Jahon | 23:42 / 19.09.2025
5115
2 daqiqa o‘qiladi

Albaniya parlamentida sun’iy intellekt vaziri nutqidan keyin mojaro yuz berdi

Deputatlar bosh vazir va vazirlarga Konstitutsiya kitobi nusxalari va shisha idishlarni uloqtirdi.

Foto: Pamfleti

Albaniya parlamentida birinchi sun’iy intellekt vaziri Diella nutqidan keyin bosh vazir Edi Ramaga qarata suvli idishlar uloqtirildi, deb xabar berdi Albanian Times.

Nashrning yozishicha, Albaniya parlamenti 18 sentabr kuni hukumat dasturini taqdim etish va yangi kabinetga ishonch bildirish uchun ovoz berish maqsadida kutilganidan ancha qisqa sessiya o‘tkazdi. Yig‘ilish taxminan 24 daqiqa davom etdi.

82 nafar sotsialist deputat bosh vazir Edi Ram kabinetini yoqlab ovoz berdi, shundan so‘ng spiker Niko Peleshi majlisni darhol yopdi. Sun’iy intellektga (SI) asoslangan yangi virtual vazir — Diella paydo bo‘lishi muxolifat deputatlarida kuchli reaksiya uyg‘otdi, ular stollarni taqillatib, yig‘ilishni barbod qilishga urindi.

Edi Rama yig‘ilishdan parchani e’lon qildi. Video oxirida muxolifatchilar qanday g‘azablanganini ko‘rish mumkin.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda mojaro davom etayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi - deputatlar tom ma’noda bosh vazir va vazirlarga Konstitutsiya kitobi nusxalari va shisha idishlarni uloqtirdi.

Besh daqiqalik tanaffus mojaroni pasaytirishga yordam bermadi. Hatto xorijlik elchilarning zalda quloqchin taqib, munozaralarni kuzatib turgani ham tartibsizliklarni to‘xtata olmadi.

Diella ham parlamentga murojaat qilib, o‘zining tayinlanishi Konstitutsiyaga zid emasligini aytdi va deputatlardan o‘z roliga erta baho bermaslikni so‘radi.

Albaniyada sun’iy intellekt asosida yaratilgan model davlat xaridlari uchun mas’ul vazir vazifasini bajarishi va Diella deb atalishi haqida 12 sentabr kuni xabar berildi.

18 sentabr kuni Diella parlamentdagi dastlabki murojaatida deputatlarga mamlakat konstitutsiyasi qoidalarini eslatib, o‘zini maqtagan edi.

Mavzuga oid