Iqtisodiyot | 16:40 / 17.09.2025
15978
2 daqiqa o‘qiladi

Dollarning rasmiy kursi oxirgi 22 oylikdagi eng past darajaga tushdi

Dollar kursi ketma-ket to‘rtinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 193 so‘mga (1,3 foiz) arzonlashdi. 18 sentabr kuni amalda bo‘ladigan 12 254 so‘mlik rasmiy kurs – 2023 yilning 6 noyabridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki 18 sentabrdan boshlab xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 30,8 so‘mga o‘z qiymatini yo‘qotdi.

Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket to‘rtinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 193 so‘mga (1,38 foiz) — 12 426 so‘mdan 12 254 so‘mga arzonlashdi. Bu – 2023 yilning 6 noyabridan (12 254 so‘m) beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.

Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan 5 foizga mustahkamlandi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning mos davrida so‘m 3,1 foizga (12 352 so‘mdan 12 739 so‘mga) qadrsizlangan edi.

Kun davomida Amerika valutasini 12 295 so‘mdan boshlab sotib olish mumkin bo‘ldi. 

Ayni paytda so‘m kursining mustahkamlanishiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning oshishi, asosiy hamkor davlatlar milliy valutalarining barqarorlashishi va oltin narxining qimmatlashishi fonida eksportning o‘sishi va savdo taqchilligining qisqarishi kabi omillar ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid