O‘zbekiston | 20:33 / 12.09.2025
2681
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida yil boshidan 500 dan ziyod taqiqlangan buyum musodara qilindi

Aviatsiya xavfsizligi xizmati samolyot bortiga olib chiqish taqiqlangan buyumlar ro‘yxati bilan oldindan tanishib chiqishni tavsiya etdi.

Foto: Uzbekistan Airports

2025 yil 1 yanvardan 30 avgustgacha bo‘lgan davrda Toshkent aeroportida Aviatsiya havfsizligi xizmati aerovokzal majmuasi nazoratchilar bo‘linmasi tomonidan 535 ta taqiqlangan buyum musodara qilingan. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Qayd etilishicha, musodara qilingan buyumlar orasida sovuq qurollar (pichoqlar, xanjarlar, kastetlar), harbiy qurol-yaroq va ularga o‘xshatmalari, pirotexnika vositalari (paqildoqlar, bengal chiroqlari), gaz va qalampirli ballonlar, dubulg‘alar va elektroshokerlar, kimyoviy moddalar va ko‘p maqsadli qurilmalar (o‘yinchoqli to‘pponchalar, brelokli o‘qlar, shuningdek, dronlar) bor.

«Mazkur buyumlarning aksariyati yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligi uchun potensial tahdid hisoblanadi. Hatto suvenirli o‘qlar va o‘yinchoqli qurollar ham shubha uyg‘otishi va reys kechikishiga yoki samolyot bortida hodisa yuz berishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tashish qoidalariga rioya etish o‘z navbatda nazoratdan oson o‘tishga yordam berishi bilan birga, parvozlar xavfsizligini ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Shu munosabat bilan yo‘lovchilarga taqiqlangan buyumlar ro‘yxati bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid