Jahon | 10:52 / 17.09.2025
4308
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Zelenskiy Rossiya bilan kelishuvga erishishi kerak

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy Putin bilan «kelishuvga erishishi» kerak. Tramp, shuningdek, ularning uchrashuvida qatnashishini istisno etmadi, chunki Ukraina va Rossiya prezidentlari «bir-birlaridan nafratlanadi».

Foto: Ben Curtis / AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainadagi urushni tugatish uchun Moskva bilan «kelishuvga erishishi» kerak. Bu haqda 16 sentabr, seshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyaga safaridan oldin aytib o‘tdi. Tramp qanday kelishuv haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi.

Amerika yetakchisi, shuningdek, Zelenskiy va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralarda ishtirok etishini istisno etmadi. «Tango uchun ikki kishi kerak. Bular bir-biridan nafratlanadigan ikki kishi, Zelenskiy va Putin hamda men ular bilan bir xonada o‘tirishga majbur bo‘laman shekilli, chunki ular birga xonada o‘tira olmaydi. Nafrat ko‘p», — deya Trampning so‘zlarini keltiradi Independent nashri.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio Tramp va Zelenskiy kelasi haftada Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasida uchrashishi mumkinligini aytgan edi. Rubioning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga urinmoqda.

«U harakat qilishda davom etadi. Agar tinchlik imkoni bo‘lsa, unga erishishni istaydi. Qaysidir nuqtada prezident buning iloji yo‘q degan xulosaga kelishi mumkin. U hali bu darajaga yetmagan, lekin yetishi mumkin», — deydi Rubio. Tramp va Zelenskiy oxirgi marta 18 avgust kuni Vashingtonda uchrashgan.

Mavzuga oid