Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonmayapti – Kellog
AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog Rossiya qo‘shinlarining Donbassda oldinga siljiyotgani haqidagi xabarlarni «bema’nilik» deb atadi.
Foto: Reuters
Rossiya Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonmayapti, dedi AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog Kiyevga tashrifi chog‘ida.
«Agar Putin g‘alaba qozonganida, allaqachon Odessada bo‘lardi. Agar u g‘alaba qozonganida, Dneprning g‘arbida bo‘lardi. Agar u g‘alaba qozonganida, hukumatni almashtirgan bo‘lardi. Aslida Rossiya bu urushda yutqazmoqda», dedi Kellog.
Shuningdek, u Rossiya qo‘shinlarining Donbassda oldinga siljiyotgani haqidagi xabarlarni «bema’nilik» deb atadi.
«Agar milyaga emas, metrga siljishni oldinga siljish deb hisoblasak, ha, bu muvaffaqiyat. Ammo ular to‘layotgan narx juda katta», deb tushuntirdi Kellog.
Shuningdek, u yaqinda Oq uyda Rossiya armiyasining ahvolini muhokama qilganini aytdi.
«Gap go‘yoki Rossiya armiyasining qudrati haqida ketdi, ba’zilar uni juda kuchli dedi. Shunda men xonadagilarga: «Biz ularning adabini bergan bo‘lardik», dedim. Va men quyidagilarni nazarda tutgan edim: ularning da’volarini haqiqat sifatida qabul qilmaslik kerak. Ular Putin aytganchalik kuchli emas», dedi Kellog.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi mojaro tanklar va artilleriya qarama-qarshiligidan jang maydonida hukmronlik qilayotgan va urush iqtisodiyotini o‘zgartirgan dronlar jangiga aylangan.
«Rossiya endi avvalgidek emas. Yevropaliklar hozir kuchayib bormoqda va men Putinning o‘rnida bo‘lganimda, o‘zimning yadro qurolim haqida eslataverishni to‘xtatgan bo‘lardim, chunki u AQSh uyoqda tursin, Britaniya va Fransiyada ham bor», dedi Kellog.
Mavzuga oid
22:56 / 25.12.2025
Zelenskiy Putinga o‘lim tilayotganiga ishora qildi va Rossiyani «xudosizlik»da aybladi
16:37 / 25.12.2025
Rossiya uchun diversiya tayyorlaganlikda ayblanayotgan ukrainalik Germaniyaga topshirildi
15:58 / 25.12.2025
«Otuvga yoki hibsga tayyorman». NYT Kremlning urushga qarshi bo‘lgan mulozimi haqida
15:32 / 25.12.2025