Jahon | 23:03 / 04.09.2025
20327
3 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In qo‘riqchilari uning Putin bilan uchrashuvdan keyingi barcha izlarini yo‘q qildi

Tahlilchilarga ko‘ra, bunday harakatlar xorijiy josuslarga qarshi turish va Kimning sog‘lig‘i haqidagi har qanday ma’lumotni yashirishga qaratilgan xavfsizlik choralari majmuasining bir qismidir.

Foto: KCNA/Reuters

KXDR rahbari Kim Chen Inning xavfsizlik xizmati xodimlari Pekindagi muzokaralar zalida Putin bilan ikki soatlik uchrashuv chog‘ida u qo‘l tekkizgan barcha buyumlarni artib chiqdi, deb xabar berdi Reuters.

Tahlilchilarga ko‘ra, bunday harakatlar xorijiy josuslarga qarshi turish va Kimning sog‘lig‘i haqidagi har qanday ma’lumotni yashirishga qaratilgan xavfsizlik choralari majmuasining bir qismidir. Shunga o‘xshash tartib uning otasi, Shimoliy Koreyaning oldingi rahbari Kim Chen Ir davridan beri amal qilib keladi.

Rossiyalik jurnalist Aleksandr Yunashev muzokaralardan so‘ng koreyaliklar xonani yaxshilab tozalayotgani aks etgan video bilan bo‘lishdi.

«U ichgan stakanni olib qo‘yishdi, o‘rindiq qoplamasini va Koreya yetakchisi tegingan mebel qismlarini artishdi», deb yozdi Yunashev.

Videoda xodimlardan biri kreslo va uning yonidagi stolni artayotgani, ikkinchisi esa Kimning stakanini olib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Avvalgi xorijiy safarlar chog‘ida bo‘lgani kabi, Kim hozir ham o‘zining zirhli yashil poyezdida shaxsiy ko‘chma hojatxonani olib yuradi, chunki axlat uning sog‘lig‘i haqida ko‘p ma’lumot berishi mumkin. Bunday choralar Kim Chen Ir davridan beri standart tartib hisoblanadi, dedi Reuters nashriga Amerikaning Stimson markazidan KXDR rahbarlari bo‘yicha ekspert Maykl Medden.

«Xorijiy razvedka, hatto do‘stona davlatniki bo‘lsa ham, namuna olmasligi va uni tekshirmasligi uchun maxsus hojatxona, soch, teri, chiqindi va sigaret qoldiqlari uchun maxsus qoplar olib yuriladi... Chunki bu narsalar Kim Chen Inning sog‘lig‘i haqida ma’lumot olish imkonini beradi», dedi u.

Avvalroq, Paris Match nashri Rossiya Federal qo‘riqlash xizmatining (FSO) maxsus xodimi prezident Vladimir Putinning safari paytida axlati va siydigini saqlash va ularni Moskvaga maxsus jomadonda yetkazish bilan shug‘ullanishi haqida yozgan edi.

Bunday ehtiyot choralari Kreml Putinning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni sir saqlashga va «uning ehtimoliy davolanish izlarini» yashirishga intilayotganini anglatishi mumkin, deb ta’kidladi nashr.

Mavzuga oid