Jahon | 18:57 / 11.09.2025
12462
8 daqiqa o‘qiladi

«Agar ketsak qaytolmaymiz» - qolish yoki o‘lim tanlovi qarshisida turgan g‘azoliklar hikoyasi

Isroil G‘azo shahridagi barcha aholiga janubga evakuatsiya buyrug‘ini berdi. Ammo g‘azoliklar ketmoqchi emas – kimdadir mablag‘ yo‘q, boshqalarga dori-darmon zarur, ko‘plari esa qaytolmasligidan qo‘rqmoqda. Isroil armiyasi shu haftaning o‘zida yuzlab bino va chodirlarni vayron qilgan paytda aholi og‘ir tanlov qarshisida turibdi. The New York Times falastinliklarning dardiga quloq tutdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

9 sentabr kuni Isroil armiyasi G‘azo shahridagi barcha aholiga evakuatsiya buyrug‘ini berdi, chunki ular shaharni to‘liq nazoratga olish uchun hujumga tayyorlanmoqda. Armiyaning aytishicha, ular shahar hududining 40 foizini egallab bo‘lgan va bir nechta ko‘p qavatli binolarni bombardimon qilgan. Chorshanba kuni yana bir minorani urib tushirdi, uni Isroil «Hamas tomonidan foydalanilmoqda» deb aytdi.

Ammo vayronaga aylangan shaharda ko‘plab odamlar ketishni istamayapti yoki ketolmaydi. Ko‘plab falastinliklar agar chiqib ketsa, Isroil ularga qaytishga ruxsat berishiga ishonmasligini aytishdi. Ayrimlarida esa safar uchun pul yo‘q, boshqalar esa tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib, janubda u xizmatlar bo‘lmasligidan qo‘rqmoqda.

Foto: Eyad Baba/Agence France-Presse – Getty Images
Foto: AFP

Aksariyat odamlar urush davomida kamida bir marta, ko‘plari bir necha marta ko‘chishga majbur bo‘lgan. Ular hududning hech bir joyi xavfsiz emasligiga ishonmoqda. The New York Times G‘azoda ochlik va imkonsizlik qarshisida qolgan insonlarning dardiga quloq tutdi.

Taqdirlar…

Elham Shamali – G‘azo shahridagi yuz minglab odamlar singari, azobli tanlov qarshisida qoldi. U oilasi bilan yana qochib, ko‘chib yurishning noaniqliklari va xo‘rliklariga chidashni tanlashi yoki Isroilning to‘liq hujumidan oldin evakuatsiya buyruqlariga rioya qilmasligi kerak.

Foto: AFP

47 yoshli Shamali urush ikki yil avval boshlanganida uyini bir marta tashlab ketgandi. Biroq janub xavfli bo‘lib qolganidan keyin qaytib kelgan. Bu safar u oilasi bilan G‘azo shahrining boshqa mahallasiga ko‘chishini aytdi, biroq shahardan chiqmaslikka qat’iy qaror qilgan.

«Bilamizki, agar ketsak, qaytib kelolmaymiz,» dedi urushdan oldin universitet professori bo‘lgan ayol. Uning ko‘plab qo‘shnilari ham xuddi shunday his qilmoqda. Uning aytishicha, so‘nggi kunlarda janubga yo‘l olishdan oldin qo‘shnilari uylaridagi qimmatbaho qurilish materiallarini ajratib olmoqda.

«Men odamlarning deraza romlari va eshiklarni olib ketayotganini ko‘rdim,» dedi u. «Bu qaytib kelmasliklarini bilishlarini anglatadi».

Foto: Reuters

Al Nasser bolalar shifoxonasida shifokor bo‘lib ishlovchi doktor Bakr Gaoud esa 11 yoshli o‘g‘li Saif Eldin epilepsiya bilan davolanmoqda.

«Men G‘azo shahridan janubga keta olmayman. Shunchaki eplay olmayman. Kerakli dorilarning deyarli barchasi yo‘q, lekin janubda vaziyat bundan ham yomon bo‘ladi», dedi u.

Foto: Reuters

30 yoshli Hidaya al-Falouji to‘rt farzandi bilan qolishini aytadi. Uning Jabaliyadagi uyi urushning boshida vayron qilingan va hujum natijasida eri hamda akasi halok bo‘lgan. U vayronani tashlab, chodirga ko‘chganida o‘zini «uyini va urushdan oldingi hayotini tashlab ketgandek» his qilganini aytgan.

«Yo‘l bo‘ylab yig‘ladim. Men ketmayman. G‘azoni tashlab ketmayman. Yoki shu yerda o‘laman, yoki shahrimda matonat bilan qolaman».

Foto: Reuters

Ko‘plab odamlar uchun oldingi evakuatsiyalardagi mashaqqat va zo‘ravonlik xotiralari yana qolishga undamoqda.

36 yoshli Muhammad al-Najjar janubdagi tajribalari uni hanuz ta’qib qilayotganini aytdi. «Agar endi ketsak, shaharning hozirgi ko‘rinishini hech qachon qayta ko‘rmaymiz,» dedi u. «Agar qaytsak ham, G‘azo butunlay tekislangan bo‘ladi».

«Isroil armiyasi janubda ham odamlarni xuddi shimolda bo‘lgani kabi o‘ldirmoqda, unda ketishdan nima foyda?» deydi aholi vakillaridan biri.

Isroil G‘azo shahrini to‘liq egallamoqchi

Isroil G‘azo shahrini Hamasning tayanch punkti deb tasvirlamoqda va uning a’zolarini yo‘q qilish uchun shaharni to‘liq egallash kerakligini aytadi. O‘tgan hafta u tinch aholiga janubiy qirg‘oqdagi al-Mavasi hududini «humanitar zona» deb atab, u yerga borishni buyurgan edi.

Foto: New York Times

Reuters nashrining yozishicha, Al-Mavasi oldindan siyrak aholiga ega bo‘lgan bo‘lib, endi minglab odamlarni qabul qilish uchun boshpana, sanitariya, suv, oziq-ovqat taqsimoti va tibbiy xizmatdan mahrum. Bundan tashqari, Isroil Hamasni bahona qilib, o‘sha hududga ham ko‘p marta havo zarbalarini uyushtirgan va o‘nlab odamlarni o‘ldirgandi.

Shu haftaning boshida Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu: «G‘azo aholisi, siz ogohlantirildingiz – chiqib ketaveringlar!» dedi. U Isroil so‘nggi kunlarda 50 ta yirik binolarni buzib tashlaganini, bu G‘azo shahriga quruqlikdagi bosqinning kirish qismi ekanini qo‘shimcha qildi.

Foto: Reuters

Mudofaa vaziri Israel Kats esa sektor osmonini «kuchli bo‘ron» qoplashi, Hamas garovdagilarni ozod qilib, qurolini tashlamasa – G‘azo vayron bo‘lishini aytdi.

Shundan buyon Isroilning G‘azo shahriga ham, sektor hududiga ham hujumlari to‘xtamayapti. 2023 yil oktyabrdan buyon qariyb 65 ming falastinliklar Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘ldi.

Foto: Reuters

Avgust oyida oziq-ovqat xavfsizligi va to‘yib ovqatlanmaslik darajasini baholaydigan global tashkilot — IPC G‘azo shahrida va uning atrofida «butunlay inson qo‘li bilan yaratilgan» ocharchilik yuz berayotganini bildirgan edi.

Al-Jazeera'ning yozishicha, Isroil shu hafta yuzlab ko‘p qavatli uylar, chodirlar va boshpanalarni vayron qilgan. Natijada o‘n minglab odamlar boshpanasiz qolmoqda. Qutqaruv tashkiloti ma’lum qilishicha, bu odamlar «endi ochiq osmon ostida, hayot uchun eng zarur narsalardan mahrum, o‘lim, ochlik va chidab bo‘lmas issiqqa qarshi kurashib, tasvirlab bo‘lmas fojiali manzarada yashashga majbur» ekanini bildiradi.

Foto: Reuters

9 sentabr kuni Isroil Dohada sulh shartlarini muhokama qilish uchun yig‘ilgan Hamas yetakchilariga suiqasd qildi. Qatarga berilgan zarba sulh va garovdagilarni qaytarish masalasini ortga surib yubordi. Bundan tashqari, Yaqin Sharqda katta diplomatik mojaroning boshlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Reuters

Mavzuga oid