Jahon | 20:26 / 13.09.2025
14974
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi portlash oqibatida uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, metall quyish sexida noma’lum buyum portlagan. Punkt egasi metall orasida mina bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi metall qabul qilish punktida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Uch ishchi halok bo‘ldi, ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari, deb xabar berdi KTK.

Fojia Boyserke qishlog‘idagi metall qabul qilish punkti hududida sodir bo‘lgan. Punkt egasi so‘zlariga ko‘ra, ijaraga berilgan xonada noma’lum buyum portlagan.

«Orqa tomonda metall quyish sexi bor... Minalar, tankka qarshi minalar (bo‘lishi mumkin)... Aftidan, metallolomni arzon narxda sotib olishgan. O‘zlari ham bilmayapti. Metallolom orasida, menimcha, Mudofaa vazirligidan chiqqan temirlar ham bor edi. Ular orasida ishlatilmagan minalar ham bor ekan. Barcha kuch tuzilmalari yetib keldi, hozir tekshirmoqda», dedi Amirbek Sherbayev, punkt egasi.

Hodisa joyida kriminalistlar va Mudofaa vazirligi vakillari ishlamoqda. Sodir bo‘lgan hodisaning sabab va holatlari aniqlanmoqda. Hududga hech kim kiritilmayapti. Halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlangan, ammo xabarda ularning ismi sharifi keltirilmagan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Olmaota viloyatining Ili tumanidagi metall qabul qilish punktlaridan birining hududida sodir bo‘lgan fojiali hodisa yuzasidan politsiya tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Aniqlanmagan buyum portlashi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Ular jonsiz holda topildi», dedi Yernar Saydildin, Olmaota viloyati IIB rasmiy vakili.

Mavzuga oid