O‘zbekiston | 20:43 / 19.09.2025
7004
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident ixtisoslashtirilgan klinikalar boshqaruviga professional menejerlarni jalb qilishni buyurdi

Shavkat Mirziyoyev 19 sentabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan hisobot bilan tanishdi. Barcha respublika ixtisoslashtirilgan klinikalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, ularning boshqaruviga zamonaviy, professional menejerlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda qayd qilinishicha, oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Raqamlashtirish va qog‘oz hujjat aylanishini qisqartirish orqali tibbiyot xodimlarining ish yuklamasini qariyb uchdan bir qismga kamaytirish, fuqarolarning birlamchi bo‘g‘in xizmatlaridan qoniqish darajasini 85 foizdan oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning ularning kasbiy samaradorligiga bevosita bog‘liq bo‘ladigan yangi tizimi joriy etilmoqda.

Prezident ixtisoslashgan yordamni tubdan takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. O‘nlab ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mavjud bo‘lib, ular zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda, budjetdan katta mablag‘ ajratiladi.

Ta’kidlanishicha, aholi orasida xizmat sifati va uzun navbatlar yuzasidan e’tirozlar saqlanib qolmoqda. Ixtisoslashtirilgan markazlarda davolashning xalqaro standartlarini joriy etish, birlamchi bo‘g‘inda metodologik ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, barcha respublika ixtisoslashtirilgan klinikalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, ularning boshqaruviga zamonaviy, professional menejerlarni jalb qilish taklifi bildirildi. Turkiyalik mutaxassislar faoliyat yuritayotgan Respublika onkologiya va radiologiya markazi bunga yorqin misol qilib ko‘rsatildi.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda klinik protokollarni qayta ko‘rib chiqish va yangilash davom etmoqda: hozirgacha 400 tasi qayta ko‘rildi, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich ikki baravar oshadi. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida uch mingdan ziyod tibbiy xizmatlar uchun tariflar metodologiyasi ishlab chiqilmoqda.

Davlat rahbari yana beshta markazga xorijiy professional menejerlarni jalb qilish yoki ularni xorijdagi nufuzli klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini o‘rganishni buyurdi.

Bunda xalqaro tajriba asosida diagnostika va davolash standartlari ishlab chiqilishi, milliy klinik protokollar yaratilishi, yangi texnologiyalar joriy qilinishi, markazlarni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilishi, yuqori malakali mutaxassislar jalb etilishi, aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishning shaffof va adolatli tizimi yaratilishi shartligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda bolalar salomatligini muhofaza qilish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, butun dunyoda bolalarni ona suti bilan oziqlantirish muammosi dolzarb bo‘lib, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanish sur’ati ortib bormoqda.

2030 yilga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkich – 6 oygacha bo‘lgan bolalarning 70 foizi faqat ona suti bilan oziqlantirilishiga erishish maqsadida O‘zbekistonda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlanadi.

Dastur doirasida JSST va YUNISEF «Ona suti bilan oziqlantirish uchun qulay sharoit yaratuvchi tibbiyot muassasasi» va «Ona suti bilan muvaffaqiyatli oziqlantirish sari 10 qadam» tashabbuslari joriy etiladi. Tibbiyot xodimlarini ona suti bilan oziqlantirish bo‘yicha o‘qitish, homilador ayollar va onalarning bilimini oshirish tadbirlari o‘tkaziladi.

Qonunchilikka ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, import va eksport qilish, tashish, saqlash, sotish va yetkazib berishga oid talablar hamda standartlarni takomillashtirish taklif etildi.

Prezident bildirilgan takliflarni ma’qullab, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish va sifatini oshirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan o‘limni kamaytirish, yosh avlod salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid