Jahon | 14:38 / 06.09.2025
6998
11 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyga «xavfsiz joy» taklif qilgan Putin, urush vazirligiga aylangan Pentagon va AZAL samolyoti atrofidagi bahslar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azodagi genotsid

Isroil G‘azo shahrining 40 foizi ustidan nazorat o‘rnatgan va Isroil Mudofaa kuchlari butun hududni egallashga tayyorlanmoqda. Bu haqda Isroil armiyasi vakili Effi Defrin ma’lum qildi.

«Biz Hamas infratuzilmasini zararlashda davom etmoqdamiz. Bugun G‘azo shahrining 40 foiz hududini nazorat qilyapmiz. Biz garovga olinganlar qaytarilgunicha va Hamas hokimiyati tugaguniga qadar urushni davom ettiramiz», dedi u.

O‘tgan hafta Isroil shimoldagi G‘azo shahrini jangovar hudud deb e’lon qildi. Ayrim tumanlar «qizil zonalar» sifatida belgilandi va falastinliklarga ularni tark etish tavsiya qilindi.

Isroil armiyasi juma kuni G‘azo bo‘ylab 50 dan ortiq falastinlikni, jumladan, kamida 7 nafar bolani o‘ldirdi, ularning ko‘pchiligi qamal ostidagi G‘azo shahriga qilingan hujumlarda halok bo‘lgan.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, Zaytun, Sabra, Tuffah va Shayja’iya tumanlari og‘ir bombardimonga uchradi, tanklar esa shahar markazidan shimoli-g‘arbda joylashgan Shayx Radvan hududiga kirib bordi, uylarni vayron qildi va lagerlarda yong‘inlar keltirib chiqardi.

G‘azo fuqarolik favqulodda xizmatlari vakili Mahmud Bassal bombardimonni «fuqarolarni nishonga oluvchi yong‘in kamari» deb atadi va 4 ta bino vayron bo‘lganini bildirdi. «Isroil ogohlantirishlar bergan taqdirda ham odamlarni joylashtirish mumkin bo‘lgan hech qanday joy qolmagan», dedi u.

Ozarboyjon samolyoti atrofidagi bahslar

4 sentabr kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi «Ozarboyjon havo yo‘llari» yo‘lovchi samolyoti halokati bilan bog‘liq sug‘urta to‘lovlari amalga oshirilmagani bo‘yicha tarqatilayotgan ma’lumotlarni fojiadan foydalanishga urinish va yolg‘on deb atadi.

Rossiya TIVga ko‘ra, mamlakatning «AlfaStraxovaniye» sug‘urta kompaniyasi 2025 yil fevraldan boshlab samolyot halokati bilan bog‘liq sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirmoqda.

«Ozarboyjon aviakompaniyasiga samolyot uchun to‘liq sug‘urta qiymati — 1 milliard rubl (12,3 million dollardan ko‘proq) miqdorida tovon puli to‘lab berilgan. Bugungi kunga kelib, samolyot yo‘lovchilari va halok bo‘lganlarning yaqinlariga jami 358,4 million rubl (4,5 million dollar) miqdorida sug‘urta to‘lovlari amalga oshirildi», deyiladi TIV bayonotida. Shuningdek, vazirlik zarar ko‘rganlar va halok bo‘lganlarning qarindoshlari bilan kompensatsiya summalarini kelishish ishlari davom ettirilayotganini bildirdi.

Ozarboyjon rasmiylari Moskvaning da’volarini chalg‘ituvchi deb atadi. «Rossiya TIV tomonidan e’lon qilingan bayonot nafaqat hayratlanarli, balki jamoatchilikni chalg‘ituvchi tusga ega», dedi Ozarboyjon TIV matbuot kotibi Oyxon Hojizoda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan sug‘urta kompaniyasi tomonidan AZAL va uning yo‘lovchilariga amalga oshirilgan to‘lovlar bilan Ozarboyjonning samolyotni urib tushirgani uchun Rossiya hukumatidan talab qilayotgan kompensatsiyasi mutlaqo turlicha masalalar hisoblanadi.

Hojizodaning ta’kidlashicha, samolyotlarni sug‘urtalash odatda xalqaro sug‘urta kompaniyalari orqali amalga oshiriladi. Ammo xalqaro sug‘urta kompaniyalari Rossiya hududida faoliyat yuritmagani sababli, AZAL samolyoti Rossiya kompaniyasi orqali sug‘urtalangandi. Shu bois, sug‘urta to‘lovlarini — Ozarboyjonning Rossiya hukumatidan talab qilayotgan kompensatsiyasi bilan tenglashtirishga urinishlari noo‘rin, deydi Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi.

2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri aeroporti yaqinida AZAL samolyoti halokatga uchradi. 38 kishi halok bo‘ldi. Ilhom Aliyev halokatdan so‘ng samolyot Grozniy shahri yaqinida tashqi ta’sir tufayli shikastlanganini va bu boshqaruvni yo‘qotishga olib kelganini aytdi.

Rasmiy Boku Rossiya tomonining aybini tan olishini, shuningdek, jabrlanganlarning oilalariga tovon puli to‘lanishini va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda.

Pentagon — Urush vazirligiga aylandi

Prezident Donald Tramp juma kuni imzolagan farmoyish bilan AQSh Mudofaa vazirligini qayta «Urush vazirligi» deb nomlashga qaror qildi. Trampning bu qarori uning AQSh harbiy kuchlarini qayta brendlash bo‘yicha so‘nggi qadami bo‘ldi.

Tramp, shuningdek, AQSh qurolli kuchlarini ichki hududda qo‘llash bo‘yicha an’anaviy normalarga ham qarshi chiqqan. U Meksika bilan janubiy chegarada immigratsiyaga qarshi kurash uchun harbiy zonalar yaratgan va qo‘shinlarni Los-Anjyeles hamda Vashington kabi shaharlarga joylashtirgan edi.

Pentagon darhol bosh qarorgohidagi belgilarni o‘zgartirdi: Mudofaa vaziri Pit Hegset eshigidagi lavozim endi «Urush vaziri» sifatida yozildi. «Bu juda muhim o‘zgarish, chunki bu — kayfiyat masalasi», dedi Tramp Oq uydagi marosimda farmoyishni imzolarkan. «Bu asosan g‘alaba haqida».

AQShda vazirlik nomlarini o‘zgartirish juda kam uchraydi va Kongress tasdig‘ini talab qiladi. Shunga qaramay, Tramp Kongress roziligi haqiqatan ham kerakligiga shubha bildirmoqda. Bundan tashqari, nomni yana o‘zgartirish katta xarajatlar talab qiladi: nafaqat Pentagon rasmiylari, balki dunyo bo‘ylab joylashgan barcha harbiy obektlardagi belgilar va hujjat blankalari yangilanishi kerak bo‘ladi.

AQSh Mudofaa vazirligi 1949 yilgacha Urush vazirligi deb atalgan, keyinroq, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng armiya, dengiz kuchlari va harbiy-havo kuchlarini birlashtirgan edi. Mudofaa vazirligining yana bir ramziy nomi esa Pentagon. Bu uning beshburchak shaklidagi binosiga atalgan.

Putin: «Zelenskiy Moskvada 100 foiz xavfsiz bo‘ladi»

Rossiya Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Moskvaga kelgan taqdirda xavfsizlikni kafolatlaydi, dedi Rossiya rahbari Vladimir Putin Sharqiy iqtisodiy forumda.

«Ukraina tomoni bu uchrashuvni xohlaydi va taklif qilmoqda. Marhamat, tashrif buyuring, biz ish sharoitlari va xavfsizlikni mukammal darajada ta’minlaymiz. Kafolat yuz foiz», dedi u.

Putin, shuningdek, Zelenskiy bilan uchrashuvni boshqa joylarda o‘tkazish haqidagi so‘rovlarni «ortiqcha» deb hisobladi.

«Agar kimdir haqiqatan ham biz bilan uchrashmoqchi bo‘lsa, biz tayyormiz. Buning uchun eng yaxshi joy — Rossiya Federatsiyasi poytaxti, qahramon shahar Moskva», deb ta’kidladi u.

Putin muloqotga tayyor bo‘lishiga qaramay, hozircha bunday uchrashuvdan katta ma’no ko‘rmayotganini ta’kidlab, siyosiy iroda bo‘lgan taqdirda ham, Ukraina bilan asosiy masalalar bo‘yicha kelishib olish qiyin bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Rossiya prezidenti avval ham Zelenskiyni muzokara uchun Moskvaga taklif qilgan. Ukraina prezidenti muzokara o‘tkazishga rozi, ammo «faqat Moskvada emas».

Tramp: «Xitoy tufayli Hindiston va Rossiyani yo‘qotdik»

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z mamlakati Xitoy tufayli Hindiston va Rossiyani «yo‘qotganini» aytdi.

«Biz Hindiston va Rossiyani eng mudhish va tubsiz Xitoy tufayli yo‘qotganga o‘xshaymiz. Ularga birgalikda uzoq va farovon kelajak tilayman!» deb yozdi Tramp.

U o‘z postiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy raisi Si Jinping va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi fotosuratini ilova qildi.

Si Jinping, Putin va Modi bir necha kun oldin Xitoyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida uchrashgan edi. Putin va Si u yerda AQSh va Yevropa hukmronligisiz dunyo tartibini ilgari surdi. Ikkala yetakchi ham uzoq vaqtdan beri «ko‘p qutbli dunyo tartibini» yaratishga chaqirmoqda, bu esa Vashington unda asosiy rol o‘ynamasligini anglatadi.

Trampning o‘zi avvalroq Xitoy va Rossiyaning AQShga qarshi birlashishi xavfi uni umuman xavotirga solmayotganini aytgandi. «Ular hech qachon bizga qarshi qurolli kuchlarini qo‘llamagan bo‘lardi. Ishoning, bu ular qilishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa», degandi u 2 sentabr kuni.

Afg‘onistondagi zilzilalar

Afg‘oniston sharqida yuz bergan takroriy yer silkinishlari qurbonlari soni 2 ming 200 dan oshdi. Yaralanganlar esa 3 640 kishi deb baholanmoqda. Qutqaruvchilar tog‘li hudud va og‘ir ob-havo sharoitida kurash olib borishmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa agentliklar mablag‘, oziq-ovqat, tibbiy vositalar va boshpana uchun keskin ehtiyoj borligini ogohlantirmoqda.

So‘nggi takroriy silkinishlar allaqachon urush, qashshoqlik va qisqarib borayotgan yordam ostida ezilgan mamlakatni larzaga solgan ikki zilziladan keyin yuz berdi. Payshanba kuni kechasi Nandg‘arxor viloyatida kuchi 6,2 magnitudali zilzila qayd etildi. Juma kuni esa kuchi 5,4 magnitudali yangi zilzila janubi-sharqda 10 km chuqurlikda qayd etildi.

Quruq tosh va yog‘ochdan qurilgan uylar xavf ostida qolgani sababli ayrim oilalar uylarga qaytish o‘rniga ochiq havoda tunashni afzal ko‘rmoqda. Ayrim qishloqlarga olib boruvchi yo‘llar ko‘chki va toshlar bilan to‘silib qolgani qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda. Bu ikki zilzila 6 700 dan ortiq uylarni vayron qildi, payshanba kuni esa qutqaruvchilar vayronalar ostidan jasadlarni chiqarib olishni boshladi.

JSTning ma’lum qilishicha, ko‘chki va to‘siqlar yordam yetkazishni qiyinlashtirmoqda. «Tolibon» hukumati yakshanba kungi falokatdan so‘ng darhol xalqaro yordam so‘radi. Hozirgacha tashkilot 10 million dollar ajratdi, bu boy davlatlarning hozircha va’da qilgan mablag‘laridan ancha ko‘p. BMT mablag‘ tez orada tugashini aytdi va shoshilinch yordam kampaniyasi boshlashni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid