O‘zbekiston | 22:46 / 14.09.2025
1909
2 daqiqa o‘qiladi

Atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqaradigan obektlar faoliyati o‘rganilmoqda

O‘rganishlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 388 ta, Toshkent viloyatida 845 ta I va II toifa sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatib, 5 mln 30 ming tonna ko‘mir va 262 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalaniladi.

Foto: Getty Images/Sven Schabbach

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura hamda vazirlik va idoralar bilan birga ishchi guruhlar tuzilib, sanoat, issiqlik va elektr energiyasi korxonalari, issiqxonalar va atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqaradigan boshqa obektlar faoliyati o‘rganilmoqda.

Xabar qilinishicha, ishchi guruhlar tarkibiga ekologiya, energetika, soliq, FVV va ichki ishlar organlari, hokimlik va boshqa idoralarning jami 748 nafar mas’uli jalb etilgan.

O‘rganishlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 388 ta, Toshkent viloyatida 845 ta, jami 1233 ta I va II toifa sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatib, 5 mln 30 ming tonna ko‘mir va 262 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalaniladi. Ularning 838 tasiga (Toshkent shahrida 361 ta, Toshkent viloyatida 477 ta) filtrlar o‘rnatilgan. 7 ta IES, 9 ta issiqlik markazlarining 3 tasi to‘liq tabiiy gaz, qolgan 6 tasi tabiiy gaz va mazutdan foydalanib kelmoqda.

Shuningdek, 9 ta issiqlik markazi hamda 1 ta IES (Toshkent IES)da filtrlar mavjud bo‘lmasa-da, havoning keskin sovishi natijasida 262 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgani aniqlandi. Natijada atmosferaga tashlanma miqdori 7 ming tonnani tashkil qilgan.

Qolaversa, Toshkent viloyatidagi Angren va Yangi Angren IESlar 5 mln tonna ko‘mirdan foydalanishi va 70 foizli filtrlardan o‘tkazilishi natijasida atmosferaga tashlanma miqdori 134 835 tonnani tashkil qilib, umumiy ko‘rsatkichning 18,9 foiziga to‘g‘ri kelgan.

Yuqorilardan kelib chiqib, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik markazlarini chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) bilan jihozlash bo‘yicha 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturning Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga oid qismi qayta ko‘rib chiqilib, muddatlarni 2026 yil sentabrga qadar qisqartirish choralari olib borilmoqda. Bunda issiqlik elektr stansiyalarida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi va mavjudlari ta’mirlanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid