Venesueladan chiqmoqda, terrorchilar Venesuela prezidenti Nikolas Maduro nazorati ostida harakat qilmoqda.

Maduro esa hozircha zarba yuzasidan izoh bermadi.

Fransiya Bashar Asadni hibsga olishga order berdi

Fransiya Suriyaning sobiq diktator-prezidenti Bashar Asad va yana olti nafar yuqori martabali sobiq amaldorni hibsga olishga order berdi.

France24 nashrining yozishicha, bunga 2012 yilda Xums shahri bombardimon qilingani va ikki jurnalist halok bo‘lgani sabab qilib ko‘rsatilgan. O‘shanda Britaniyaning The Sunday Times gazetasida ishlagan 56 yoshli amerikalik Mari Kolvin va 28 yoshli fransuz fotografi Remi Oshlik halok bo‘lgan.

Fransiya rasmiylari ushbu hodisani insoniyatga qarshi ehtimoliy jinoyat va harbiy jinoyat sifatida tergov qilmoqda.

Bashar Asaddan tashqari, buyruqlar uning ukasi, Suriya 4-zirhli diviziyasi sobiq rahbari Mohir Asad, razvedka boshlig‘i Ali Mamluk va armiya shtabining sobiq boshlig‘i Ali Ayubga ham tegishli.

Suriyaning avvalgi rasmiylari Xumsdagi turar joy binolarini bombardimon qilishga aloqadorligini rad etgan.

Bashar Asad 2024 yil dekabr oyida hokimiyatdan ag‘darilgan, keyin esa oilasi bilan Rossiyaga qochib ketgan edi.

Ayni vaqtda Suriya hukumatiga kelgan Ahmad ash-Shar’a Turkiya bilan qalin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. G‘arb davlatlari uning legitimligini va hokimiyatini tan olmoqda.

Ozarboyjonda rus tili bo‘yicha cheklovlar

Ozarboyjon kinoteatrlarida rus tilidagi filmlar namoyishi qisqartirildi. Minval nashrining yozishicha, ilgari bunday seanslarning ulushi 70 foizga yetgan bo‘lsa, endi 30 foizgacha kamaydi. Xususan, 13 ta filmning faqat to‘rttasi rus tilida, qolganlari turk tilida efirga uzatilgan.

Nashrning aniqlik kiritishicha, so‘nggi paytgacha hammasi aksincha edi. Ismlari va lavozimlari keltirilmagan ekspertlar bu qarorni mantiqqa mos deb atadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon aholisining «katta ko‘pchiligi» rus tilini bilmaydi, ammo turk tilini «yaxshi tushunadi», shuning uchun bunday qaror kinoteatrlarga auditoriyani kengaytirish imkonini beradi.

Rus tili Ozarboyjonda na davlat, na mintaqaviy darajada rasmiy maqomga ega emas. 10,1 milliondan ortiq aholining qanchasi bu tilda gaplashishi ham aniq emas. 2024 yil avgust oyida prezident Ilhom Aliyev mamlakatda rus tilida o‘qitiladigan 324 ta maktab faoliyat yuritayotgani, ularda 160 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim olayotganini aytgan edi. Yana 800 mingdan ortiq o‘quvchi rus tilini xorijiy til sifatida o‘rganmoqda.

Umuman olganda, kinoteatrlar Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi fonida rus tilidagi namoyishlarni qisqartirmoqda. Til bilan bog‘liq cheklovlar va boshqa ziddiyatlarning boshlanishi — 2024 yil dekabr oyiga borib taqaladi. O‘shanda Rossiya harbiylari Grozniy ustida Azerbaijan Airlines samolyotiga zarba bergandi, oqibatda samolyot Qozog‘iston hududida falokatga uchrab, 38 kishi halok bo‘lgan. Rossiya tomoni xatosini tan olmagan.

Isroil AQSh Kongressi ustidan «to‘liq nazoratni» yo‘qotdi

Isroil AQSh respublikachilari orasida obro‘sini yo‘qotmoqda va Kongressga avvalgidek ta’sir ko‘rsatmayapti, dedi prezident Donald Tramp Daily Caller nashriga bergan intervyusida.

«15 yillar avvalga holatga nazar tashlasangiz... Isroil Kongressda men ko‘rgan barcha kompaniyalar, korporatsiyalar yoki davlatlar orasida eng kuchli lobbiga ega edi. Isroil lobbisi eng kuchlisi edi. Bugun uning bunday kuchli lobbisi yo‘q. Bu hayratlanarli… Ular Kongress ustidan to‘liq nazoratga ega edi, endi esa yo‘q, bilasizmi, men bundan biroz hayronman», dedi Oq uy rahbari.

Tramp Isroilning dunyodagi qo‘llab-quvvatlovni yo‘qotishining sabablaridan birini G‘azo sektoridagi urush deb atadi.

«Urush Isroilga zarar yetkazmoqda. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Ehtimol, ular urushda g‘alaba qozonayotgandir, lekin ular jamoatchilik bilan aloqalar dunyosida g‘alaba qozonmayapti, tushunasizmi va bu ularga zarar keltirmoqda», dedi prezident.

Tramp 7 oktyabrda Isroilga qilingan hujumni «haqiqatan ham dahshatli kun» deb atadi va ba’zi odamlar hali ham xolokostni rad etayotganini eslatdi.

AQSh — Isroilning eng muhim ittifoqchisi. Iyun oyida amerikaliklar Isroilning Eronga hujumini qo‘llab-quvvatlab, bir qancha obektlarga zarba berdi. Mart oyida PEW tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda qatnashgan amerikaliklarning 53 foizi Isroilga salbiy munosabatda — bu 2022 yilga nisbatan 11 foizga oshgan.

Isroil armiyasi bugunga G‘azoda uyushtirayotgan genotsid oqibatida o‘n minglab insonlar halok bo‘ldi. Isroil humanitar yordamlarni kiritmayotgani tufayli millionlab falastinliklar ochlikka mahkum bo‘lmoqda.

Mavzuga oid