Jahon | 23:48 / 12.09.2025
4635
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp sabri tez tugayotganini va Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilishini aytdi

Biz banklarga qarshi qaratilgan juda kuchli sanksiyalarni joriy etmoqchimiz, shuningdek, neftga zarba bermoqchimiz va tariflarni ham joriy qilmoqchimiz, dedi u.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan sabr-toqati «tezda tugayotganini» va Rossiyani iqtisodiyotning moliya va energetika sohalariga nisbatan yangi sanksiyalar kutishi mumkinligini aytdi.

«U (sabr-toqat) tugayotganga o‘xshaydi va tez tugaydi», dedi Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

«Biz banklarga qarshi qaratilgan juda kuchli sanksiyalarni joriy etmoqchimiz, shuningdek, neftga zarba bermoqchimiz va tariflarni ham (kiritmoqchimiz)», deb qo‘shimcha qildi u. Tramp avvalroq Rossiya neftining eng yirik xaridoriga aylangan Hindistonga nisbatan yuqori bojlarni joriy qilganini eslatdi. «Bu oson bo‘lmadi, chunki bu Hindiston bilan ziddiyatni keltirib chiqardi», dedi u.

Tramp so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya to‘rtinchi yildan beri davom etayotgan mojaroni hozir hal qilishga tayyormi yoki yo‘qligini bilmaydi. Shu bilan birga, u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy muzokaralarga tayyorligini juda tez ko‘rsatmaganini ta’kidladi.

«Tango (raqsi) uchun ikki kishi kerak. Ajablanarlisi shundaki, Putin buni xohlasa, Zelenskiy xohlamaydi. Zelenskiy xohlasa, Putin xohlamaydi. Endi Zelenskiy xohlayapti, Putin so‘roq ostida», dedi Tramp.

AQSh prezidenti rossiyalik hamkasbidan norozi ekanini avval ham bir necha bor aytib, kuchli sanksiyalar bilan tahdid qilgan. Lekin va’dalar hech qachon amaliyotgacha yetib bormagan.

Mavzuga oid