Jahon | 12:21 / 16.09.2025
3718
10 daqiqa o‘qiladi

Sanksiyalardan qochayotgan Rossiya, Isroil hujumini qoralagan Islom davlatlari va Venesuela qayig‘iga zarba bergan AQSh – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh HAMASni yo‘q qilish rejasini to‘liq qo‘llashini aytdi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Quddusga tashrifi davomida Tramp ma’muriyati nomidan Benyamin Netanyahuga to‘liq qo‘llab-quvvatlash bildirdi. Uning aytishicha, Vashingtonning ustuvor maqsadlari — isroillik garovdagilarni ozod qilish va HAMASni yo‘q qilish.

Netanyahu yonida turib qilgan chiqishida Rubio sulh ehtimolini tilga olmadi va o‘tgan hafta Qatarda HAMAS rahbarlariga qarshi amalga oshirilgan, AQShning yaqin ittifoqchisiga hujum bo‘lgan zarba uchun ilgari bildirgan tanqidini qaytalamadi.

Qatarga yana zarba beriladimi degan savolga Netanyahu: «Terrorchilarning ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, daxlsizlikka ega emasligi prinsipi amal qiladi», - deb javob berdi.

Davlat departamenti xabariga ko‘ra, Rubio seshanba kuni Londonga ketayotib Dohada to‘xtaydi. Maqsad — Isroilning o‘tgan seshanbadagi hujumidan so‘ng Fors ko‘rfazi bilan AQSh aloqalariga yetgan zararni yumshatish.

Rubio, shuningdek, AQShning ayrim ittifoqchilari — Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Belgiya va Avstraliya — Falastinni tan olishga hozirlanayotgani tinchlikka to‘sqinlik qilishi haqida ogohlantirdi. «Bu guruhlarni yanada ruhlantiradi. Shuning uchun AQSh bunday davlatlarni ogohlantirdi: Isroil bu qarorlar uchun qarshi choralar ko‘radi», - dedi u. Bunga G‘arbiy Sohilning bosib olingan hududlarini qo‘shib olish ehtimoli ishora qilingan bo‘lishi mumkin.

Rubio G‘azo shahriga rejalashtirilgan quruqlikdagi hujum haqida izoh bermadi. Shu hujum oldidan Isroil armiyasi shahardagi ko‘p qavatli uylarni vayron qilmoqda va aholiga evakuatsiya qilishni buyurmoqda, bu esa xalqaro hamjamiyatning keskin qoralashiga sabab bo‘lmoqda.

Isroil hujumlari oqibatida, bugunga kelib G‘azoda 64 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana minglab odamlar vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Qurbonlarning katta qismi tinch aholidir.

Rossiya barter orqali sanksiyalarni chetlab o‘tmoqda

Rossiya tashqi savdosida 1990 yillardan beri birinchi marta barter savdosi ulushi ortib bormoqda, deb yozadi Reuters. Shu yo‘l orqali Moskva va uning hamkorlari ikkilamchi sanksiyalar bilan bog‘liq xavflardan qochishga harakat qilmoqda.

Xitoydagi ko‘plab banklar sanksiyalar ro‘yxatiga tushishdan qo‘rqadi, shuning uchun ular Rossiyadan pul qabul qilishni istamaydi – barter operatsiyalarini kuzatish esa ancha murakkabroq.

Reuters nashri o‘rgangan yirik barter bitimidan birida Xitoy avtomobillari Rossiyaga bug‘doy evaziga yetkazib berilgan: rossiyalik kontragent Rossiyada donni rublga sotib olib, xitoylik hamkorlarga topshirgan, ular esa o‘z navbatida Xitoyda oldindan yuanga sotib olingan avtomobillarni berishgan.

Yana ikkita kelishuvda esa Rossiya kompaniyalari zig‘ir urug‘ini maishiy texnika va qurilish materiallariga almashtirgan; bunday operatsiyalardan birining qiymati 100 ming AQSh dollaridan oshgan. Boshqa operatsiyalarda rossiyalik kontragentlar Xitoyga mashinalar va Xitoy xizmatlari evaziga alyuminiy, boshqa metallar va xomashyo yetkazib bergan. Pokiston bilan ham bir barter bitimi tuzilgani ma’lum.

Manbalar Rossiyada bunday amaliyot «tobora ommalashib borayotgani»ni tasdiqladi. Bunday bitimlarning shaffof emasligi sababli barter savdosining umumiy hajmini aniqlash juda qiyin.

AQSh va Xitoy TikTok bo‘yicha kelishuvga erishdi

AQSh va Xitoy rasmiylari dushanba kuni ma’lum qilishicha, ular TikTokʼni AQSh nazoratidagi egalikka o‘tkazish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgan. Bu kelishuvni AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy prezidenti Si Jinping juma kuni bo‘ladigan qo‘ng‘iroq orqali tasdiqlashi kutilmoqda.

AQSh moliya vaziri Skott Bessentga ko‘ra, bitimning tijoriy shartlari e’lon qilinganda, u xitoylik muzokarachilar ahamiyat beradigan TikTokʼning madaniy jihatlarini saqlab qoladi.

«Ular ilovaning xitoycha xususiyatlarini 'yumshoq kuchʼ deb biladi. Biz esa xitoycha xususiyatlarga e’tibor bermaymiz, biz uchun milliy xavfsizlik muhim», - dedi Bessent.

Tramp esa Xitoy kompaniyada ulush saqlab qoladimi degan savolga: «Biz hali qaror qilmadik, lekin menimcha yo‘q. Men juma kuni prezident Si bilan gaplashaman, u tasdiqlaydi», - deb javob berdi.

AQSh 100 milliondan ortiq TikTok foydalanuvchilarining ma’lumotlari Xitoy hukumati qo‘liga o‘tishi va Pekin amerikaliklarni josuslik qilish yoki ilova orqali ta’sir o‘tkazishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Shunga qaramay, Tramp ma’muriyati millionlab foydalanuvchilarni g‘azablantirish, siyosiy muloqotlarni izdan chiqarish ehtimolidan ilovani yopmayapti. Balki uni amerikalik milliarderlar tomonidan sotib olinishiga harakat qilmoqda.

Xitoyning bosh savdo muzokarachisi Li Changgang esa bunday xavotirlarni «bir tomonlama bosim» deb atadi.

«AQSh bir tomondan Xitoydan o‘z xavotirlariga e’tibor qaratishni so‘raydi, ikkinchi tomondan esa xitoy kompaniyalarini siquvda davom etadi», - dedi Li.

BMT Ukrainaga tinchlikparvarlar yuborilishini istisno etmadi

BMT Bosh assambleyasi raisi Annalena Berbok so‘zlariga ko‘ra, BMT tinchlikparvar kuchlarining ishtiroki kelajakda Ukrainadagi urushni tartibga solishning bir qismiga aylanishi mumkin. «Agar gap tinchlik shartnomasi haqida ketsa, uni iloji boricha himoya qilish kerak bo‘ladi. Va agar a’zo davlatlarning ko‘pchiligi buning uchun ko‘k dubulg‘alilar kerak desa, bu tinchlikni uzoq vaqt davomida ta’minlashi mumkin», dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari nemis nashriga bergan intervyusida.

Berbok birinchi navbatda tinchlik muzokaralari boshlanishi kerakligini ta’kidladi. Ukraina ittifoqchilari bir necha oydan beri ehtimoliy sulh yoki tinchlik shartnomasini ta’minlash variantlarini muhokama qilmoqda, biroq Rossiya haligacha muloqotga kirishish istagini ko‘rsatgani yo‘q.

2022 yil fevral oyidan beri Ukraina Rossiyaning keng ko‘lamli qurolli bosqinini qaytarmoqda. Kiyev sulh tuzilsa yoki urush tugasa, mamlakatga aniq xavfsizlik kafolatlari kerak bo‘lishini ta’kidlamoqda. Harbiy ekspertlar va olimlarning fikricha, buning uchun Yevropa ittifoqchilaridan yuz minglab askar kerak bo‘ladi. BMTning ko‘k dubulg‘alilar missiyasi muqobil variant sifatida ko‘rib chiqilmoqda.

Arab-Islom davlatlari Isroilning hujumlarini qoraladi

15 sentabr kuni Dohada Islom Hamkorlik tashkiloti va Arab Ligasi qo‘shma sammiti bo‘lib o‘tdi.

Navbatdan tashqari qo‘shma sammit ishtirokchilari Isroilning Qatarga qilgan hujumini qoralab, yangi faktik holatni o‘rnatish rejalari va urinishlariga qarshi kurashish zarurligini ta’kidladi.

«Biz Isroilning Qatar poytaxti Doha shahriga qilgan qo‘rqoq va noqonuniy hujumini qat’iy qoralaymiz. Biz ushbu hujum barcha arab va islom davlatlariga qarshi hujum ekanini tasdiqlaymiz», deyildi sammit yakunida qabul qilingan bayonotda.

Shuningdek, hujjatda — Isroil hujumiga javoban BMT Nizomi doirasida Qatarning barcha harakatlarini qo‘llab-quvvatlash niyati ifoda etilgan. Sammit yetakchilari Isroilning Qatarga yoki boshqa arab va Islom davlatlariga yana zarba berish haqidagi tahdidlarini keskin rad etdi.

Hujum Qatar suverenitetini ochiq buzish va mintaqaviy tinchlikka jiddiy tahdid sifatida baholandi, Qatarning bu tajovuzga qarshi kurashida uni to‘liq qo‘llab-quvvatlash bildirildi.

«Biz Isroilning mintaqada yangi status-kvoni majburan o‘rnatish rejalariga qarshi turish va ularga qarshi kurash zarurligini yana bir bor ta’kidlaymiz», deyiladi yakuniy hujjatda.

AQSh yana Venesuela qayig‘iga zarba berdi

Prezident Donald Trampning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga tegishli ikkinchi qayiqni urib tushirgan va giyohvand moddalar tashiyotgan deb aytilayotgan uch nafar «terrorchini» o‘ldirgan. U bu harakatni — narkokartellarga qarshi urushni kengaytirish va ularni to‘xtatish uchun harbiy kuchdan foydalanish doirasini kengaytirish sifatida taqdim etdi.

Prezident hujum tafsilotlarini oshkor qilmadi. U ijtimoiy tarmoqlarda bu operatsiya uning buyrug‘i bilan ertalab amalga oshirilganini ma’lum qildi. Postga qayiqning portlab, yong‘inga aylangan videosi ilova qilingandi.

«Bu tasdiqlangan venesuelalik narkoterrorchilar xalqaro suvlarda noqonuniy narkotik moddalarni AQShga tashiyotgan paytda hujum amalga oshirildi», - deb yozdi Tramp o‘z sahifasida.

Trampning bayonoti hujumga qonuniy asos bo‘lishini ko‘rsatishga urinishdek talqin qilindi. Chunki o‘tgan oy boshida shunga o‘xshash birinchi operatsiya Vashingtonda katta tanqidga sabab bo‘lgandi.

So‘nggi hujumlar AQShning Venesuela atrofida harbiy kuchlarini massiv yig‘ishi fonida amalga oshirilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, Maduro atrofidagilar AQSh dengiz kuchlarining joylashtirilishini avvaliga Trampning muzokara uslubi sifatida qabul qilgan. «Ammo kunlar o‘tgan sari ular Vashington bosqinga tayyorlanmoqda degan xulosaga kelishdi». 

Mavzuga oid