Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Truba 3.0»: RF qo‘shini hujum uchun yana bir bor gaz quvuridan foydalangan – bu safar Kupyanskda
Yehor Kryvoruchko / Kordon.Media / Global Images Ukraine / Getty Images
Rossiya harbiylari keng ko‘lamli urush davomida uchinchi marta gaz quvuri orqali Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari ortiga o‘tib olish taktikasini qo‘lladi. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga yaqin bo‘lgan DeepState OSINT-proyekti ma’lum qildi.
Ukrain tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, Xarkiv oblastida hujum qilayotgan rossiyaliklar Kupyansk shahriga borish uchun gaz quvuri orqali Oskol daryosini kechib o‘tgan. RF qo‘shinlari shunga o‘xshash taktikani avvalroq Donetsk oblastidagi Avdiyivkada va Kursk oblastidagi Sudjada ham qo‘llagandi.
DeepState’ning ta’kidlashicha, Kupyansk hududida Rossiya harbiylari butun bir logistika arteriyasini qurgan. «Quvurning kirish yo‘llari Pervaya Liman hududida joylashgan. Quvurda harakatlanish uchun maxsus ishlab chiqilgan g‘ildirakli karavotlar, shuningdek, balandlik imkon beradigan elektr samokatlardan foydalaniladi», – deb yozadi DeepState.
Gaz quvuri orqali Kupyansk atrofigacha bo‘lgan yo‘l taxminan to‘rt kunlik, shu tufayli yo‘lda dam olish uchun maxsus joylar va oziq-ovqat zaxiralari mavjud, deyiladi xabarda.
Shu tariqa, dushmanning uyushgan guruhlari jiddiy yo‘qotishlarsiz Radkovkagacha yetib boradi va keyin janubga, o‘zlari nazorat qiladigan o‘rmonga ko‘chib o‘tadi. Shundan so‘ng ular Kupyansk bo‘ylab tarqalib, temiryo‘lgacha yetib borishadi.
DeepState xabari chiqishi ortidan navbatdagi «Quvur» operatsiyasi haqidagi ma’lumotlar rossiyalik «harbiy blogerlar» va hukumatparast telegram-kanallar tomonidan ham tarqatila boshlandi. Shuningdek, tarmoqlarda Rossiya harbiylari quvur orqali Kupyanskka kirib borayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi.
Rossiya mudofaa vazirligi Kupyansk yaqinidagi hujum haqidagi ma’lumotni hali tasdiqlamadi.
DeepState’ning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari allaqachon Kupyansk kvartallarida oldinga siljib, shaharning shimoliy qismida hujum qilmoqda. Xarkiv oblastining Rossiya tomonidan bosib olingan hududlari «harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari» etib tayinlangan Vitaliy Ganchev Rossiya qurolli kuchlarining hujum guruhlari haqiqatan ham Kupyanskda ekani va Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarini shahardan ishonch bilan siqib chiqarayotganini aytgan.
Kupyanskning Ukraina tomonidan tayinlangan harbiy ma’muriyati rahbari Andrey Kanashevich esa shaharda Rossiya qo‘shinlari borligini rad etgan. «DeepState shoshildi, Kupyanskda rossiyaliklar yo‘q. Janglar chekka joylarda davom etmoqda. Kupyanskning butun hududi mudofaa kuchlari nazorati ostida», – dedi u milliy telemarafon efirida.
Shu bilan birga, u shahardagi vaziyatni keskin deb atagan. «Svet, suv va gaz yo‘q, shiddatli otishmalar tufayli tiklash ishlarini olib borishning iloji yo‘q. Shaharning 90 foizdan ortiq qismi vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Shunga qaramay, Kupyanskda hali ham ko‘plab odamlar qolmoqda», – deya qo‘shimcha qilgan Kanashevich.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ham Rossiya harbiylari Kupyanskka gaz quvuri orqali kirishga muvaffaq bo‘lganini rad etmoqda. Ukraina qo‘mondonligi shahar va uning atrofidagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinayotganini da’vo qilmoqda. «Dushman shaxsiy tarkibni Kupyanskka ko‘chirish uchun foydalangan quvurdan chiqish joyi Ukraina himoyachilari nazorati ostida. Quvur liniyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri shaharga olib bormaydi. Eslatib o‘tamiz, Kupyansk hududida bir nechta quvurlar mavjud. To‘rttadan uchtasi allaqachon shikastlangan va suv ostida qolgan, to‘rtinchisidan chiqish joyi mudofaa kuchlari nazorati ostida», – deyiladi Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi bayonotida.
«Meduza» «Razbor» bo‘limi sharhi
Rossiya qo‘shinlari 3 sentabr kuni Kupyanskning g‘arbiy yarim qismiga (Oskol daryosining o‘ng qirg‘og‘ida) kirgan. Rossiya mudofaa vazirligi e’lon qilgan videoga ko‘ra, harbiylar shaharning shimoliy chekkasi va markazida bayroqlarini o‘rnatgan. Ukraina qo‘mondonligi shaharga rossiyalik diversantlar kirgani, ular darhol Kupyanskdan chiqarib yuborilganini ma’lum qildi. Biroq, bir necha kundan keyin ham Ukraina dronlari shaharning shimoli-g‘arbiy qismidagi Rossiya pozitsiyalariga hujum qilishda davom etdi.
«Quvur»dan chiqish joyi bo‘lgan Radkovka qishlog‘i Rossiya qurolli kuchlari tomonidan 2025 yil 24 iyuldan oldinroq egallab olingan. Shunday qilib, «quvur»dan Ukraina qurolli kuchlarining front ortiga chiqish uchun emas, balki zaxiralarni frontga o‘tkazish uchun foydalanilishi mumkin edi. Gap shundaki, Rossiya qo‘shinlari uzoq vaqtdan beri Ukraina dronlari faolligi tufayli Oskol daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi platsdarmni «quruqlik» orqali ta’minlashda muammolarga duch kelmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari uchun vaziyatni Ukraina armiyasi Kupyanskning sharqiy qismida (Oskol daryosi ortida) keng platsdarmga ega ekani murakkablashtiradi. RF qurolli kuchlari shaharning g‘arbiy yarmini egallashi sharqiy sohildagi ukrain bo‘linmalari qurshovga tushishiga olib kelishi mumkin.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025