Jahon | 15:12 / 09.09.2025
10119
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston pozitsiyasi o‘zgarmagan, Tojikiston esa Rossiya omilini hisobga oladi” - siyosatshunos

Afg‘on manbalarida O‘zbekiston asirlikdagi vertolyotlarni Kobulga qaytarishi haqida xabarlar yoyinlandi. Biroq Kun.uzʼning TIVdagi manbalari bu xabarni rad etib, rasmiy Toshkentning pozitsiyasi o‘zgarmaganini bildirdi. Xo‘sh, nega yana bu mavzu muhokama maydoniga tashlanyapti? “Geosiyosat”da Progressiv islohotlar markazi ekspertlari Umrbek Yusupov va Islomxon Gaffarovlar mavzu xususida so‘z yuritadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekiston «Tolibon»ga uchoqlarni qaytarmaydi?

Islomxon Gaffarov: 2021 yil avgustida Afg‘oniston hukumati qulashi ortidan 46 ta vertolyot va samolyot O‘zbekistonga, 18 tasi esa Tojikistonga olib o‘tildi. Bu masala uzoq vaqt yopiq qoldi. Keyinchalik AQShning O‘zbekistondagi elchisi O‘zbekiston bilan Qo‘shma Shtatlar 2002 yildan buyon strategik hamkor ekanini ta’kidlab, qurol-aslahalarning O‘zbekiston hududida qolishi ham shu hamkorlik doirasida asosli ekanini bildirdi. Ya’ni bu samolyotlar O‘zbekistonga tegishli bo‘lmasa-da, strategik sheriklik asosida vaqtincha shu yerda saqlanishi mumkin edi.

2024 yil boshida esa vaziyat o‘zgara boshladi: vertolyotlarning yettitasi yaroqli holatda AQShga qaytarildi. Donald Tramp hokimiyatga qaytgach, “Afg‘onistonda qolgan qurollarni ham qaytarib olamiz”, deya bayonot berdi. Ammo “Tolibon” hukumati bu taklifni rad etib, “Biz terrorizmga qarshi kurashyapmiz, aksincha qo‘shimcha yordam berishingiz kerak”, degan javobni berdi.

Trampning bayonotlari ko‘proq elektoratga qaratilgani aytilmoqda. Chunki u saylovoldi kampaniyasida Baydenni Afg‘onistondagi siyosati uchun tanqid qilgan va endi prezident sifatida o‘z tarafdorlariga natija ko‘rsatishga urinmoqda. Shu bois uning “hamma qurollarni qaytaramiz” degan gaplari real siyosiy qarordan ko‘ra, siyosiy shior sifatida baholanmoqda. 20 mart kuni AQSh vakillari Zalmay Xalilzod va Adam Boyehler Kobulda muzokaralar olib borib, asirlarni olib chiqdi. Shu bilan birga, qurol-yarog‘ masalasida ham suhbat bo‘lgani aytildi. Biroq Qo‘shma Shtatlar keng miqyosda samolyot va vertolyotlarni qaytarish niyatida emasligi ko‘rinmoqda. O‘zbekiston hududidagi samolyotlarning taqdiri ham faqat AQSh bilan kelishuv asosida hal qilinadi. Toshkentning mustaqil ravishda ularni «Tolibon»ga topshirishi xalqaro huquqqa zid bo‘lardi, chunki bu samolyotlar aslida AQSh tomonidan sobiq afg‘on hukumatiga berilgan edi. O‘zbekiston xalqaro huquq tamoyillaridan chekinmaydi: Afg‘onistondagi hozirgi hukumat rasmiy tan olinmagan bir paytda qurol topshirish Toshkent siyosatiga mos kelmaydi. Shu bois O‘zbekistonning pozitsiyasi hozircha o‘zgarmagan, masala kun tartibidan asta-sekin tushib bormoqda. Biroq ayrim manbalar bu mavzuni yana ko‘tarish orqali O‘zbekiston-Afg‘oniston aloqalariga raxna solishga urinmoqda. Masala qayta muhokamaga chiqsa, bu ikki davlat o‘rtasidagi ijobiy aloqalarga zarar yetkazishi mumkin. Bundan esa, tabiiyki O‘zbekiston va Afg‘onistonning yaqinlashuvini istamaydigan shimol tarafdagi tashqi geosiyosiy raqiblar manfaatdor bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Tojikiston odatda Rossiya bilan kelishgan holda qaror qabul qiladi. Hatto Qo‘shma Shtatlar bilan bevosita kelishuvga erishilgan taqdirda ham, Moskva bilan muvofiqlashuvsiz bunday ish amalga oshmaydi. Agar Tojikiston o‘z tashabbusi bilan bu yo‘lda qadam qo‘ysa, bu tojik-afg‘on munosabatlarida yangi sahifa ochishi mumkin. Avval munosabatlar ancha tarang edi, hozir esa neytral tus olgan. Tojikiston humanitar yordam ham yuborgan. Agar qurollarni qaytarib berish masalasi ham amalga oshsa, bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning yanada rivojlanishiga turtki bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Umrbek Yusupov: Agar ochiqchasiga gapiradigan bo‘lsak, 2021 yilda «Tolibon» hukumati hokimiyatga kelganidan buyon Afg‘onistonda ayrim ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, narkotik ekinlari kamaydi, xavfsizlik sezilarli darajada tiklandi va odatiy hayotga qaytish tendensiyasi boshlandi. Bu jarayonlarda O‘zbekistonning o‘rni beqiyos, buni afg‘onlar ham muzokaralarda tan oladi va butun dunyo kuzatib turibdi. O‘zbekistonning asosiy pozitsiyasi shuki, Afg‘oniston Markaziy Osiyo jarayonlariga faol jalb qilinishi kerak. Afg‘onistonsiz janubiy transport koridorlarini rivojlantirish, infratuzilmani kengaytirish deyarli imkonsiz. Shu bois Afg‘oniston bu jarayonlarning ajralmas ishtirokchisiga aylangan.

Albatta, muammolar ham bor. Masalan, Qo‘shtepa kanali yoki ayrim harbiy masalalar ikki tomonlama yechim talab qiladi. Agar bu muammolarga tashqi kuchlar aralashsa, ayniqsa suv masalasida, vaziyat murakkablashib ketishi mumkin. Shu bilan birga, O‘zbekiston insonparvarlik yondashuvi bilan ajralib turadi. Masalan, zilzilalar oqibatida ko‘rsatilayotgan yordam, Falastindan bolalarni o‘qishga qabul qilish tashabbusi yoki Afg‘onistonni iqtisodiy qayta tiklashdagi faol ishtirok bunga misol bo‘la oladi. Bu tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlari, balki butun Markaziy Osiyo tinchligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Tojikiston masalasida bir jihatni unutmaslik kerak: Tojikistonda Rossiya harbiy bazasi mavjudligi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi doirasidagi faollik ayrim ishtirokchilarning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Hozir mediada ham turli gaplar tarqalmoqda. Xususan, Tojikiston hududida qolayotgan amerikalik samolyotlar Rossiya tomoniga ma’qul kelmayapti. Buning sababi shundaki, xorijiy harbiy texnika mamlakat hududida qolsa, u hamkorlik uchun yangi asos yaratadi. Masalan, ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish bahonasida xorijiy mutaxassislar kelishi, qo‘shma mashg‘ulotlar tashkil qilinishi yoki hatto Qo‘shma Shtatlar va boshqa mamlakatlar bilan harbiy aloqalar kuchayishi mumkin. Bu esa Rossiya uchun noxush holat. Shu bois bunday masalalar Rossiya bilan kelishilgan holda hal etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ikkinchi tomondan, bu vaziyat Afg‘oniston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarning kelajak yo‘nalishini ham belgilashi mumkin. Shu bilan birga, Tojikiston uchun bunday texnika foydali: mashqlar o‘tkazish va tajriba orttirish imkonini beradi. Bundan tashqari, agar Tramp davrida Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoga ko‘proq e’tibor qaratadigan bo‘lsa, Tojikistondagi samolyotlar ularga muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qulay bahona bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid