Iqtisodiyot | 14:33 / 16.09.2025
5532
2 daqiqa o‘qiladi

Ilk o‘zbek kompaniyasi Google’ning sun’iy intellekt dasturiga qabul qilindi

“Heemera” MChJ – Google’ning nufuzli “Google Accelerator: AI First Program” dasturiga qabul qilingan tarixdagi ilk o‘zbek kompaniyasi bo‘ldi. Kompaniya Istiqlbolli loyihalar milliy agentligining “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi hisoblanadi. Kompaniya Google jamoasi bilan hamkorlikda blokcheyn tahlili, kripto-tergovlar va kripto-aktivlarni qaytarish sohasidagi sun’iy intellekt yechimlarini takomillashtiradi.

Foto: startup.google.com

“Heemera” MChJ Googleʼning nufuzli “Google Accelerator: AI First Program” dasturiga qabul qilindi. Bu haqda istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar berdi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, bu bilan “Heemera” MChJ Googleʼning ushbu dasturiga qabul qilingan ilk o‘zbek kompaniyasi bo‘ldi.

Akselerator dasturiga qo‘shilish “Heemera”ga Google mutaxassislari va ekotizimining texnik hamda biznes tajribasidan foydalanish imkonini beradi. Kompaniya shuningdek, shaxsiy yordam, maxsus treninglar, murabbiylik ko‘magi hamda mahsulotlarini rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha maslahatlar oladi

Dastur doirasida “Heemera” Google jamoasi bilan hamkorlikda blokcheyn tahlili, kripto-tergovlar va kripto-aktivlarni qaytarish sohasidagi sun’iy intellekt yechimlarini takomillashtiradi. Bundan tashqari, o‘z biznesini xalqaro miqyosda kengaytirishga ham yo‘naltiriladi.

“Heemera”ning ushbu akseleratorga qabul qilinishi O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi va sun’iy intellekt yo‘nalishida innovatsion loyihalarni rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa mamlakatning kriptoindustriya va zamonaviy texnologik yechimlar bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga yordam beradi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq O‘zbekistonda to‘lov vositasi sifatida (kriptovaluta turi) steyblkoinlardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Bu borada ILMA va Markaziy bank hamkorlikda ishlamoqda. 

Mavzuga oid