Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Migrantlar gettosi» va to‘lanmayotgan soliqlar – Putinning partiya rahbarlari bilan uchrashuvida nimalar deyildi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning parlamentdagi fraksiyalar rahbarlari bilan uchrashuvida boshqa masalalar qatori migratsiya sohasidagi muammolar ham muhokama etildi. Rus «liberallari» yetakchisi Leonid Slutskiy migrantlar ko‘p yashaydigan hududni «getto» deb atadi hamda Rossiyaga migrantlar oilasi bilan kelishini taqiqlashni taklif qildi.
Foto: RF prezidenti matbuot xizmati
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 18 sentabr kuni Davlat dumasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Putinning Novo-Ogaryovodagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin, «Yedinaya Rossiya» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Vladimir Vasilev, Rossiya Kommunistik partiyasi fraksiyasi rahbari Gennadiy Zyuganov, Rossiya Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Leonid Slutskiy, «Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu» partiyasi fraksiyasi rahbari Sergey Mironov, «Novyye lyudi» partiyasi fraksiyasi rahbari Aleksey Nechayev ishtirok etdi.
Migrantlar gettosi
Yig‘ilishda partiya rahbarlari boshqa masalalar qatori migratsiya mavzusini ham ko‘tarishdi.
Xususan, Rossiya liberallari yetakchisi Leonid Slutskiy migratsiya sohasidagi vaziyatni halokatli deb atagan hamda Novosibirsk shahrida mehnat migrantlari oila a’zolari bilan yashaydigan Lenin rayoniga tashrifi haqida gapira turib, bu joyni «Xilokskiy gettosi» deb atagan.
«Biz Novosibirskning Lenin rayonidagi „Xilokskiy gettosi“ deb ataladigan mikrorayonda bo‘ldik, shaharliklar xavotirda, chunki ularning uylari yaqinida mahalliy bozorni ushlab turgan ko‘plab markaziy osiyolik mehmonlar yashaydi. Odamlar nafaqat antisanitariyadan, qo‘pollik va axloqsiz xatti-harakatlardan shikoyat qilishmoqda. Balki o‘z yaqinlarining hayoti va xavfsizligidan ham xavotirlanishmoqda», – dedi Leonid Slutskiy.
U bugungi kunda o‘zi rahbarlik qilayotgan partiya tomonidan migratsiya sohasidagi vaziyatni normallashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan ko‘plab qonun loyihalari qabul qilinganini qayd etgan. Shu bilan birga, Slutskiy parlamentdagi barcha partiyalarga qo‘shimcha cheklovlar kiritishni qo‘llab-quvvatlashni taklif qildi. Xususan, Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan migrantlar oilalarining mamlakatga kirishiga cheklovlar qo‘yishni ham.
«Katta oilalar kirib kelmoqda, ularning farzandlari maktablarda tartibsizlik keltirib chiqarmoqda; tibbiy, ijtimoiy muassasalarda navbatlar yuzaga kelmoqda», – degan u.
Partiya rahbari migrantlarning oila a’zolarini o‘qitish va da’volashga regionlar budjetlaridan xarajat qilinayotganini va ularning kelishini taqiqlash orqali «o‘nlab milliard rubl» tejab qolish mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
«Pul ishlashga kelyapsanmi, kelaqol, ammo katta oilangning bunga nima daxli bor», – deya xulosa qilgan Slutskiy.
Rossiya prezidenti uning fikrlariga qo‘shilgan.
«Hokimiyat na federal darajada, na mahalliy darajada o‘zini muammo yo‘qdek tutmasligi kerak. Bu muammolar bor, ularni hal qilish kerak, lekin ularni [migrantlarni] doimiy nazoratda tutmasangiz, [bu muammolarni] hal qilib bo‘lmaydi», – deydi Putin.
Shu bilan birga, u bu mavzu bo‘yicha ko‘plab qarorlar allaqachon qabul qilinganini, ularning bajarilishiga erishish qolganini tasdiqladi. Shuningdek, Rossiya prezidenti muammoni hal qilish bo‘yicha boshqa konstruktiv takliflarga ham ochiqligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil oxirida Putin rus tilini bilmaydigan migrantlarning farzandlarini maktablarga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni imzolagandi. Maktablarga qabul uchun tegishli test sinovlari 2025 yil 1 apreldan boshlangan. 2025 yil sentabrida Rossiyada ta’lim samaradorligini oshirish uchun bitta maktab sinfidagi migrant bolalar sonini cheklash rejasi haqida ma’lum bo‘ldi. Davlat dumasi deputatlari tegishli murojaatni Rossiya Federatsiyasi ta’lim vaziri Sergey Kravsovga yuborishgan.
Patent tizimini bekor qilish taklifi
«Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu» partiyasi raisi Sergey Mironov esa migratsiya siyosatini takomillashtirish mavzusini o‘rtaga tashlagan. U patent tizimini bekor qilishni yoqlagan va bunday mexanizm mavjud bo‘lmagan Belarusni misol qilib keltirgan.
«Patent tizimini bekor qilish kerak. Mana bizga qardosh Belarus, u yerda hech qanday patent yo‘q. Ish beruvchi belaruslar yetishmayotganini, mehnat resurslarini jalb qilish zarurligini isbotlashi kerak bo‘ladi. Keyin ular hech qanday oilasiz, hech qanday ijtimoiy yuksiz keladi. Ishlaydi, pulini oladi, qaytib ketadi. Biz ham shunday qilishimiz kerak», – deya fikr bildirdi u.
Bundan tashqari, Sergey Mironovning so‘zlariga ko‘ra, agar mehnat muhojiri Rossiya Federatsiyasi hududida jinoyat sodir etgan bo‘lsa, nafaqat u, balki u olib kelgan oila a’zolarini ham deportatsiya qilish haqida o‘ylab ko‘rish kerak.
Parlamentariy Rossiyaga kelayotgan barcha muhojirlarning atigi 28 foizi ishlashiga e’tibor qaratgan. «Boshqalar nega kelishadi? Oila a’zolarini ham sudrashmoqda. Bizda maktablar bo‘yicha ham muammo bor. Va shu munosabat bilan biz, masalan, agar ulardan biri jinoyat sodir etgan bo‘lsa, u qonun bo‘yicha to‘liq javob berishi kerakligini, uning butun oilasi, butun urug‘i zudlik bilan Rossiya Federatsiyasidan deportatsiya qilinishi kerakligini taklif qilamiz», – deya xulosa qildi Mironov.
Putin bu taklifni ham ijobiy qabul qildi va bu haqda o‘ylab ko‘rish mumkinligini aytdi.
Patent – Rossiya vizasiz rejimga ega bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga mamlakat hududida ishlashga ruxsat beruvchi hujjat (Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari fuqarolaridan talab qilinmaydi). Bu hujjat faqat unda ko‘rsatilgan muayyan hudud va faoliyat sohasida amal qiladi. Patentlar bir oydan bir yilgacha muddatga beriladi. Uni mamlakatga kirgandan so‘ng 30 kun ichida rasmiylashtirish kerak. Patent olish uchun chet ellik bo‘lgan joyida ro‘yxatdan o‘tishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, rus tili, Rossiya Federatsiyasi tarixi va qonunchiligini bilishini tasdiqlashi, IIVga hujjatlar to‘plamini topshirishi va davlat bojini to‘lashi kerak. Bundan tashqari, patent shaxsiy daromad solig‘i (NDFL) bo‘yicha har oyda qat’iy belgilangan bo‘nak to‘lovini to‘lashni nazarda tutadi.
Hozirda patent narxi hududga qarab farq qiladi. 2025 yilda Moskvada ishlashni istagan mehnat migrantlari uchun bu oylik 8,9 ming rublni tashkil etdi. Sankt-Peterburgda – 6 ming rubl. 2025 yil yanvar-may oylarida mehnat migrantlariga patent sotishdan Rossiya budjetiga o‘tkazilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i miqdori 63 mlrd rublni (804,5 mln dollar) tashkil etdi.
Budjetni migrantlar hisobiga to‘ldirish
«Novyye lyudi» fraksiyasi rahbari Aleksey Nechayev ham muhojirlarga nisbatan ba’zi cheklovlarni joriy etishni hamda budjetni soliqlarni oshirmagan holda migrantlarni legallashtirish va yangi bojlar joriy etish hisobiga to‘ldirishni taklif qildi.
U turli ma’lumotlarga ko‘ra, noqonuniy muhojirlar tufayli budjetga kamida 500 milliard rubl mablag‘ tushmay qolayotganini qayd etgan. Uning fikricha, Rossiya Federatsiyasidagi migrantlarga o‘zlarining rasmiy maoshlaridan ko‘proq pulni chet elga o‘tkazishni taqiqlash kerak.
«Turli ekspertlarning baholariga ko‘ra, migrantlar Rossiya budjetiga taxminan 500 mlrd rublni to‘lamayapti. Ular chetga olib chiqib ketayotgan pul hajmiga qaralsa, ular hozir to‘layotgan soliqlar miqdoriga qaraladigan bo‘lsa, bu ko‘p va raqamlar bir-biriga mos kelmayapti.
Shuning uchun, bizda migrantlarga o‘zining rasmiy maoshidan ko‘proq pulni chet elga o‘tkazishni taqiqlash taklifi bor. Biz migrantning aydisini, xorijiy davlat fuqarosining raqamli profilini barcha banklarning ilovalariga bog‘lab qo‘yishni taklif qilamiz.
U yerda uning rasmiy ish joyi va maoshi miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Va bu xorijga o‘tkazish mumkin bo‘lgan maksimal summa bo‘lishi lozim. Soliq to‘lanmasa, bank hisobni muzlatadi va pullar qayerdan kelganini tekshiradi. Agar bu noqonuniy daromad bo‘lib chiqsa, migrant soliqqa to‘laydi va jarimaga tortiladi. Qoidabuzarlik takroran sodir etilgan holatda, deportatsiya qilish ham mumkin», degan u.
Siyosatchi shuningdek, Ukraina frontidan qaytganlarni noqonuniy migrantlarga qarshi kurashishga jalb etish g‘oyasi haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday taklif frontdan qaytgan jangchilar tomonidan bildirilmoqda.
«Migratsiya mavzusiga yana shuni qo‘shimcha qilamanki, frontdan qaytganlarni IIVning turli bo‘linmalariga, shu jumladan noqonuniy migratsiya bo‘linmalariga faolroq jalb qilish taklifi bor», – degan Nechayev va o‘z fraksiyasi bu g‘oyani IIVga yetkazganini ma’lum qilgan.
Putin bu g‘oyaga ham qo‘shilgan. «Albatta, nega yo‘q», – deya ma’qullagan u.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
22:15 / 04.12.2025
BRICS yagona valutasini joriy etishga shoshilishdan ma’no yo‘q – Putin
20:56 / 04.12.2025
Janubiy Koreya noqonuniy migrantlarning ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi uchun 90 kunlik dastur e’lon qildi
15:45 / 04.12.2025