Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gipertovushli raketa uchirgan Rossiya, G‘azoda kuchaygan bombardimonlar va Tik Tok ustida savdolashayotgan AQSh – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil G‘azo shahrida bombardimonni kuchaytirdi
14 sentabr kuni Isroil armiyasi G‘azo shahrida kamida 30 ta turar joy binosini vayron qildi va minglab odamlarni uylaridan chiqishga majbur qildi. Shu paytda AQSh davlat kotibi Marko Rubio mojaroga oid kelajakdagi masalalarni muhokama qilish uchun mintaqaga yetib keldi. Bu haqda Reuters nashri falastinlik rasmiylarga tayanib xabar berdi.
Isroil shaharni egallashni rejalashtirgan, bu yerda qariyb bir million falastinlik boshpana topgan. Bu esa Hamasni yo‘q qilish haqidagi bayon qilingan maqsadining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Shu sabab Isroil ushbu guruhning «so‘nggi tayanch nuqtasi» sifatida ta’riflagan hududlarga hujumlarni kuchaytirdi.
«Bo‘lib o‘tgan voqealar bo‘lib o‘tdi. Biz Isroil rahbariyati bilan uchrashamiz. Kelajak nimalarni olib kelishini muhokama qilamiz», dedi Rubio Isroilga ketishidan oldin. U keyinroq Quddusdagi G‘arbiy devorga tashrif buyurdi. AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, bu tashrif «Amerikaning Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olishini yana bir bor tasdiqladi».
Donald Tramp 2017 yil oxirida prezidentligining birinchi davrida Quddusni Isroil poytaxti sifatida rasman tan olgan va AQSh elchixonasini Tel-Avivdan ko‘chirgan edi.
Bundan tashqari, Netanyahu payshanba kuni G‘arbiy Sohilda falastinliklar davlat tuzishni istayotgan hududlarni kesib o‘tadigan yangi yahudiy posyolkalarini kengaytirish rejasini imzoladi. Birlashgan Arab Amirliklari bu qaror — Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgan Ibrohim kelishuvlarini xavf ostiga qo‘yishini ogohlantirdi.
BMTning Falastin qochqinlari agentligi komissari Filipp Lazzarini yakshanba kuni G‘azodagi Beach lager klinikasi faoliyati to‘xtaganini bildirdi. Unga ko‘ra, bu G‘azoning shimolidagi yagona tibbiy xizmat manbai edi. Lazzarinining aytishicha, hozir suv va sanitariya xizmatlari yarim quvvatda ishlamoqda, so‘nggi to‘rt kunda esa G‘azo shahrida BMT agentligining 10 ta binosi zarba ostida qolgan.
Al-Jazeera nashrining yozishicha, kechaning o‘zida Isroil kuchlari G‘azo sektorida 53 nafar falastinlikni o‘ldirdi, qurbonlarning kamida 35 nafari G‘azo shahrida halok bo‘lgan.
Humanitar tashkilotlar Isroilning G‘azo shahrini egallashi allaqachon ochlikdan aziyat chekayotgan aholi uchun falokatli oqibatlarga olib kelishini bildirmoqda. Hudud sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, ochlik va oziq-ovqat yetishmovchiligidan kamida 422 kishi vafot etdi. Shulardan 145 nafari bolalar.
Rossiya kuchini ko‘rsatishga harakat qilyapti
Rossiya armiyasi yakshanba kuni Barens dengizida nishonga qarata «Tsirkon» gipertovushli qanotli raketasini uchirganini va Su-34 bombardimonchi samolyotlari zarbalar berganini bildirdi. Bu harakatlar Belarus bilan birgalikda o‘tkazilayotgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar doirasida amalga oshirildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Shimoliy flotning «Admiral Golovko» fregatidan «Tsirkon» gipertovushli raketasini uchirish jarayonini aks ettirgan videoni e’lon qildi. Kadrlarda raketaning vertikal tarzda uchirilishi, so‘ngra ufqqa tomon burchak ostida tezlik bilan uchib ketishi ko‘rsatilgan. Putin 2019 yilda «Tsirkon»ni maqtab, tovushdan to‘qqiz baravar tezlikda uchishi va dengiz hamda quruqlikdagi nishonlarni 1 ming km masofagacha urishi mumkinligini aytgandi.
Shuningdek, mashqlarda Shimoliy flotning aralash aviatsiya korpusiga qarashli uzoq masofali suvosti kemalariga qarshi samolyotlar, Su-34 qiruvchilari ham qatnashdi.
«G‘arb» deb nomlangan strategik qo‘shma mashqlar 12 sentabr kuni boshlangan bo‘lib, mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya yoki Belarusga hujum bo‘lganda harbiy qo‘mondonlik va muvofiqlashtirishni yaxshilashga qaratilgan.
Moskva va Minsk mashqlar faqat mudofaa xarakteriga ega ekanini va NATO a’zolariga hujum qilish niyatida emasligini bildirdi. Biroq AQSh boshchiligidagi harbiy ittifoq 9-10 sentabr kunlari Rossiya dronlari Polshaga kirib kelganidan keyin «Sharqiy navbatchi» operatsiyasini boshladi.
AQSh va Xitoy savdo muzokaralari
AQSh va Xitoy rasmiylari 14 sentabr kuni Madridda o‘zaro taranglashgan savdo aloqalari, TikTok ilovasi bo‘yicha yaqinlashayotgan aktivlarni sotish muddati sharoitida kunlik muzokaralarni yakunladi.
Bessent va AQSh savdo vakili Jyeymison Grir boshchiligidagi delegatsiya Xitoy vitse-premeri Xe Lifeng va Xitoyning bosh savdo muzokarachisi Li Chenggang bilan uchrashdi. Reutersʼning yozishicha, muzokaralar olti soat davom etdi.
AQSh moliya vaziri Skott Bessent markaziy hukumat saroyidan chiqayotganida jurnalistlarga: «Ertalab yana davom ettiramiz», degan.
Delegatsiyalar oxirgi bor iyulda Stokholmda uchrashib, 90 kunlik savdo sulhini uzaytirish, o‘zaro uch xonali miqdordagi tariflarni keskin kamaytirish va Xitoydan AQShga noyob yer metallari oqimini qayta tiklash borasida prinsipial kelishuvga erishgan edi.
Tramp Xitoy mahsulotlariga qo‘yilgan joriy AQSh tarif stavkalarining — taxminan 55 foizini 10 noyabrgacha uzaytirishni ma’qullagan.
Muzokaralarda eng kutilayotgan natija — TikTokʼning xitoylik egasi Byte Dance'ga 17 sentabrgacha AQShdagi aktivlarini sotish muddati yana uzaytirilishi. Aks holda, ilova AQShda bloklanadi.
Tahlilchilarga ko‘ra, asosiy «natijalar» yil oxirida bo‘ladigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitida Tramp va Si o‘rtasidagi uchrashuvga qoldirilishi mumkinligini aytmoqda.
Mask Britaniya hukumatini almashtirishga chaqirdi
Amerikalik milliarder Ilon Mask Londondagi mitingda qilgan onlayn chiqishida Birlashgan Qirollik hukumatini almashtirish va parlamentni tarqatib yuborishga chaqirdi.
Ultra o‘ng kuchlarning «Qirollikni birlashtiramiz» deb nomlangan aksiyasi Tommi Robinson nomi bilan tanilgan faol Stiven Yaksli-Lennon tomonidan tashkillashtirildi.
Mask miting vaqtida videoqo‘ng‘iroq orqali u bilan suhbatlashdi. Videoqo‘ng‘iroq miting qatnashchilariga translatsiya qilindi.
«Men rostdan ham Buyuk Britaniyada hukumat almashishi zarur deb hisoblayman. Bizda navbatdagi saylovlarga to‘rt yil vaqt yo‘q. Bu juda uzoq muddat. Nimadir qilish kerak. Parlament tarqatilishi va yangi saylovlar o‘tkazilishi kerak», — dedi Mask.
Ma’lumot berilishicha, ushbu mitingda 100 mingdan ortiq kishi qatnashgan.
G‘azoga yordam kemasi
Yakshanba kuni Tunis shimolidagi La Goulette portidan G‘azoga yordam yetkazishga mo‘ljallangan flotiliya tarkibida qatnashayotgan Tunisning ilk kemasi suzib chiqdi. Bu kema Isroilning Falastin anklaviga qo‘ygan qamali barham topishi uchun uyushtirilayotgan xalqaro tashabbusga qo‘shildi. Bu haqda Anadolu nashri xabar bermoqda.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, kemada besh nafar faollardan iborat kichik guruh bor. Bu kema Shimoliy Afrikadan jo‘nayotgan 23 ta mahalliy va 22 ta xorijiy kemadan iborat Global Sumud Flotilla'sining Mag‘rib bo‘linmasi tarkibida jo‘nab ketgan birinchi kema hisoblanadi.
Yakshanba kuni Ispaniyaning uchta kemasi ham Tunisning Bizerte portidan chiqib, umumiy flotiliyaga qo‘shilish uchun yo‘l oldi.
Tashkilotchilarning bildirishicha, hozirda 47 mamlakatdan vakillar ishtirok etayotgan qariyb 50 ta kema Tunisning turli portlarida to‘plangan. Flotiliya tarkibida Yevropa, Lotin Amerikasi, AQSh, Pokiston, Hindiston va Malayziya davlatlaridan parlament a’zolari, san’atkorlar va siyosiy arboblar ham bor.
Tashkilotchilar bu tashabbusni oldingi, qatnashchilari Isroil tomonidan ushlanib, deportatsiya qilingan urinishlardan keskin farq qiluvchi, mislsiz tashabbus sifatida ta’riflamoqda.
Mahalliy rasmiylarning ma’lum qilishicha, 2023 yil oktyabridan buyon Isroil armiyasi G‘azoda deyarli 65 ming falastinlikni o‘limiga sabab bo‘ldi. Tinimsiz bombardimon anklavni yashash uchun yaroqsiz holga keltirgan, ochlik va kasalliklarning keng tarqalishiga olib kelgan.
Yaponiyada keksalar soni rekord darajaga chiqdi
Yakshanba kuni e’lon qilingan hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiyada 65 yosh va undan kattalarning jami aholi ulushi 29,4 foizga yetdi.
Yaponiya ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, keksalar soni 36,19 millionni tashkil etadi. Shundan 9,3 millioni hali ham ishlashda davom etmoqda, bu esa ketma-ket 21 yil davomida o‘sish qayd etilganini anglatadi. Yaponiyada har yettita ishchidan biri keksadir.
May oyida sanoat xavfsizligi va sog‘liq to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, kompaniyalar endi yoshi katta xodimlar uchun ish sharoitlarini yaxshilashi shart, chunki yosh ulg‘ayishi bilan mehnat jarayonidagi baxtsiz hodisalar xavfi ham oshadi.
Prognozlarga ko‘ra, 2040 yilga borib Yaponiyada keksa aholining soni 39,28 millionga yetadi va umumiy aholining 34,8 foizini tashkil etadi.
Mavzuga oid
15:07
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025