Jahon | 16:09 / 10.09.2025
4677
10 daqiqa o‘qiladi

Dohaga zarba bergan Isroil, NATO osmonidagi Rossiya droni va Epshteyn hujjatlaridagi Tramp imzosi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil Dohaga zarba berdi

9 sentabr kuni tushdan keyin Qatarning Doha shahrida bir nechta portlash ovozlari eshitildi. Axios muxbiri Isroil rasmiylariga tayanib, Dohadagi portlash HAMAS rasmiylariga suiqasd ekanini aytdi. Ayni shu vaqtda Isroil mudofaa kuchlari va xavfsizlik idorasi HAMAS rahbariyatiga aniq zarba berganini ma’lum qilgan.

Keyinroq Qatar tashqi ishlar vazirligi zarba HAMAS siyosiy byurosining bir necha a’zolari istiqomat qilayotgan turar joy binolariga berilganini tasdiqladi va Isroil hujumini qoraladi.

HAMAS rasmiylarining Al-Jazeera'ga aytishicha, Isroil zarbalari Dohada aynan Trampning sulh taklifini muhokama qilayotgan guruh amaldorlariga qaratilgan bo‘lgan. Shundan so‘ng Isroil Dohadagi operatsiya uchun to‘liq mas’uliyatni o‘ziga olganini ma’lum qildi.

«Bugungi operatsiya to‘liq mustaqil Isroil amaliyoti bo‘ldi. Isroil uni boshladi, o‘tkazdi va unga to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi», deyiladi bosh vazir idorasi bayonotida.

Isroil hujumda o‘zini oqlashga urinsa, Qatar uni xiyonatkorona va «davlat terrorizmi» deb atamoqda. Qatarning bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Os-Soniyning aytishicha, bu zarbalar Qatar vositachilik qilayotgan HAMAS va Isroil tinchlik muzokaralarini izdan chiqarish xavfini tug‘dirmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil zarbasi haqida «juda norozi» ekanini aytdi.

«Men bundan mamnun emasman. Bu yaxshi vaziyat emas, ammo shuni aytaman: biz garovdagilarni qaytarishni xohlaymiz, lekin bugun bo‘lgan voqea shaklidan ham xursand emasmiz», dedi Tramp.

Tramp shuningdek, Hamasni nishonga olishni «arzishga loyiq maqsad» deb atadi, biroq hujum AQShning NATOga kirmagan yirik ittifoqchisi bo‘lgan davlatda amalga oshirilgani uchun afsus bildirdi.

Xususan, Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitga ko‘ra, Tramp o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoffga «qatarliklarni yaqinlashayotgan hujum haqida xabardor qilishga» topshiriq bergan.

Biroq Qatar bu ta’rifni rad etdi. Qatar tashqi ishlar vazirligi vakili hukumat «oldindan xabardor qilingan» degan da’volarni «mutlaqo yolg‘on» deb atadi.

«Isroilning Dohadagi hujumi oqibatida yuzaga kelgan portlashlar ovozi jarayonida qatarliklar amerikalik rasmiydan qo‘ng‘iroq qabul qilishdi», deb yozdi Majid al-Ansoriy. Qatarning tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Os-Soniy voqeani «davlat terrorizmi» deb ta’rifladi.

Shuningdek, Tramp Qatar amiriga qo‘ng‘iroq qilib, «bunday voqea endi ularning hududida takrorlanmasligiga» kafolat berdi.

Hamasning ma’lum qilishicha, hujumda guruhning besh a’zosi, jumladan, surgundagi G‘azo rahbari va bosh muzokarachisi Xalil al-Hayyaning o‘g‘li halok bo‘lgan. Ularning ta’kidlashicha, Isroil guruhning sulh muzokara jamoasini yo‘q qilishga urinib, muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Guruhning eng yuqori darajadagi rahbarlari zarbadan omon qolgan.

Polshada Rossiya dronlari urib tushirildi

Polsha Ukraina ustiga qaratilgan Rossiya hujumi vaqtida o‘z havo hududiga qayta-qayta bostirib kirishlar ortidan NATO va milliy havo mudofaasi kuchlarini safarbar qilib, dronlarni urib tushirganini ma’lum qildi. Bu – urush boshlanganidan beri Varshava birinchi marta o‘z hududida Rossiya obektlariga qarshi harakat qilganini anglatadi.

«Polsha havo hududining qayta-qayta buzilishi bilan bog‘liq operatsiya olib borilmoqda», deb yozdi bosh vazir Donald Tusk chorshanba kuni tongda X ijtimoiy tarmog‘ida. «Harbiylar obektlarga qarshi qurol ishlatdi». U prezident Karol Navrotskiy va operativ qo‘mondon bilan «doimiy aloqada» ekanini qo‘shimcha qildi.

Bu e’lon Polsha aeroportlarini yopgani va armiya «chegaradan o‘tgan obektlarni neytrallashtirish» operatsiyasini boshlaganini ma’lum qilganidan so‘ng berildi.

Polsha armiyasi mamlakat havo hududining buzilishini «tajovuz harakati» deb atadi. Mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak esa Polsha samolyotlari «dushman obektlariga qarshi qurol ishlatgani hamda va NATO qo‘mondonligi bilan aloqada ekanini ma’lum qildi.

Varshavadagi eng yirik aeroport — Chopin aeroporti harbiy harakatlar sababli havo hududi yopilganini e’lon qildi. AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, yana uchta aeroport ham «davlat xavfsizligini ta’minlashga oid rejalashtirilmagan harbiy faoliyat» sabab yopilgan.

AQShda demokrat senator Dik Durbinga ko‘ra, Rossiya dronlarining NATO havo hududiga qayta-qayta kirishi «Vladimir Putin bizning Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarini himoya qilishdagi qat’iyatimizni sinayapti» degan belgi hisoblanadi.

«Putinning Ukrainada davom etayotgan qirg‘ini ortidan bu bosqinlarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi», dedi u.

Polsha 2022 yilda Ukrainadan uchib ketgan raketa janubiy qishloqlaridan biriga tushib, ikki odam halok bo‘lganidan beri havo hududiga kiruvchi obektlarga nisbatan yuqori ogohlik holatida. Biroq hozirga qadar Polsha yoki ittifoqchi mudofaa tizimlari dronlarni urib tushirgani haqida xabar bo‘lmagan edi.

Trampning imzosi

AQSh Kongressi Vakillar palatasidagi demokratlar dushanba kuni 20 yildan ortiq vaqt oldin Donald Tramp Jyeffri Epshteynga yozgan maktubni ommaga e’lon qildi. Oq uy tezda uning haqiqiyligini rad etdi. «Bu mening imzom emas. Bu mening uslubim emas. Bu bema’nilik», dedi Trampning o‘zi.

Oq uy seshanba kuni Donald Tramp tomonidan jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan Jyeffri Epshteynga berilgan deb iddao qilinayotgan maktubdagi imzoga sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Trampning yordamchilari bu imzo prezidentniki emasligini aytmoqda.

Tramp prezident bo‘lishidan oldin Epshteyn bilan do‘st bo‘lgan, ammo uning o‘limidan bir necha yil oldin u bilan aloqasi uzilganini aytib keladi.

Hujjat va Epshteynga oid boshqa materiallarning e’lon qilinishi prezident Tramp uchun siyosiy og‘riqli masalaga yana bir bor e’tibor qaratilganini anglatadi. Tramp tarafdorlarini bu mavzuni ortda qoldirishga chaqirgan bo‘lsa-da, jamoatchilik Epshteynning jinoyatlari va kimlar uni bilgan yoki unga aloqador bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida hanuz qiziqishda davom etmoqda.

O‘tgan hafta qonunchilar AQSh Kongressida Epshteyn qurbonlari bilan uchrashdi. Tramp esa qurbonlar bilan uchrashmoqchi emas.

Reuters tomonidan seshanba kuni yakunlangan so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, AQSh jamoatchiligi Epshteyn ishi borasida shubhalarda qolmoqda: respondentlarning 65 foizi hukumat uning qamoqda «o‘z joniga qasd qilgani»ga, 72 foizi esa hukumat Epshteynning mijozlar ro‘yxati to‘liq ochiqlaganiga ishonmayapti.

Yevroittifoq Qozog‘istonga sanksiyalar joriy etmoqchi

Yevropa Ittifoqi Qozog‘istonga qarshi ikkilamchi sanksiyalarni birinchi marta qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar qo‘llangan taqdirda, qurol ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan uskunalarni Qozog‘istonga yetkazish taqiqlanadi. YeI Qozog‘iston ushbu uskunalarni katta hajmda Rossiyaga qayta yo‘naltirayotganini da’vo qilmoqda.

Agentlik suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, qaror hali qabul qilinmagan, buning uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha mamlakatlarning dalillari va qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Taklif etilayotgan choralar Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining hozir muhokama qilinayotgan 19-paketi bir qismi bo‘lishi mumkin. Yangi paket, shuningdek, Rossiya banklari va neft kompaniyalariga qarshi cheklovlarni kuchaytirishni, «yashirin» flot tankerlarini qayta sug‘urtalashni taqiqlashni, uchinchi mamlakatlar neft treyderlariga qarshi sanksiyalarni va Rossiya harbiy sanoatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan tovarlarni eksport qilishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi.

Qozog‘istonning bir qator kompaniyalari ilgari ham Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan. Biroq endi butun mamlakatga qarshi ikkilamchi sanksiyalar birinchi marta muhokama qilinmoqda.

Nepalda namoyishchilar hukumatni ag‘dardi

Nepal hukumati 20 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlarni bloklagach, mamlakat tarixidagi boshlangan eng yirik tartibsizliklar ikkinchi kunda ham davom etdi. «Z avlod namoyishlari» deb nomlangan mitingda minglab yoshlar «Ijtimoiy tarmoqlar emas, korrupsiya yopilsin» degan plakatlar bilan yurish o‘tkazdi. Politsiya bilan to‘qnashuvda 19 kishi halok bo‘ldi, 400 dan ortiq namoyishchilar jarohatlandi.

Shundan so‘ng Nepal bosh vaziri KP Sharma Oli «siyosiy yechim va muammolarning hal qilinishiga qadam tashlashi» uchun iste’fo berganini e’lon qildi.

Namoyishchilar parlament binosi, shuningdek, taniqli siyosatchilar va partiyalarning uy hamda idoralarini g‘azab bilan yoqib yubordi.

Prezident Ramchandra Paudel hukumat binolari va mansabdorlar uylariga qaratilgan zo‘ravon noroziliklar fonida milliy birlikka chaqirdi.

Asosan yoshlardan iborat namoyishchilar 19 kishining o‘limi va korrupsion jinoyatlari uchun hukumat a’zolari jazolanishini talab qilmoqda.

Mavzuga oid