Jahon | 20:49 / 11.09.2025
8349
6 daqiqa o‘qiladi

Charlining tadbiriga hech kim tekshirilmay kiritilgandi – guvohlar

Prezident Trampning asosiy tarafdorlaridan biri, konservativ siyosiy faol - Charli Kirk kecha, 10 sentabr kuni Yuta vodiysidagi universitetda otib o‘ldirildi. 31 yoshli Charliga yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida o‘q uzilgan. Guvohlarga ko‘ra, tadbir qatnashchilarini kiraverishda hech kim tekshirmagan. O‘q esa qo‘shni binodan uzilgan, jinoyatchi tutilgani yo‘q.

Charlining o‘limini Tramp ham tasdiqlab, o‘z ijtimoiy sahifalarida bu haqida post qoldirdi. Uning o‘limi AQSh siyosiy doiralarini tashvishga solgan, hattoki Oq uydagi mamlakat bayrog‘i ham Kirkka hurmat ramzi o‘laroq yarim metr pastga tushirildi.

Buyuk va hattoki afsonaviy Charli Kirk halok bo‘ldi. AQShda hech kim yoshlarni Charlidan yaxshiroq tushunmasdi yoki bilmasdi. Uni hammamiz, ayniqsa men yaxshi ko‘rardim, unga qoyil qolardim, lekin endi u oramizda yo‘q”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Vitse-prezident J.D Vens esa amerikaliklardan Charli uchun duo qilishni so‘radi. Sobiq prezident Bayden ham Charlining oilasiga hamdardlik bildirdi.

"Mamlakatimizda bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Hozir tugashi kerak. Jill va men Charli Kirkning oilasi va yaqinlari uchun ibodat qilamiz", deb yozdi u.

O‘q uzilgan videolardan ko‘rinishicha, o‘sha damda Charli “Amerikaning qaytishi” deb yozilgan chodirda nutq so‘zlayotgan bo‘lgan. O‘q tegishi bilan u o‘tirgan joyida cho‘kdi va ko‘ksidan qon oqa boshladi. Buni ko‘rgan odamlar esa darrov vahimaga tushib, har tomonga yugura boshlagan.

Universitet rasmiylari darhol talabalarga ogohlantirish bilan chiqqan, politsiya otishmani tekshirayotgani xabar qilindi. Yuta universiteti AQShdagi katta universitetlardan biri, unda kamida 46 ming talaba o‘qiydi.

Charlining o‘limi haqida eshitgan respublikachi senatorlar ham birin-ketin post yoza boshlashdi, ular marhumning haqqiga ibodat qilishni so‘ragan. Demokratlar ham bu jinoyatni oqlab bo‘lmasligini yozishdi. Masalan, Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Charliga qilingan hujum jirkanch va qabih, AQShdagi har qanday zo‘ravonlik qoralanishi kerak, deya fikr bildirgan.

31 yoshli Kirk siyosiy faol bo‘lib, 2 farzandning ham otasi bo‘lgan. U maktab va universitet kampuslarida konservativ yoshlarni birlashtiradigan qator uchrashuv va tadbirlar o‘tkazib kelardi. Trampning tarafdori bo‘lgan Charli o‘tgan yili Donaldga ham suiqasd uyushtirilganidan ozgina o‘tib, Respublikachilar qurultoyida so‘zga chiqqandi.

Tramp esa saylovda g‘alaba qozonib, inauguratsiyadan bir kun avval Vashingtondagi mitingda Charliga minnatdorlik bildirgan, uni aql bovar qilmas fantastik yigit deya tariflagandi.

Biz kuchli ovozni eshitdik, men Charlidan qon otilib chiqqanini ko‘rdim. Uning tanasi orqaga ketib, yiqila boshladi. O‘sha daqiqalardayoq odamlar to‘siqlarni buzib, turli tomonga qocha boshlashdi. Ortimga burilganimda oq sochli bir keksani politsiya ushlayotganini ko‘rdim”, deydi NBC news reportajida chiqqan guvohlardan biri Hikens.

Charli otilganidan keyin kasalxonaga yetkazilgan, lekin baribir u halok bo‘ldi. Yuta universiteti otishmadan keyin yopildi va darslar bekor qilindi. Qachondan yana talabalar universitetga qaytishini esa rasmiylar e’lon qilishi bildirilgan. Universitet matbuot kotibiga ko‘ra, o‘q yaqin binodan otilgan. Orada masofa taxminan 60 metr bo‘lgan. Tadbirga kirish uchun hech qanday xavfsizlik tekshiruvi bo‘lmagan, guvohlarga ko‘ra xohlagan odam u yerga kirib ketaverishi mumkin bo‘lgan.

Kongress Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson otishmani siyosiy qotillik deya atadi. Bu AQShga yarashmasligini ham u qo‘shimcha qilgan.

Tramp Kirkning o‘limini tasdiqlaganidan keyin bir soat ichida Oq uy bayroqlarini yarmigacha tushirdi. Bundan tashqari, 14 sentabr kuni quyosh botgunga qadar xorijdagi barcha federal binolar, elchixonalar, konsullik idoralari va boshqa AQSh hukumati obektlarida bayroqlarni yarmigacha tushirishni buyurgan deklaratsiya chiqardi.

Politsiya dastlabki bir necha soatlar o‘tsa-da, otgan odamni topa olmadi, gumonlanuvchi yo‘q edi. Keyinchalik ikki kishi hibsga olingani, biroq otishmaga ularning mutlaqo aloqasi yo‘qligi e’lon qilindi.

Charlining o‘limidan ikki partiya vakillari ham birdek motamda ekanini aytsa-da, Tramp o‘z videomurojaatida otishmaga radikal so‘llarni aybladi.

"Ko‘p yillar davomida radikal so‘llar Charli kabi ajoyib amerikaliklarni natsistlar, dunyodagi eng dahshatli ommaviy qotillar va jinoyatchilar bilan solishtirishdi. Bunday ritorika bugungi kunda mamlakatimizda kuzatilayotgan terrorizm uchun ham to‘g‘ri keladi va buni to‘xtatish kerak”, dedi prezident.

CNN ham Charlini o‘ldirgan shaxs hali qidirilayotganini, qo‘lga olinganlar qo‘yib yuborilganini xabar qildi.

Marhum Charli Kirk Trampning dasturini qattiq himoya qilgan, Isroil tarafdori bo‘lgan va G‘azodagi ocharchilikni bo‘lmagan dap degan faollardan edi. Uning fikricha, Isroil bu urushda faqat o‘zini himoya qilgan. Hamas esa terrorchilar. G‘azodagi oziq-ovqat yetishmovchiligi, mablag‘ va manbalarning yo‘qligini Charli yolg‘onga chiqargan, shubha ostiga olgan.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid