Jahon | 15:07 / 08.09.2025
4416
10 daqiqa o‘qiladi

Hamasga yangi shartlar yuborgan Tramp, Rossiyaning eng yirik dronlar hujumi va faollashgan husiylar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp Hamasga yangi sulh shartlarini yubordi

AQSh prezidenti Donald Tramp Hamas qo‘lida qolayotgan barcha garovdagilarni ozod etish bo‘yicha tez orada G‘azo kelishuvi yuzaga kelishi mumkinligini aytdi. Bu uning Falastin harbiy guruhi uchun «oxirgi ogohlantirish» deb atagan bayonotidan keyin aytildi.

Tramp 7 sentabr kuni oqshomida Nyu Yorkka safaridan qaytgach, bu masala bo‘yicha samolyotda muhokamalar olib borganini aytdi.

«Biz juda yaxshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan yechim ustida ishlayapmiz. Buni juda tez orada eshitasiz. Biz urushni tugatishga, garovdagilarni qaytarishga harakat qilyapmiz», dedi Tramp. Lekin batafsil ma’lumot bermadi.

U avvalroq ham Hamasni hech qanday tafsilotlari keltirilmagan «kelishuv shartlarini» qabul qilishga chaqirgan edi.

«Isroilliklar mening shartlarimni qabul qildi. Endi Hamas ham qabul qilishi vaqti keldi», – deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social platformasida. – «Men Hamasni qabul qilmaslik oqibatlari haqida ogohlantirdim. Bu mening oxirgi ogohlantirishim, boshqa bo‘lmaydi!»

Tramp, shuningdek, jurnalistlarga barcha garovdagilarni qaytarishni o‘ylayotganini aytdi. Ularning ayrimlari allaqachon halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo maqsad jasadlarini qaytarib olish.

Hamas keyinchalik AQSh tomonidan vositachilar orqali taqdim etilgan ba’zi g‘oyalarni olganini va G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish borasida bitimga erishish uchun ishlayotganini bildirdi.

Hamas o‘z bayonotida barcha garovdagilarni ozod etishga tayyorligini, buning evaziga urushning yakunlanishi haqida «aniq e’lon» va Isroil qo‘shinlarining butunlay chiqib ketishini talab qilishini yana bir bor ta’kidladi.

Reutersʼning yozishicha, isroillik rasmiy Trampning taklifi Netanyahu idorasi tomonidan «jiddiy ko‘rib chiqilayotganini» aytdi.

Rossiyaning eng yirik dron hujumi

7 sentabr kuni Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri eng yirik havo hujumini amalga oshirib, Kiyev markazidagi hukumat binosini yondirib yubordi.

Rossiya bir kechada Ukrainaga 805 ta dron va 13 ta “Iskander” raketasi yo‘llagan, Ukraina havo mudofaasi 747 ta dronni va to‘rtta raketani urib tushirdi, dedi havo kuchlari. Bu – 2022 yil fevralidan beri ishlatilgan dronlarning eng katta soni.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, dron va raketa hujumlari to‘rt kishi hayotiga zomin bo‘ldi, 44 kishi jarohatlandi.

«Anchadan beri haqiqiy diplomatiya boshlanishi mumkin bo‘lgan bir vaqtda bunday qotilliklar – ataylab qilingan jinoyat va urushni cho‘zishdir», – dedi Zelenskiy va ittifoqchilarni Ukraina havo mudofaasini mustahkamlashga chaqirdi.

Ukraina armiyasi esa yakshanba kuni Rossiyaning Bryansk viloyatidagi «Drujba» neft quvuriga hujum qilib, «keng ko‘lamli yong‘in zarari» yetkazganini bildirdi. Bu Rossiyaning ulkan energetika kompleksini nishonga olish strategiyasining bir qismi bo‘lib, u mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanchi va urushni moliyalashtirish manbai hisoblanadi.

G‘arb nashrlariga ko‘ra, bu hujum Ukrainada ham, ittifoqchilar orasida ham urush tez orada tugashi mumkinligiga bo‘lgan umidsizlikning kuchayganidan darak berdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha chaqiriqlarni rad etmoqda va Xitoy bilan aloqalarining mustahkamlanishi unga jasorat bermoqda.

Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ikkinchi bosqichiga o‘tishga tayyorligini aytdi. Hozirgacha Tramp Rossiyaga nisbatan qattiqroq sanksiyalar kiritishni rad etib kelgan edi.

Tramp Venesuelaga zarbalar berishni ko‘rib chiqmoqda

CNN nashrining xabar berishicha, Tramp Venesuelada faoliyat yuritayotgan narkokartellarga zarba berishning ko‘plab variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, Nikolas Maduroni zaiflashtirishga qaratilgan siyosat doirasida — Venesuela ichidagi nishonlarga zarba berish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

So‘nggi haftalarda AQSh Karib dengizida 11 kishilik kemani bombaladi. Shuningdek hududga katta harbiy kuchlarni tashladi, bu orqali Maduroga signal berish ko‘zda tutilgan. «Tomhavk» raketalari bilan qurollangan kemalar, zarbdor suvosti kemasi, samolyotlar, shuningdek, 4 mingdan ortiq dengizchilar va dengiz piyodalari hozirda Venesuela qirg‘oqlari yaqinida turibdi.

Maduro shu hafta AQSh «harbiy tahdid orqali rejimni o‘zgartirish»ga intilayotganini aytdi. «Men Trampni hurmat qilaman. Ammo bizda mavjud bo‘lgan hech qanday kelishmovchilik harbiy mojaroga olib kelmasligi kerak», – dedi Maduro.

CNN va Reuters manbalari xabar berishicha, AQSh narkokartellarga qarshi operatsiyalar o‘tkazish va Karib havzasida harbiy ishtirokni kuchaytirish uchun Puerto-Rikodagi aerodromga qo‘shimcha 10 ta, radarlarga ko‘rinmaydigan F-35 qiruvchi samolyotlarini joylashtiradi.

Qiruvchi samolyot haqidagi ma’lumotlar — AQSh harbiy kemasi yaqinidan Venesuela qiruvchi samolyotlarning «o‘ta provokatsion» tarzda uchib o‘tganidan so‘ng paydo bo‘ldi.

Harbiy salohiyatni oshirish Maduroga bosim o‘tkazmoqda. AQSh prezidenti ma’muriyati rejalaridan xabardor manbalardan biri CNN telekanaliga bergan izohida «Maduro o‘z ixtiyori bilan ketgani ma’qul» ekani haqida gapirgan.

Yevroittifoq Googleʼni jarimaga tortdi

Yevrokomissiya Google egasi bo‘lgan Amerikaning Alphabet kompaniyasini reklama texnologiyalari bozoridagi ustun mavqeyini suiiste’mol qilgani uchun 2,95 milliard yevro miqdorida jarimaga tortdi.

Komissiyaning tushuntirishicha, Google reklama beruvchilar va onlayn nashriyotlarni raqobatchilarga zarar yetkazgan holda o‘z xizmatlariga ustunlik bergan va shu tariqa onlayn reklama bozorini buzgan. Yevrokomissiya kompaniya bu amaliyotni va o‘z xizmatlariga ustunlik berishni to‘xtatishi kerak, degan qarorga keldi.

Google bu qaror ustidan shikoyat qilishga va’da berdi. Kompaniyaning normativ masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Enn Malxollandning aytishicha, Yevrokomissiya qarori «minglab Yevropa kompaniyalariga zarar yetkazadigan, ularning pul ishlash imkoniyatini qiyinlashtiradigan o‘zgarishlarni talab qiladi».

Yevrokomissiya qarori, Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi savdo munosabatlari keskinlashgan paytda qabul qilindi. Donald Tramp bir necha bor Yevropa Ittifoqining texnologik gigantlarga nisbatan xatti-harakatlarini tanqid qilgan.

Bu safar Tramp Yevrokomissiya qaroriga javoban 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-moddasi bo‘yicha tergov boshlash bilan tahdid qildi. Ushbu qonun AQSh prezidentiga boshqa mamlakatlarning Amerika biznesiga nisbatan «adolatsiz» deb hisoblangan xatti-harakatlariga bir tomonlama javob qaytarish huquqini beradi.

«Bugun Yevropa Amerikaning yana bir buyuk kompaniyasi Googleʼga «zarba berdi», unga 3,5 milliard dollar jarima soldi, bu Amerika investitsiyalari va ish o‘rinlariga sarflanadigan pullar edi», deb yozdi Tramp.

2017 va 2018 yillarda ham Yevrokomissiya monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani uchun Google kompaniyasini qariyb 7 milliardlik jarimaga tortgandi.

Husiylar yana faollashdi

Yakshanba kuni Isroil janubidagi Ramon aeroporti Yamandan uchirilgan dron urilgach qisqa muddatga yopildi, ammo keyinchalik faoliyatini qayta tikladi. Isroil milliy tez yordam xizmati ikki kishi o‘q parchalaridan jarohat olganini bildirdi.

Isroil OAVlariga ko‘ra, uchish va qo‘nishlar taxminan ikki soatga to‘xtatilgan.

Isroil armiyasi bergan bayonotida dron Isroil havo kuchlari tizimlari tomonidan aniqlanganini, ammo «dushman droni» sifatida tasniflanmaganini aytdi. Shu sababli, uni urib tushirish va ogohlantirish tizimlari ishga tushirilmagan.

Yaman husiylari Ramon aeroportiga dron bilan hujum uyushtirganini tasdiqladi. Eron qo‘llab-quvvatlashi aytilgan husiylar falastinliklarga birdamlik sifatida minglab kilometr uzoqlikda joylashgan Isroilga qarata raketa va dronlar uchirmoqda. Isroil esa bunga javoban Yaman husiylari nazoratidagi hududlarni, jumladan, muhim Xudayda portini bombardimon qilmoqda.

Shu kunlarda, Qizil dengizda bir nechta suvosti optik tolali kabellarning shikastlanishi tufayli Microsoft Azure bulut platformasi ishida uzilishlar kuzatilmoqda. Foydalanuvchilar xizmatdan foydalanishda kechikishlar va muammolarga duch kelishi mumkin, deb xabar qildi Microsoft'ning o‘zi yakshanba kuni.

Korporatsiya ma’lumotiga ko‘ra, shikastlangan kabellarni tiklash uzoq vaqt olishi mumkin. Kabel uzilishining sababi ko‘rsatilmagan. Bloomberg agentligining qayd etishicha, eng muhim telekommunikatsiya yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Qizil dengizdagi suvosti kabellarini ta’mirlash Yaman husiylarining muntazam hujumlari sabab qiyinlashmoqda. 

Mavzuga oid