Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo bosib olinmoqda: Isroil kim bilan urushyapti o‘zi?
Isroil armiyasi Falastinning G‘azo shahrini to‘liq bosib olishga kirishdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu va TSAHAL bayonot berdi. Bu gal G‘azoni bosib olish rejasi haqida qog‘ozga o‘rab ham o‘tirmay gapirishdi, Amerika bilan maslahat ham qilishmadi. Shunchaki «Biz G‘azoni egallashni boshladik», deb e’lon qilishdi qo‘yishdi.
Netanyahu ustidan sud
Isroil bosh vaziri G‘azoda yangi amaliyot boshlangani haqida sud eshituvi davomida aytgan. «Biz G‘azoda yangi intensiv operatsiya boshladik», degan Netanyahu korrupsiya ishi bo‘yicha sud eshituvida. Va uni ko‘rsatma berish majburiyatidan ozod qilishlarini so‘ragan.
Isroil mudofaa armiyasi TSAHAL esa yangi operatsiyani «HAMASning G‘azodagi infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan amaliyot» deb atadi. Amalda bu G‘azoni bosib olish operatsiyasining boshlanishidir. Bu haqda bir qator nashrlar yozib chiqdi. Isroilda G‘azoni bosib olish kerakligi haqida ochiq gapirishmoqda.
Sudga so‘roq berish uchun chaqirilgan Netanyahu ko‘rsatma berish o‘rniga «juda muhim ish boshlangani», bu G‘azoni egallab olish doirasidagi amaliyot ekanini aytib, uni bezovda qilmasliklarini so‘ragan. Netanyahuning aytishicha, u suddan atay yopiq majlis o‘tkazishni so‘ramagan, chunki Isroil go‘yoki qiyin pallada qolganini odamlarga aytishi kerak bo‘lgan.
Yana tanklar bilan
Isroil G‘azoni bosib olish uchun boshlagan bu galgi operatsiyasida yana tanklardan foydalanmoqda. Isroilda buni shunchaki harbiy amaliyot deyishyapti, lekin tanklar harbiylarga ovqat va suv tashib berish uchun olib kirilmagani aniq. Tank kirdimi, demak Isroil G‘azodagi qolgan qutgan butun binolarni ham yo‘q qilmoqchi. Avvalroq Isroil shahardagi omon qolgan baland binolarni o‘qqa tutgan, sabab sifatida go‘yoki HAMAS ulardan razvedka ma’lumotlari to‘plash uchun foydalanayotganini bildirgandi.
Suddan qochish uchun urush?
Esingizda bo‘lsa, HAMAS Isroilga hujum qilgan va keyin urush boshlangan vaqtda Binyamin Netanyahu ustidan ish ochilgan, odamlar uning islohotlaridan norozi bo‘lib namoyishga chiqqandi. Sal qosla Bibi qamalib ketishi ham mumkin edi. Urush uni qamoqdan qutqarib qoldi, uch yildan beri bemalol urushmoqda, birov uning «pishagini pisht degani yo‘q».
Urush cho‘zilgan sari isroilliklarda Netanyahuga nisbatan norozilik kuchaydi, unga nisbatan ayblovlar ilgari surila boshlandi. Va mana, janob bosh vazir korrupsiya ishi bo‘yicha eshituvga chaqirilganda, sudyaga ko‘rsatma berayotib yangi urush haqida e’lon qildi!
Bu zamonaviy podshohlar uchun urush taxtda qolishning eng qulay yo‘li bo‘lib borayotganini navbatdagi marta isbotlaydi. Netanyahuning Yevropada bir do‘sti bor, ular juda qalin, har zamonda telefonda gaplashib turishadi. Balki Netanyahu «taxtda qolish uchun urushish kerak» degan formulani o‘sha do‘stidan o‘rgangandir...
HAMAS qoldimi o‘zi?
Shu o‘rinda o‘rinli savol paydo bo‘ladi: Isroil «HAMASga qarshi yangi operatsiya boshladik», deb aytmoqda. Lekin! HAMAS qoldimi o‘zi, janoblar? Harakat kanalida chiqib bayonotlarni o‘qib beradigan Abu Ubayda o‘ldi, qaror qabul qiluvchi Yahyo Sinvar o‘ldi, xalqaro aloqalarni boshqargan Ismoil Xaniya o‘ldi, G‘azo tunellari asoschisi Muhammad Deyf o‘ldi. Kimga qarshi urushyapsiz o‘zi? Qanaqa infratuzilma haqida gapiryapsiz? Siz o‘q otayotgan joylarda yuz minglab tinch aholi yashaydi, u yerlarga o‘q otish tugul mashinani tez haydash mumkin emas, har qadamda odam «qaynab chiqadi».
Isroil «HAMASga qarshi urush» degan so‘zning ma’nosini tushuntirib berishi kerak. Ular aftidan G‘azoda kunda-kunora Isroil harbiylari o‘layotganini urush deb atamoqda. Lekin bir yigitning vataniga bostirib kirsang, u seni o‘ldirishi uchun HAMASchi bo‘lishi shart emas, yaqinlarini himoya qilish uchun ketmon bilan ham bosqinchini urib o‘ldiraveradi. Siz buning nomini urush deyapsizmi?
HAMAS asoschilaridan bo‘lmish Yahyo Sinvar aytganiday HAMAS Isroil armiyasi tasavvur qilganiday son-sanog‘i aniq, bo‘linmalari bor, ro‘yxati bor, hisobchisi bor, maosh oladigan armiya emas. HAMAS bu – g‘oya, shunchaki qarshilik g‘oyasi. Uni yo‘qotish uchun kuniga yuzlab tinch aholini o‘ldirish kerak emas, muzokara stoliga o‘tirib, hammasi qayerdan boshlanganini tahlil qilish kerak. Hammasi esa avvali 1947 yildan, keyin 1967 yildan boshlangandi. Isroil o‘sha xatolarini tan olmasa, bu urush tugamaydi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
13:42
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
12:51
«Haqiqat bo‘lishiga juda kuchli asoslar bor» – BMT bosh kotibi G‘azodagi urush jinoyatlari haqida
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
15:51 / 02.12.2025