Texnologiya | 21:45 / 16.09.2025
7228
3 daqiqa o‘qiladi

Odamlar kundalik masalalarda ChatGPT bilan tobora ko‘proq muloqot qilayotgani aniqlandi

Yangi tadqiqot chat-botning dasturchilar va kopirayterlar uchun maxsus ishchi vosita ekani haqidagi mashhur tasavvurlarni ko‘p jihatdan rad etadi. Endi odamlar kundalik hayotiy masalalarda unga ko‘proq murojaat qilmoqda.

Foto: Shutterstock

OpenAI kompaniyasi Harvard va Dyuk universitetlari tadqiqotchilari bilan hamkorlikda butun dunyo bo‘ylab odamlar ChatGPT’dan qanday foydalanayotgani haqidagi birinchi keng ko‘lamli tadqiqotni (.pdf) e’lon qildi.

Natijalar chat-botning dasturchilar va kopirayterlar uchun maxsus ishchi vosita ekani haqidagi mashhur tasavvurlarni ko‘p jihatdan rad etadi.

Tadqiqotning asosiy xulosasi shundaki, ChatGPT so‘rovlarining aksariyati ish bilan bog‘liq emas. Agar 2024 yil iyun oyida ish bilan bog‘liq bo‘lmagan so‘rovlar ulushi 53 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil iyuliga kelib, chat-bot auditoriyasi haftasiga 700 million faol foydalanuvchiga yetganida (sayyoramiz katta yoshli aholisining taxminan 10 foizi), «ish bilan bog‘liq bo‘lmagan» muloqotlar ulushi 73 foizga yetgan. Shu bilan birga, «ish bo‘yicha muloqot»larning mutlaq soni ham oshdi, ammo ularning umumiy hajmdagi ulushi sezilarli darajada kamaydi.

ChatGPT’dan professional foydalanish odatda yuqori maosh oladigan oliy ma’lumotli mutaxassislarga xos bo‘lib, ular ko‘pincha neyron tarmog‘idan ish xatlari, hujjatlar va hisobotlarni yozish va tahrirlash uchun foydalanmoqda.

Foydalanishning eng mashhur toifasi «Amaliy tavsiyalar» bo‘ldi. Bunga mashg‘ulot rejalarini tuzish, retseptlarni topish, bolalarni tarbiyalash bo‘yicha maslahatlar, o‘qishga yordam berish va sevimli mashg‘ulot uchun g‘oyalar yaratish bo‘yicha so‘rovlar kiradi.

Ikkinchi o‘rinda «Axborot qidirish» joylashgan bo‘lib, bu chat-botni an’anaviy qidiruv tizimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisiga aylantiradi.

Uchinchi eng mashhur toifa - «Matn yozish» bo‘lib, u elektron xatlar, ijtimoiy tarmoqlar uchun postlar va boshqa hujjatlarni yaratish va tahrirlashni o‘z ichiga oladi. Bu uch yo‘nalish birgalikda barcha suhbatlarning deyarli 80 foizini qamrab oladi.

Stereotiplardan farqli o‘laroq, tor ixtisoslashgan vazifalar kamchilikni tashkil etdi. Masalan, kompyuter dasturlash sohasiga so‘rovlarning atigi 4,2 foizi to‘g‘ri keladi. Bundan ham kamroq odamlar ChatGPT’dan ko‘ngil ochish yoki hissiy qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanadi - o‘yinlar, rolli ssenariylar va shaxsiy munosabatlarni muhokama qilish dialoglarning atigi 2 foizini tashkil etadi.

Tadqiqot muhim demografik siljishlarni ham aniqladi. Agar loyiha boshida foydalanuvchilar orasida erkaklar (taxminan 80 foiz) ustunlik qilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib, gender tafovuti deyarli yo‘qoldi. Bundan tashqari, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda ChatGPT mashhurligining jadal o‘sishi qayd etildi, bu texnologiyaning global va tobora bir tekis tarqalishidan dalolat beradi.

Mavzuga oid