Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevroittifoqning «dron devori», Navalniy bevasi da’volari va Pokiston bilan mudofaa paktini imzolagan MBS – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azoda halok bo‘lganlar soni 65 mingdan oshdi
Isroil armiyasi chorshanba kuni G‘azo shahrida Hamasga qarshi harakatlarini kuchaytirish bahonasida falastinliklar shahardan chiqishi uchun 48 soatga qo‘shimcha yo‘l ochayotganini ma’lum qildi.
Isroil yer ustidan hujum boshlanganini e’lon qilganidan bir kun o‘tib, tanklar shaharning markaz va g‘arbiy tomonlariga uch yo‘nalishdan qisqa masofalarda siljidi, ammo katta ilgarilash haqida xabar qilinmadi.
Isroillik rasmiyga ko‘ra, uni to‘liq egallash uchun bir necha oy ketishini, agar Hamas bilan otashkesim tuzilsa, operatsiya to‘xtatilishi mumkinligini aytdi. Biroq o‘tgan hafta Isroil Dohaga hujum qilgach, otashkesim imkoniyati uzoqlashdi.
Shaharda yuz minglab odamlar boshpanaga jamlangan, ko‘plari esa Isroil buyrug‘iga ko‘ra janubga qarab ketishdan bosh tortyapti. Sabab – yo‘ldagi xavf-xatarlar, og‘ir sharoitlar, janubda oziq-ovqat tanqisligi.
«Hatto agar biz G‘azo shahrini tark etmoqchi bo‘lsak ham qaytishimizga kafolat bormi? Urush qachon tugaydi? Shuning uchun men o‘z mahallam – Sabrada o‘lishni afzal ko‘raman», dedi Reuters bilan gaplashgan Ahmad ismli o‘qituvchi.
Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari ma’lum qilishicha, chorshanba kuni Isroil zarbalari va otishmalarida G‘azo sektori bo‘ylab kamida 63 kishi halok bo‘ldi, qurbonlarning asosiy qismi G‘azo shahrida. Halok bo‘lganlar orasida 13 kishi shahardan chiqish buyrug‘ini bajarayotgan bo‘lgan.
Falastin va BMT rasmiylariga ko‘ra, G‘azoda hech qaysi joy xavfsiz emas, hatto Isroil «gumanitar zona» deb atagan janubda ham. Xususan, seshanba kuni havo zarbasida janubga yo‘l olgan bir mashinada besh kishi halok bo‘ldi.
Yevroittifoq chegarasida «dron devori»
Rossiya dronlari tomonidan Polsha va Ruminiya havo hududi buzib kirilishi bilan bog‘liq so‘nggi voqealar fonida Yevropa Ittifoqida hamjamiyatning sharqiy qismidagi chegaralarni himoya qilish bo‘yicha xavotirlar ortib bormoqda, deb yozadi Financial Times.
Ro‘y bergan hodisalar shuni ko‘rsatdiki, NATO davlatlari nisbatan arzon dronlarni to‘xtatish uchun juda qimmat texnologiyalarga tayanadi, bu esa «Moskva kelajakda foydalanishi mumkin bo‘lgan jiddiy zaiflikdir».
Vaziyatni o‘nglash uchun milliy hukumatlar muvofiqlashgan holda Yevropa Ittifoqi mablag‘lari hisobidan Ukrainada o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan arzonroq himoya tizimlarini sotib olishi kerak.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining markaziy rahbariyati bunday yondashuv to‘liq integratsiyalashgan texnologiyalarga asoslangan taqdirdagina samarali bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 10 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya tahdidlariga «real vaqt rejimida» javob berish uchun «dron devori» barpo etishi kerakligini aytdi. U Ukraina bilan birgalikda «dronlar alyansi» tuzilishini e’lon qildi, bu Yevropaga o‘z mudofaasini mustahkamlash uchun Ukrainaning keng ko‘lamli tajribasidan foydalanishga imkon beradi. Ushbu mablag‘lar uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlari garovi ostida 6 milliard yevro kredit ajratiladi.
Aleksey Navalniy koloniyada zaharlangani aytildi
Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning bevasi – Yuliya Navalnayaning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i 2024 yil fevral oyida koloniyada zaharlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, biologik materiallarni tahlil qilgan ikkita laboratoriya shunday xulosa bergan. Navalnaya laboratoriyalardan natijalarni rasman e’lon qilishni talab qildi.
«2024 yil fevral oyidayoq biz Alekseyning biologik materiallari namunalarini ishonchli tarzda chet elga jo‘natishga muvaffaq bo‘lgandik. Ikki mamlakatdagi laboratoriyalar bir-biridan mustaqil ravishda ushbu namunalar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazgan. Bir necha oy oldin men natijalar chiqqanidan va ushbu laboratoriyalar Aleksey zaharlab o‘ldirilgan, degan xulosaga kelganidan xabar topdim», – deya yozgan Navalnaya.
Bu qanday laboratoriyalar va ular qaysi mamlakatlarda joylashganiga siyosatchining bevasi aniqlik kiritmadi. U «turmush o‘rtog‘i Aleksey Navalniy aynan nimadan zaharlangani bo‘yicha tadqiqotlar natijalari oshkor etilishi»ni talab qilgan.
Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati Navalniyning o‘limi haqida 2024 yil 16 fevralda xabar bergandi. Siyosatchining safdoshlari avval ham u o‘ldirilganini aytib, uning o‘limida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ayblagandi.
Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati Navalnayaning bayonotiga munosabat bildirmadi. Rasmiylar Navalniy koloniyada zo‘ravonlik natijasida halok bo‘lgani haqidagi versiyani muntazam ravishda rad etib kelgan.
Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘zaro mudofaa paktini imzoladi
Saudiya Arabistoni va yadroviy qurolga ega Pokiston chorshanba kuni rasmiy o‘zaro mudofaa paktini imzoladi. Bu qadam – arab ko‘rfazi davlatlari AQShni uzoq yillik xavfsizlik kafolatchisi sifatida ishonchliligiga shubhalanishlari kuchaygan bir sharoitda paydo bo‘ldi. O‘tgan hafta Isroilning Qatarga hujumi bu xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Pakt mintaqadagi strategik muvozanatni o‘zgartirishi mumkin. Vashington ittifoqchilari bo‘lgan Ko‘rfaz monarxiyalari uzoq yillik xavfsizlik xavotirlarini hal qilish uchun ham Eron, ham Isroil bilan munosabatlarni barqarorlashtirishga intilgan edi.
Biroq G‘azo urushi butun mintaqani izdan chiqardi va Qatar bir yil ichida ikki marta – avval Eron, keyin esa Isroil hujumlariga duchor bo‘ldi.
«Pakt doirasida Pokiston Saudiya Arabistoniga yadroviy «qalqon» taqdim etishi shartmi?» degan savolga saudiyalik yuqori lavozimli rasmiy «Bu barcha harbiy vositalarni qamrab oluvchi keng qamrovli mudofaa kelishuvi», deb javob berdi.
«Kelishuvda qayd etilishicha, bir davlatga qarshi qilingan har qanday tajovuz ikkisiga qarshi qilingan tajovuz hisoblanadi», deyilgan Pokiston bosh vaziri devoni bayonotida.
Trampga britancha xushomad
AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Buyuk Britaniyaga davlat tashrifi davomida Vindzor qasriga safar qildi va Podshoh Charlz III bilan uchrashdi.
Tramp – zamonaviy davrda bir monarx tomonidan ikki marta davlat tashrifida qabul qilingan ilk saylangan siyosiy rahbarga aylandi.
Ular Vindzordagi tantanali marosimda ishtirok etayotganda – Londonda minglab odamlar «Stop Trump» harakati uyushtirgan norozilik namoyishi o‘tkazdi. Ular qo‘llarida anti-Tramp shiorlari va Falastin bayroqlarini ko‘tarib yurishdi.
Safarda Trampga asosiy maslahatchilaridan tashqari yirik moliyaviy figuralar: Blackstone rahbari Stiv Shvarsman, Rupert Myordok, Apple rahbari Tim Kuk, Nvidia rahbari Jyensen Xuang va OpenAI rahbari Sem Altman ham hamrohlik qilmoqda.
Payshanba kuni Tramp Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer bilan uchrashadi. Ular matbuot anjumani o‘tkazishlari kutilmoqda.
Endi Green Card o‘ynash pulli
2025 yil 16 sentabrdan boshlab, Green Card lotereyasining barcha ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tish uchun 1 AQSh dollari to‘lashi shart. Bu haqda AQSh Federal reyestrida ma’lum qilindi.
Yangilik lotereyada ishtirok etish uchun ariza berilgan paytda undiriladigan qo‘shimcha yig‘im hisoblanadi. Ilgari ishtirok etish bepul edi. Ammo faqat g‘olib bo‘lganlar va viza hujjatlarini topshirganlar $330 to‘lagan.
Yangi to‘lovni joriy etishdan maqsad - lotereyani tashkil etish xarajatlarini faqat tanlangan ishtirokchilar o‘rtasida emas, balki barcha arizachilar o‘rtasida adolatliroq taqsimlash ekani ta’kidlanmoqda. Xususan, mablag‘lar ma’lumotlarni qayta ishlash va himoya qilish, g‘oliblarni avtomatik tanlash va dasturning texnik infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yillik xarajatlarni qoplaydi. Shu bilan birga, viza arizasini ko‘rib chiqish uchun asosiy yig‘im miqdori ($330) o‘zgarmay qoldi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imini undirish soxta arizalar va dasturni suiiste’mol qilish holatlarini kamaytirishga qaratilgan. Ro‘yxatdan o‘tish badali to‘lovi ishtirok etish natijalaridan qat’i nazar qaytarilmaydi va kelgusi lotereyalarga o‘tkazilmaydi.
Green Card – AQShda 1990 yildan beri chet elliklarga har yili tasodifiy ravishda 50 mingta yashash guvohnomasi tarqatiladigan dastur. 2025 yil may oyida e’lon qilingan lotereya natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston saralab olingan g‘oliblar bo‘yicha mamlakatlar ro‘yxatida yetakchilik qildi - 5564 kishi. Keyingi o‘rinlarda Jazoir va rossiyaliklar eng ko‘p lotereyadan yutgan.
Mavzuga oid
15:07
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025