Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Quddusdagi otishma, Nepalda Z-avlod namoyishlari va Yevropa biznesmenlarining xavotirlari – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Quddusda otishma
8 sentabr kuni Quddus chekkasidagi avtobus bekatida ikki nafar qurollangan shaxs o‘t ochib, olti kishining o‘limiga sababchi bo‘ldi. Politsiya bu hodisani «terrorchilik hujumi» deb ta’riflamoqda.
Ramot chorrahasida o‘rnatilgan avtomobil kamerasi tasvirlarida avtobus yonidan odamlarning qochayotganini ko‘rish mumkin. Isroil politsiyasining ma’lum qilishicha, hujum qilgan shaxslar voqea joyida harbiylar va qurollangan fuqaro tomonidan otib o‘ldirilgan.
Bosh vazir Benyamin Netanyahu hodisa joyida gapirib, hujumchilarga yordam berganlarni qidirish ishlari ketayotganini aytdi. Politsiya hujumchilar avtomobil bilan kelib, Ramot chorrahasidagi avtobus bekatida o‘q uzganini bildirdi. Hodisa 1967 yilda Isroil tomonidan anneksiya qilgan hududda sodir bo‘lgan
Politsiya qurol, o‘q-dori va pichoqni musodara qilganini, Sharqiy Quddusdan gumonlanuvchi bir shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ramotda kuchli politsiya nazorati o‘rnatildi.
Al-Jazeera'ning yozishicha, Isroil rasmiylari hozir bunday voqea qanday sodir bo‘lganini tushunishga urinmoqda, ular yillardan beri bunday narsani ko‘rmagandi. Quddus hududida oxirgi bunday otishma 2023 yil noyabrida sodir bo‘lgan.
Isroil OAVlariga ko‘ra, ushbu hujumda so‘ng Netanyahu — xavfsizlik tufayli dushanba kuni o‘zi uchun belgilangan korrupsiyaga doir sud majlisida qatnashmasligini sudyalarga bildirgan.
Falastin Ma’muriyati «falastinlik va isroillik tinch aholiga qarshi har qanday hujumni rad etish va qoralash haqidagi qat’iy pozitsiyasini» yana bir bor tasdiqladi. Hamas va boshqa qurolli guruhlar hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi, biroq «tabrik» bildirgan. Hamas bayonotida otishma «bosqinchilik jinoyatlari va xalqqa qarshi olib borilayotgan genotsidga tabiiy javob» ekani aytiladi.
Ko‘plab tahlilchilar ham faol sulh muzokaralari ketayotganda buni Hamas amalga oshirganiga ishonmasligini aytmoqda.
YeI–AQSh savdo kelishuvi xavotirlari
The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Yevropa ishbilarmon doiralarida Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi savdo kelishuvi shartlaridan norozilik kuchaymoqda. Ittifoqdagi kompaniyalar Oq uyning metall importiga qo‘shimcha bojlar to‘g‘risidagi qaroriga tarkibida po‘lat va alyuminiy bo‘lgan yuzlab boshqa mahsulotlarni kiritishidan keyin kelishuv loyihasini o‘zgartirishini kutmoqda.
Dastlab, AQSh prezidenti Donald Trampning po‘lat va alyuminiyga savdo bojlarini oshirish haqidagi qarori faqat xomashyoning o‘ziga va ulardan tayyorlangan mahsulotlarga nisbatan qo‘llangan. Endi u dvigatellar, nasoslar, dastgohlar va qurilish uskunalari kabi tovarlarga kengaytirildi. Natijada ko‘plab yevropalik ishlab chiqaruvchilar Tramp va Yevrokomissiya raisi kelishgan qo‘shimcha 15 foizlik tariflardan oshib ketadigan bojlarni to‘lashi kerak bo‘ladi.
Ba’zi Yevropa kompaniyalari allaqachon AQShga eksportni to‘xtatib, yetkazib berishni boshqa mamlakatlarga yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi Krone kompaniyasi AQSh bozori uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni Meksika va Kanadaga yetkazib berish variantini o‘rganmoqda.
To‘qayevning islohotlari
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda ikki palatali parlament o‘rniga bir palatali parlament tuzish imkoniyatini o‘rganib chiqish va bu masalani referendumga qo‘yishni taklif qildi.
«Aynan bugun men yaqin kelajakda mamlakatimizda bir palatali parlament tuzish taklifini bildiraman», dedi u parlament palatalarining qo‘shma majlisida.
«O‘ylaymanki, muhokamani o‘tkazish uchun islohotning g‘ayrioddiy xususiyatini hisobga olgan holda, kamida bir yil kerak bo‘ladi, shundan so‘ng 2027 yilda umumxalq referendumini o‘tkazish, keyin esa Konstitutsiyaga zarur o‘zgartirishlar kiritish mumkin bo‘lardi», deb qo‘shimcha qildi u.
To‘qayevning ta’kidlashicha, bu juda jiddiy masala va «uni hal qilishda shoshilish mutlaqo noo‘rin».
To‘qayevning ta’kidlashicha, agar bir palatali parlament tuzish zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, bunday parlament «faqat partiya ro‘yxatlari bo‘yicha saylanishi kerak». Qozog‘istonning hozirgi parlamenti 1995 yildan buyon ikki palatadan — Senat va Majlisdan iborat.
To‘qayev joriy yil may oyida Al-Jazeera nashriga bergan intervyusida prezidentlik lavozimini tark etishini aytgandi.
«2029 yilda lavozimimdan ketishimni allaqachon e’lon qilganman. Chunki bu xalqimning talabi va o‘zimning qarorim», degandi u.
Fransiya hukumati iste’foga chiqadi
Fransiya Milliy assambleyasi mamlakat bosh vaziri Fransua Bayruga ishonchsizlik votumi e’lon qildi. Uning hukumati to‘qqiz oylik faoliyatidan so‘ng iste’foga chiqadi.
Bayruni 194 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, ammo 364 nafari qarshi ovoz berdi. Ovoz berish jarayoni Bayru tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi, chunki Fransiya davlat qarzini kamaytirish uchun davlat xarajatlarini deyarli 44 milliard yevroga qisqartirishni taklif qilganidan so‘ng siyosiy inqiroz yuzaga kelgan edi. Bayru, xususan, soliq stavkalarini, shuningdek, ijtimoiy to‘lovlar va pensiyalarni hozirgi darajada muzlatib qo‘yishni taklif qildi.
Bayru 9 sentabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga iste’foga chiqish uchun ariza berishi kutilmoqda. U Makron 2017 yilda saylanganidan beri oltinchi bosh vazir bo‘ldi.
Nepalda Z-avlod namoyishlari
Nepalda so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilgan eng yirik tartibsizliklar oqibatida dushanba kuni kamida 19 kishi halok bo‘ldi. Rasmiylar xabar berishicha, poytaxt Katmanduda politsiya parlamentni bosib olishga uringan norozilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlar ishlatgan.
Mahalliy amaldorning aytishicha, asosan yoshlar bo‘lgan namoyishchilardan ayrimlari barrikadani buzib parlament hududiga kirib borib, tez yordam mashinasini yoqib yuborishgan va politsiyaga turli buyumlar uloqtirishgan.
«Politsiya tartibsiz o‘q uzmoqda», dedi bir namoyishchi ANI agentligiga. Politsiya xodimi Shekhar Hanalning Reutersʼga ma’lum qilishicha, 100 dan ortiq odam, jumladan 28 nafar politsiyachi davolanishga muhtoj bo‘lgan. Yaradorlar mototsikllarda shifoxonaga olib borilgan.
O‘tgan hafta hukumat Facebook kabi bir nechta ijtimoiy tarmoqlarni bloklagani yoshlarning g‘azabini qo‘zg‘adi. Nepalning 30 million aholisi orasida 90 foizi internetdan foydalanadi. Rasmiylarning aytishicha, bu qaror soxta akkauntlar orqali nafratli va yolg‘on xabarlar tarqalishini cheklash uchun qabul qilingan.
Katmandu ko‘chalarida minglab yoshlar, jumladan maktab va kollej formalaridagi o‘quvchilar «Ijtimoiy tarmoqlarni emas, korrupsiya yopilsin», «Tarmoqlarni oching» degan plakatlar bilan yurish o‘tkazdi. Namoyishlar «Z avlodi noroziliklari» deb atalmoqda. Kechga borib zo‘ravonlik susaydi, biroq namoyishchilar parlament yaqinida qolishda davom etmoqda.
Sobiq moliya kotibi Rameshvor Khanalning aytishicha, ish o‘rinlari yetarli yaratilmagan bo‘lsa-da, xalq g‘azabi asosan hukumat tayinlovlari va korrupsiyani yo‘q qila olmaganidan kelib chiqmoqda.
Ispaniya Isroilga qurol embargosini joriy qildi
Ispaniya dushanba kuni G‘azodagi Isroilning harbiy hujumlari sababli Isroilga qurol-yarog‘ olib boruvchi kema va samolyotlarning ispan portlariga kirishi yoki havo hududidan foydalanishini taqiqladi.
Ispaniya 2024 yil may oyida Falastin davlatini tan olgan va G‘azo sektorida Isroilning harakatlarini keskin tanqid qilib kelmoqda. Bu choralarni Isroil tashqi ishlar vaziri «antisemitizm» sifatida qoraladi. TIV rahbari Gideon Saarning bayonotiga javoban Madrid Tel-Avivdagi elchisini maslahatlashuv uchun qaytarib oldi.
Pedro Sanches hukumati qurol-yarog‘ yoki harbiy darajadagi aviakerosin tashuvchi kemalar va samolyotlarga taqiq qo‘shib, G‘azodagi «genotsid»da bevosita ishtirok etgan shaxslarga Ispaniyaga kirishga ruxsat bermasligini ham ma’lum qildi.
Isroil esa ispaniyalik siyosatchini ichki korrupsiya mojarolaridan e’tiborni chalg‘itish uchun choralarni qo‘llashda aybladi.
Sanches ushbu choralar — Ispaniyadagi jamoatchilik kayfiyatiga mos ekanini bildirib, Madridning tinchlik, inson huquqlari va xalqaro huquqni qo‘llab-quvvatlashini ifodalaydi, dedi.
Mavzuga oid
15:07
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025