Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya pullaridan Ukrainaga berilgan yordam, AQShda ochiqlangan «Epshteyn» hujjatlari va Isroilga ortayotgan bosim – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlar to‘plami e’lon qilindi
AQSh Vakillar palatasi qo‘mitasi moliyachi Jyeffri Epshteynning shov-shuvli ishi bilan bog‘liq minglab sahifali hujjatlarni e’lon qildi. Adliya vazirligi tomonidan topshirilgan 33 ming sahifadan ortiq fayllar Nazorat va hukumat islohoti qo‘mitasining veb-saytiga yuklandi.
Epshteyn tergoviga oid minglab sahifali hujjatlar avval ham e’lon qilingan. «Biz bu hujjatlarni to‘liq shaffoflikni ta’minlash va Amerikadagi hamma uchun ochiq qilish maqsadida yuklayapmiz», dedi qo‘mita raisi Jyeyms Komer. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita yuklash jarayonini imkon qadar tezroq yakunlamoqchi.
Vakillar palatasi qo‘mitasi shuningdek, Adliya vazirligidan qo‘shimcha hujjatlar olishni kutayotganini aytdi. Hozirda ular qurbonlarning shaxsini himoya qilish va «bolalar jinsiy zo‘ravonligi bilan bog‘liq barcha materiallarni» olib tashlash uchun ko‘rib chiqilmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.
Jyeffri Epshteyn — amerikalik moliyachi va jinoyatchi. 2019 yilda unga nisbatan voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb qilish bo‘yicha federal ish ochildi, lekin u hibsda shubhali tarzda o‘z joniga qasd qildi. U — Karib dengizidagi shaxsiy orolida voyaga yetmagan qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish va ularni boshqa ta’sirchan odamlarga «taqdim etish»da ayblangan. Uning Donald Tramp, Bill Klinton va Britaniya shahzodasi kabi o‘nlab mashhurlar bilan aloqasi ish atrofidagi shov-shuvlarni avj oldirmoqda.
Rossiya hisobidan Ukrainaga yordam
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili Kiyevga tashrifi chog‘ida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanib, Ukrainaga 1 milliard funt sterlingdan ortiq qurol va boshqa harbiy yordam sotib olinganini ma’lum qildi.
Bu Ukrainaga yuz minglab artilleriya o‘q-dorilari, yuzlab zenit-raketalar, qurollar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish, shuningdek, texnika va harbiy transportga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha yangi shartnomalar tuzish imkonini berdi, deya xabar berdi Buyuk Britaniya hukumati.
So‘nggi 50 kun ichida Ukraina Buyuk Britaniyadan 4,7 million o‘q-dori, 60 ming artilleriya o‘qlari, raketalar va raketa tizimlari, 2,5 mingdan ortiq dron, 200 dan ortiq elektron urush tizimlari, 100 ta birlik yengil qurollar, 30 ta mashina va havo mudofaasi uchun qo‘shimcha jihozlar oldi.
Bundan tashqari rasmiy London Rossiyaning uchta tashkiloti va sakkiz nafar shaxsga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, yangi sanksiyalar «Rossiyada mavjud bo‘lgan ukrainalik bolalarga majburiy mafkuraviy ishlov berish»ni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi qaratilgan.
Xususan, Britaniya sanksiyalari ro‘yxatiga Checheniston rahbarining onasi Aymani Qodirova va Axmat Qodirov jamg‘armasi kiritilgan. Yangilangan ro‘yxatga kremlparast «Dvijyeniye pervyx» va «Volontery pobedy» yoshlar tashkilotlari, Tatariston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Leyla Fazleyeva, federal yoshlar markazi rahbari Valeriy Mayorov, maxsus politsiya bo‘linmasi chechen komandiri Zamid Chalayev hamda ukrainalik bolalarni o‘g‘irlash va Rossiya Federatsiyasiga olib ketishda ishtirok etgan bir qancha rossiyalik amaldorlar kiritilgan.
SSSRdagi pionerlar harakatining analogi bo‘lgan «Dvijyeniye pervyx» tashkilotini shaxsan Putinning o‘zi 2022 yil yozda tuzgandi. Putin bu tashkilot 11 milliondan ortiq kishini o‘z ichiga olganini aytib maqtangan.
Hamas sulhga tayyor, Isroil-chi?
Hamas harakati 3 sentabr kuni yana bir bor G‘azo bo‘yicha keng qamrovli kelishuvga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Reutersʼga ko‘ra, barcha isroillik garovdagilar ozod qilinadi, buning evaziga kelishilgan miqdorda falastinlik mahbuslar qo‘yib yuboriladi. Shuningdek, Al-Jazeera nashri Hamas G‘azoni boshqarish uchun mustaqil milliy ma’muriyat tuzilishiga ham rozi bo‘lganini yozmoqda. Bayonot — Trampning 20 nafar garovdagilarni ozod qilishga chaqirganidan ko‘p o‘tmay bildirildi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ofisi esa Hamas bayonotini tanqid qilib, «bu hech qanday yangilik olib kelmagan navbatdagi chalg‘ituvchi yurishdir», dedi.
Isroil hukumati shuningdek, urush tugashining yangi shartlarini aytdi. Ularga ko‘ra, G‘azoda barcha garovdagilar ozod etilishi, Hamas qurolsizlantirilib, sektor demilitarizatsiya qilinishi kerak. Isroil hududda xavfsizlik nazoratini o‘rnatadi va muqobil fuqarolik boshqaruvi tashkil etilganda urush tugaydi.
Hamas esa hozirgacha sulh bitimlarini doimiy buzib kelayotgan Isroilga ishonmayapti va qurolini tashlamasligini bildirgan.
Ayni shu kunlarda mahalliy nashrlar G‘azo shahridagi tunni «yana bir do‘zax kechasi» deb tasvirladi. Chunki Isroil harbiylari tun davomida ko‘chirilgan chodirlar va uylarga zarba bergan, tuzoq sifatida qo‘yilgan robotlarni portlatgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, payshanba kuni tongidagi Isroil hujumlari oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi. 2023 yil oktyabrda urush boshlanganidan buyon esa kamida 63 ming falastinlik Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘ldi, 150 mingdan ortiq inson jarohatlandi.
4 sentabr kuni BMTning Falastin qochqinlariga yordam beruvchi agentligi yana bir bor Isroilni G‘azodagi yordam operatsiyalariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi. Tashkilot olti oydan buyon G‘azoga yordam yetkazib bera olmayapti.
Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari
Parijda o‘tkazilgan, asosan Yevropa davlatlaridan iborat 35 nafar yetakchi ishtirok etgan «irodali koalitsiya» yig‘ilishi Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini va bunday kafolatlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan Tramp qo‘llovini olishga qaratildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning aytishicha, 26 ta davlat Ukrainaga urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlarini berishni va’da qildi. Bu — quruqlikda, dengizda va havoda xalqaro kuchlarni o‘z ichiga oladi. «Urush tugashi bilanoq xavfsizlik kafolatlari ishga tushiriladi».
Makron avval 26 davlat Ukrainaga qo‘shin joylashtirishini aytdi, keyinroq esa ayrimlari faqat kafolat beradi, ammo Ukraina hududiga kirmaydi — masalan, qo‘shinlarni o‘qitish va jihozlash bilan shug‘ullanadi, dedi.
Germaniya bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi, biroq aniq sharoit va AQShning roli aniqlanmaguncha qo‘shin yuborish masalasini hal qilmasligini bildirdi. Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni Ukraina hududiga askar yubormasligini, biroq sulhni nazorat qilish va Ukraina qo‘shinlarini mamlakat tashqarisida tayyorlashga tayyor ekanini aytdi.
Fransiya va Britaniya esa urush tugagach Ukrainaga qo‘shin yuborishga ochiq ekanini ko‘rsatdi.
Tramp esa koalitsiya yetakchilari bilan suhbatda Yevropani Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga chaqirdi, chunki bu Moskvaning urushni moliyalashtirishiga yordam bermoqda, dedi Oq uy rasmiysi. U shuningdek, Yevropa Xitoyga bosim o‘tkazib, Rossiyaga yordam berishini kamaytirishi kerakligini ta’kidladi.
Shuningdek, yevropalik rasmiylar Putin va Zelenskiy o‘rtasida bevosita tinchlik muzokaralari oldinga siljimaganidan xavotirda va Trampni Moskvaga bosimni kuchaytirishga undamoqda.
Putin esa urushni «sog‘lom aql ustun kelsa» muzokara yo‘li bilan tugatish mumkinligini, lekin kerak bo‘lsa kuch bilan ham yakunlashga tayyorligini aytdi. U NATO davlatlarining Ukrainaga qo‘shin joylashtirishini istisno qilmoqda.
Isroilga bosim ortmoqda
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Falastinni tan olmoqchi bo‘lgan davlatlarga tahdid qildi.
«Biz barcha mamlakatlarga aytdik, barchasiga tushuntirdik: agar sizlar bu tan olish masalasiga kirishsangiz, bu haqiqiy emas. Shunday qilsangiz, muammo yaratishingizni aytdik», dedi Rubio Ekvador prezidenti Daniel Noboa bilan uchrashuvdan so‘ng.
«Bunga javob bo‘ladi, sulhga erishishni qiyinlashtiradi», dedi u. Shuningdek, Rubio G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish borasida Isroil muhokamalari yuzasidan fikr bildirmasligini, bu hali yakuniy emasligini qo‘shimcha qildi.
Shu kunlarda G‘azodagi genotsidni tugatish va Isroilga xalqaro bosim ham oshib bormoqda.
Venetsiya kinofestivali Kauter Ben Xaniya suratga olgan «Hind Rajabning ovozi» hujjatli film 23 daqiqalik olqish oldi. Film 6 yoshli Hind Rajab Hamadaning fojiali o‘limi haqida edi. Uni 2024 yil yanvarda G‘azoda Isroil askarlari oilasi bilan birga otib tashlangan mashinada halok bo‘lgan. Qizaloqning Falastin Qizil yarim oy jamiyatiga qilgan so‘nggi qo‘ng‘iroqlari butun dunyoda rezonans keltirib chiqargandi.
Shu kunlarda 70 ga yaqin kema va qayiqdan iborat xalqaro flotiliya Barselonadan G‘azoga yo‘l oldi. Flotiliya 2025 yil 8 sentabr kuni G‘azoga yetib kelishi kutilmoqda.
Ispaniyadagi velopoygada Isroil jamoasining ishtirokidan norozi bo‘lgan ispan muxlislari poyga yo‘liga Falastin bayroqlari bilan chiqdi. Natijada poyga to‘xtadi, rasmiy g‘olib e’lon qilinmadi.
Mavzuga oid
15:07
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025