Jahon | 10:22 / 16.09.2025
6070
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo shahrini egallash maqsadida hujum boshladi

TSAHAL G‘azo shahrini nazorat ostiga olish uchun quruqlikdagi operatsiyani boshladi. Avvalroq Isroil razvedka xizmatlari Binyamin Netanyahuga bu rejadan voz kechishni maslahat bergan edi.

Foto: Dawoud Abu Alkas/REUTERS

Isroil mudofaa kuchlari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMAS harakatining so‘nggi tayanchi deb atagan G‘azo shahrini egallash uchun quruqlikdan hujum boshladi. Bu haqda 16 sentabr, seshanbaga o‘tar kechasi birinchi bo‘lib Axios internet nashri isroilliklarning ismini oshkor etmagan rasmiylariga tayanib xabar berdi. Jurnalistlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan 15 sentabr, dushanba kuni kechqurun Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo shahriga qarshi yirik havo hujumlarini amalga oshirgan. Ko‘p o‘tmay, Falastin matbuotiga ko‘ra, shaharga Isroil tanklari kirib kelgan. AFP axborot agentligi ham guvohlarga tayanib, G‘azo shahriga yirik hujumlar uyushtirilgani haqida xabar berdi.

16 sentabr kuni ertalab operatsiya boshlangani haqidagi ma’lumotni Isroil mudofaa vaziri Israel Kats tasdiqladi. Unga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi «terrorchilik infratuzilmasi»ga «temir musht» bilan zarba bermoqda. «G‘azo yonmoqda», deb yozgan Kats X mikroblogida. «TSAHAL askarlari garovga olinganlarni ozod qilish va HAMASni mag‘lubiyatga uchratish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish uchun mardonavor kurashmoqda. Vazifamiz bajarilmaguncha taslim bo‘lmaymiz va ortga chekinmaymiz», — deya ta’kidladi vazir.

13 va 14 sentabr, dam olish kunlarida Isroil G‘azo shahriga havo hujumlarini kuchaytirdi va TSAHALga ko‘ra, HAMAS harbiy maqsadlarda foydalanayotgan o‘nlab ko‘p qavatli binolarga zarba berdi, deb eslatadi mualliflar. Avvalroq TSAHAL falastinliklarni G‘azo shahrini tark etib, janubga «gumanitar hududlar»ga ko‘chib o‘tishga chaqirgan edi. O‘shandan beri, Axios ma’lumotlariga ko‘ra, 300 mingga yaqin odam shaharni tark etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid