Jahon | 23:46 / 04.09.2025
8285
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Putin va Si o‘rtasidagi suhbatdan so‘ng 150 yoshgacha bo‘lgan hayot haqida ma’lumot izlashni taqiqladi – OAV

Xitoyda ijtimoiy tarmoqlar umrboqiylik haqidagi qidiruv so‘rovlariga dosh bera olmadi.

Foto: KCNA

Xitoyda internet orqali 150 yoshgacha bo‘lgan hayot yoki umrboqiylik haqida ma’lumot izlash taqiqlandi. Bu Xitoy yetakchisi Si Jinping va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 150 yoshgacha bo‘lgan umr haqidagi suhbatidan keyin o‘ta ommalashgan edi, deb xabar berdi The Washington Post.

Qayd qilinishicha, suhbat oshkor bo‘lgach, odamlar 150 yoshgacha bo‘lgan hayot haqidagi ma’lumotlarni ommaviy ravishda qidira boshlagan. 3-4 sentabr kunlari Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida bu yoshgacha qanday yashash mumkinligi haqidagi xabarlar ko‘paygan. Ba’zi tibbiy kompaniyalar bundan o‘z xizmatlarini targ‘ib qilish uchun foydalana boshlagan. Oxir oqibatda qidiruv tezda bloklab qo‘yilgan.

Nashrning yozishicha, Weibo qidiruv sayti «150 yil» so‘rovini senzura qilgan. Shundan so‘ng, boshqa mashhur qidiruv saytlari va ijtimoiy tarmoqlar ham bunday so‘rovlarni bloklagan.

Washington Post nashrining yozishicha, so‘nggi yillarda Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari sog‘liqni saqlash va texnologiyalar sohasidagi yutuqlardan foydalangan holda 150 yoshgacha bo‘lgan umr ko‘rish imkoniyati haqida turli spekulyatsiyalarga yo‘l qo‘ymoqda.

Eslatib o‘tamiz, Pekindagi harbiy paraddan oldin Xitoy va Rossiya yetakchilarining 150 yil yashash yoki umrboqiylik haqidagi suhbati tasodifan jonli efirga tushib qoldi. 72 yoshli Si va Putin tarjimonlar orqali insonning uzoq umr ko‘rishi yoki tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish orqali umrboqiylikka erishish haqida gaplashgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid