Jahon | 08:28
727
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada yetti kunlik motam e’lon qilindi

Venesuelada 24 iyun kuni sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2295 nafarga yetdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yana 11 mingdan ortiq kishi jarohatlangan, qariyb 13 ming nafar aholi boshpanasiz qolgan. Mamlakatda yetti kunlik milliy motam e’lon qilindi.

Foto: Getty Images

Venesuela Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodrigesning ma’lum qilishicha, 24 iyun kuni mamlakat shimolida, poytaxt Karakasning g‘arbida joylashgan hududda sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila mamlakat tarixidagi eng halokatli tabiiy ofatlardan biriga aylangan.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni 2295 nafarga yetgan. Shuningdek, 11 ming 267 nafar kishi turli darajada jarohat olgan, qariyb 13 ming aholi esa o‘z uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa hozircha 50 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblamoqda. Ulardan taxminan 30 ming nafari mamlakatning eng ko‘p zarar ko‘rgan La-Guayra port shahri hududida bo‘lgan.

Rasmiylarning bildirishicha, qutqaruvchilar vayronalar orasidan 6,5 mingga yaqin odamni tirik olib chiqqan. Ayni paytda, tirik qolganlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Chunki ko‘plab fuqarolar mustaqil ravishda yoki yaqinlari yordamida vayronalar ostidan chiqib ketgan.

Fojia munosabati bilan Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mamlakatda yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Motam 1 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 dan boshlandi.

U o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan murojaatida, Venesuela xalqi halok bo‘lganlar oilalari dardiga sherik ekanini ta’kidlab, jarohatlanganlar, bedarak yo‘qolganlar va tabiiy ofatdan jabrlangan barcha fuqarolar uchun duo qilinishini bildirgan.

24 iyun kuni mamlakat shimolida bir hududning o‘zida atigi 39 soniya farq bilan magnitudasi 7,2 va 7,5 ball bo‘lgan ikki kuchli zilzila qayd etilgan. Mutaxassislar bu hodisani «seysmik dublet» deb atamoqda. Bu bir hududda qisqa vaqt ichida ketma-ket ikki yirik zilzilaning sodir bo‘lishi bilan izohlanadi.

Zilzilalardan keyin o‘nlab aftershoklar kuzatilgan. Oqibatda ko‘plab turar joy binolari vayron bo‘lgan. Ayniqsa, mamlakatning eng yirik dengiz porti va xalqaro aeroporti joylashgan La-Guayra shtati eng katta zarar ko‘rgan hudud sifatida qayd etilmoqda.

Tabiiy ofat tufayli mamlakat bo‘ylab favqulodda holat rejimi amal qilmoqda. Qutqaruv xizmatlari vayronalar ostida qolganlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid