Jahon | 00:06 / 20.09.2025
13169
2 daqiqa o‘qiladi

Biz Quddusning birorta toshini bermaymiz – Erdo‘g‘an

Turkiya rahbari mamlakat hech qachon Quddusdan voz kechmasligini ta’kidladi.

Foto: Anadolu Agency

Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Texnofest-2025 texnologiya festivalida mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an harbiy texnologiyalar sohasidagi yutuqlari haqida gapirib, Quddus shahri haqidagi fikrlarini aytdi.

«Ba’zilar Al-Quds sha’niga haqoratli so‘zlarni ishlatishga jur’at etmoqda. Biz ular nimaga intilayotganini juda yaxshi bilamiz. 65 ming begunoh G‘azo aholisining qoni qo‘lida bo‘lganlarga aytaman: Al-Quds musulmonlarning ham, butun insoniyatning ham or-nomusi, qadr-qimmati va shon-shuhratidir».

Prezident Quddusni himoya qilish tinchlik va umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilish ekanini ta’kidladi: «Al-Qudsga qilingan har bir hujum o‘z yo‘lida bu tabarruk zaminga oshiq bo‘lgan fidoyi himoyachilarni uchratadi».

Erdo‘g‘an tarixiy parallelni ham keltirib o‘tdi: «Biz Sulton Abdulhamidning avlodimiz va uning yo‘lidan boramiz. Ajdodlar vasiyatini saqlaymiz va hech qachon Al-Qudsdan voz kechmaymiz».

U Turkiya bosqinchilarning qarshiligiga qaramay, barcha din vakillarining huquqlarini himoya qilishda davom etishiga ishontirdi.

«Barcha makkor rejalarga qaramay, bizning kurashimiz 1967 yilda poytaxti Sharqiy Al-Quds bo‘lgan chegaralarda mustaqil Falastin davlati tashkil etilgunga qadar davom etadi».

Prezident, shuningdek, Turkiya Quddusda topilgan va Istanbul arxeologiya muzeyida saqlanayotgan miloddan avvalgi VIII asrga oid qadimiy yodgorlik - Silvan o‘ramini bermasligini ta’kidladi. Erdo‘g‘anning aytishicha, Quddusga tegishli bo‘lgan na bir o‘ram, na bir tosh hech kimga, jumladan, Isroilga ham berilmaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid