Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«O‘g‘lim urush bizga ham kelyaptimi, deb so‘radi» – polshaliklar Rossiya dronlari hujumidan keyin
The Wall Street Journal nashri Rossiya dronlari bostirib kirishi ortidan Polshadan reportaj tayyorladi.
10 sentabrga o‘tar kechasi Rossiyaning 20 dan ortiq uchuvchisiz qurilmalari Polsha hududiga uchib kirgandi. Ularning bir qismi urib tushirilgan, dronlarni tutib olish uchun qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan. Polshaning Ukraina bilan chegaradosh sharqiy hududi aholisi o‘z kelajagidan xavotirda, deb yozadi The Wall Street Journal. Nashr jurnalistlari suhbatlashgan ayollardan biri – Ala Vesolovska. 10 sentabr kuni ertalab u nonushta tayyorlamoqchi bo‘lganida, uyi ustidan uchib o‘tayotgan dron ovozini eshitgan. «To‘g‘ridan to‘g‘ri boshim ustidan, juda pastlab uchdi, juda baland ovoz chiqardi», – deydi uyi Ukraina chegarasidan taxminan 30 kilometr masofada joylashgan Vesolovska.
38 yoshli Katajina Jvigala bolalari bilan Vixalyov qishlog‘idagi fermasida yashaydi – Ukraina chegarasidan 40 daqiqalik yo‘l. O‘sha kuni bolalarni maktabga yig‘ayotib, gursillagan tovushni eshitgan. Keyinroq bu uchuvchisiz uchish apparati ekanini bilgan. «O‘g‘lim urush bizga ham o‘tyaptimi, deb so‘radi», – deydi Katajina. Ayol uni tinchlantirishga urinadi, lekin o‘zi ham shunga o‘xshash narsalar haqida o‘ylagan.
The Wall Street Journal nashri Rossiya dronlari bostirib kirishini Polsha uchun Ukrainadagi urushni idrok etishda «yangi bob» deb atadi. Nashrning ta’kidlashicha, Polsha allaqachon «Rossiyaning qo‘poruvchilik operatsiyalari nishoni» bo‘lgan, bu operatsiyalar maqsadi Varshavaning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini zaiflashtirish hisoblanadi. Ammo dronlar bostirib kirishi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvni yaqinlashtiradi, deyiladi materialda.
13 sentabr, shanba kuni Polsha qiruvchi samolyotlari Rossiya dronlari hujumi xavfi tufayli yana havoga ko‘tarildi. Mamlakat qurolli kuchlari qo‘mondonligi bu harakatlar profilaktik xarakterga egaligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Polsha sharqidagi Lyublin shahri aeroporti parvozlar uchun yopildi. Mamlakat sharqidagi Kshivovejba qishlog‘ida yashovchi er-xotin Edita va Tomash Vecherek telefonlariga aviatsiya ishlayotgani va dronlar hujumi xavfi haqida ogohlantirish kelganida qahva ichib o‘tirishgandi. Jurnalistlar bilan suhbatda ular Polsha rasmiylaridan hafsalasi pir bo‘lganini aytishdi, chunki ular hali ham fuqarolarga bunday vaziyatda qanday harakat qilish kerakligini tushuntirishmagan. Editaning fikricha, hukumat dronlar hujumi paytida aholiga nima qilish kerakligi tushuntiriladigan mashg‘ulotlar o‘tkazishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 yoshli qizi endi uyning ikkinchi qavatidagi xonasida uxlashdan bosh tortmoqda – qishloqdagi tanish oila uyining tomiga dron parchalari tushgan.
Mamlakat sharqida yashovchilar rasmiy izoh kutishda davom etmoqda. Ularning uylari ustidagi osmonda nima sodir bo‘ldi va endi nimani kutish kerak, degan savol tug‘ilmoqda. WSJ ta’kidlaganidek, mahalliy aholining o‘zi 10 sentabr voqealari xronologiyasini tuzishga harakat qilmoqda va shunday savol qo‘ymoqda: qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilishi foydadan ko‘ra zararli bo‘lmadimi?
Urushning dastlabki oylari va yillarida Ukrainadan millionlab qochqinlarni qabul qilgan Polshada Rossiya dronlari bostirib kirishi jamiyatni ikkiga bo‘lib yubordi, deyiladi materialda. Ba’zilar uchun sodir bo‘lgan voqea ukrainlar bilan yanada ko‘proq birdamlikka sabab bo‘lsa, boshqalar uchun Kiyev Polshani mojaroga tortishga urinayotgani haqidagi signaldir. Ba’zilar ruslarning dronlar go‘yoki Ukraina tomonidan Polshaning Rossiya bilan mojarosini kuchaytirish maqsadida uchirilgani yoki shu tomonga burib yuborilgani haqidagi narrativini takrorlamoqda.
«Dezinformatsiya ham xuddi shunday haqiqiy tahdiddir. Men bu yerda NATO qo‘shinlarini ko‘rishni istardim. Biz Ukraina bilan chegaradan atigi 12 kilometr masofada joylashganmiz, shuning uchun bularning barchasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsa», – dedi Viriki-Volya qishlog‘i rahbari Bernard Blashchuk, u yerda qulagan dron parchalari uylardan biriga zarar yetkazgan.