Jahon | 23:41 / 03.09.2025
5741
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari Venesuela prezidentini ag‘darish bo‘yicha operatsiya tayyorligini bildirdi

Pit Hegset AQSh ma’muriyati «narkobiznes davlati rahbari» deb atagan Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatishga ochiqchasiga intilayotganini tasdiqladi.

Foto: Reuters

AQSh Venesuelada Nikolas Maduro rejimini ag‘darish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu haqda Fox News efirida AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset ma’lum qildi va Oq uy bu vazifani bajarish uchun armiyaning barcha resurslarini ishga solishga tayyorligini qayd etdi.

«Venesuelada rejimning ehtimoliy o‘zgarishi to‘g‘risidagi qaror prezident [Donald Tramp] darajasida qoladi», deb ta’kidladi Pentagon rahbari.

Hegset AQSh ma’muriyati «narkobiznes davlati rahbari» deb atagan Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatishga ochiqchasiga intilayotganini tasdiqladi. Vazir Vashington uni qo‘lga olishga yordam bergan ma’lumot uchun 50 million dollar mukofot tayinlaganini eslatdi va Venesuela prezidentini «Amerika xalqiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatgan» giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda aybladi.

2 sentabr kuni ertalab AQSh harbiylari Karib dengizining janubiy qismida Venesueladan kelayotgan va giyohvand moddalar ortilgan kemani cho‘ktirdi. Donald Trampning ta’kidlashicha, kema bortida Maduro manfaatlari yo‘lida harakat qiluvchi «narkoterrorchilar» bo‘lgan. Zarba oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan.

Ushbu operatsiya kengroq harbiy kampaniyaning bir qismi bo‘ldi. Avgust oyi oxirida Tramp mintaqaga narkokartellarga qarshi kurashish uchun raketa kreyseri, uchta esminets, 4,5 ming askarga ega desant kemalari va suv osti kemasidan iborat zarba guruhini yuborishni buyurgan edi.

Venesuela bu qadamlarni tajovuzkorlik deb baholadi. Nikolas Maduro AQShning harbiy ishtirokini kuchaytirishni «dushmanlik qamali» deb atadi va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga chaqirdi.

Kema bilan bog‘liq voqeadan so‘ng Maduro telemurojaat bilan chiqib, Vashington Venesuelaning tabiiy boyliklarini tortib olish uchun giyohvand moddalarga qarshi kurashdan o‘ylab topilgan bahona sifatida foydalanayotganini aytdi.

Mavzuga oid