Jahon | 14:16 / 08.09.2025
4162
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbul politsiyasi muxolifat partiyasi qarorgohini o‘rab oldi

Turkiya muxolifatdagi Respublika xalq partiyasiga qarshi hujumlarini kuchaytirmoqda. Uning tarafdorlari muvaqqat boshqaruvchining tayinlanishiga norozilik bildirmoqda va Istanbuldagi RXP shtab-kvartirasi atrofidagi kordonni buzib o‘tishga harakat qilmoqda.

Foto: CHP

Turkiyaning eng yirik muxolifat kuchi – Respublika xalq partiyasi (RXP) tarafdorlari Istanbulda mahalliy partiya rahbariyatining chetlatilishiga qarshi namoyish o‘tkazgach, politsiya Istanbulning Sariyer tumanidagi partiya qarorgohi atrofidagi butun bir hududni o‘rab oldi. Shunga qaramay, 7 sentabr, yakshanba kuni u yerda to‘plangan namoyishchilar barrikadalarni buzib o‘tishga harakat qildi, deb xabar berdi Halk TV. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan tayinlangan Istanbul gubernatori bir necha tumanlarda namoyishlar o‘tkazishni uch kunga taqiqlab qo‘ydi.

RXP rahbari O‘zg‘ur O‘zel o‘z tarafdorlarini o‘rab olinganiga qaramay partiya qarorgohi tomon yurishga chaqirdi. «Kimki Respublika xalq partiyasini himoya qilsa, u respublikani himoya qilgan bo‘ladi», — deya uning so‘zlarini keltiradi dpa agentligi.

RXPga bosim bir necha oydan beri davom etmoqda va partiya Turkiya hukumati unga qarshi siyosiy kampaniya olib bormoqda, deb hisoblaydi. Oxirgi tartibsizliklarga 2 sentabrdagi sud qarori sabab bo‘lgan, unda ikki yil avval partiya qurultoyida iddao qilingan qonunbuzarliklar tufayli RXPning Istanbul rahbariyati to‘liq lavozimidan ozod etilgan va muvaqqat boshqaruvchi tayinlangan.

Mavzuga oid