Jahon | 19:10 / 20.09.2025
8132
7 daqiqa o‘qiladi

Hizbulloh Saudiya Arabistonini Isroilga qarshi birlashgan front yaratishga chaqirdi

Livandagi Hizbulloh yetakchisi Naim Qosim Saudiya Arabistonini guruh bilan munosabatlarda «yangi sahifa ochishga» va Isroilga qarshi birlashgan front yaratishga chaqirdi. Shuningdek, Hizbulloh yetakchisi qurollardan voz kechmasligini yana bir bor takrorladi.

Foto: WSJ

19 sentabr kuni Livandagi Hizbulloh guruhi Saudiya Arabistonini o‘zi bilan munosabatlarda «yangi sahifa ochishga» chaqirdi. Guruh o‘tgan nizolarni hal qiladigan hamda kelajak manfaatlarini ta’minlaydigan muloqotni yoqlashini bildirdi.

Ushbu murojaatni guruhning amaldagi rahbari Naim Qosim 2024 yilda 20 sentabrda Isroil tomonidan Hizbulloh sobiq harbiy qo‘mondoni Ibrohim Aqil va boshqa rahbarlari o‘ldirilganining bir yilligiga bag‘ishlangan telemurojaatda aytib o‘tdi. Naim Qosim Saudiya Arabistoni bilan muloqot uchun uchta tamoyilni belgiladi:

  • nizolar va xavotirlarni hal qilish;
  • Isroilni qarshilik emas, balki dushman sifatida tan olish;
  • Isroilga qarshi turishga e’tibor qaratish uchun o‘tgan kelishmovchiliklarni hozircha muzlatib qo‘yish.

U butun mintaqa «xavfli burilish nuqtasida» turganini ogohlantirib, Isroilning Dohada HAMAS rahbariyatiga qarshi uyushtirgan hujumi mintaqaviy kontekstni o‘zgartirib yuborganini aytdi.

«Yumshoq urush, sanksiyalar va “Ibrohim kelishuvlari“ AQSh va Isroil kutgan tezkor va hal qiluvchi g‘alabani ta’minlay olmadi, shu sabab ular uchun genotsid yechimga aylandi», deya Qosimning so‘zlarini keltirmoqda Al-Jazeera. Qosimning ta’kidlashicha, Isroilning maqsadlari Falastindan tashqari Livan, Iordaniya, Misr, Suriya, Iroq, Saudiya Arabistoni, Yaman va Eronni ham qamrab oladi.

Naim Qosim / Foto: AlManar TV

Shuningdek, Naim Qosim Hizbulloh qurollari «faqat Isroilga qaratilgani, Saudiya Arabistoni yoki dunyoning boshqa hech bir tomoniga emas»ligini urg‘uladi. Uning ta’kidlashicha, guruhga bosim o‘tkazish «Isroil uchun sof yutuq», Hizbullohning yo‘qligi esa boshqa arab davlatlarini ham xavf ostiga qo‘yadi.

Saudiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi

Reutersʼning yozishicha, bu murojaat yillar davomida Riyod va Livan o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirgan dushmanlikdan keyin yangradi.

Saudiya Arabistoni va boshqa Fors ko‘rfazi davlatlari 2016 yilda shia Hizbullohni terrorchi tashkilot deb belgilagan edi. Saudiya Arabistoni bir paytlar Livanga milliardlab mablag‘ sarflab, Markaziy bankka depozit qo‘ygan va 2006 yilgi Hizbulloh-Isroil urushidan keyin janubni qayta qurishga yordam bergan edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan guruh Eron yordami orqali Livan va mintaqada yanada kuchayib bordi.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon

Munosabatlar 2021 yilda keskin yomonlashdi: Saudiya Arabistoni Livan elchisini podshohlikdan chiqarib yubordi, o‘z elchisini chaqirib oldi va Livan mahsulotlarini import qilishni taqiqladi. Saudiya davlat OAVlarida e’lon qilingan bayonotda Hizbulloh Livan davlatining qaror qabul qilish jarayonlarini nazorat qilayotgani aytilgan edi.

O‘sha paytda Hizbullohning sobiq bosh kotibi Hasan Nasrulloh esa Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni «terrorchi» deb atagan va Saudiya Arabistonining Yaman urushidagi rolini keskin tanqid qilgan edi.

Guruhga bosimlar

So‘nggi oylar ichida Riyod, Vashington va Hizbullohning Livandagi raqiblari Livan hukumatiga bosim o‘tkazib, guruhni qurolsizlantirishga urinmoqda. Hizbulloh esa o‘tgan yili Isroil bilan bo‘lgan urushda jiddiy zaiflashgan edi.

Xususan, AQShning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha vakili Tom Barrak shu yil iyun oyida Livandagi barcha nodavlat qurolli tuzilmalarni, jumladan Hizbullohni ham, qurolsizlantirish evaziga Isroilning bosib olingan chegara nuqtasidan chiqib ketishi va qayta qurish uchun mablag‘larni yechib berishni taklif qilgandi.

Tom Barrak / Foto: Anadolu

Anadolu nashrining yozishicha, avgust oyida Livan hukumati barcha qurollarni, jumladan Hizbullohni ham, davlat nazoratiga o‘tkazish rejasini tasdiqladi. Ushbu rejani 2025 yil oxirigacha amalga oshirish armiyaga topshirildi. Hukumat 5 sentabrda armiyaning rejasini ma’qulladi, lekin uning mazmunini sir saqlamoqda.

Hizbulloh esa qurolsizlanishni qat’iyan rad etib, guruh Isroil chiqib ketmaguncha, hujumlarni to‘xtatmaguncha, mahbuslarni ozod qilmaguncha va qayta qurish boshlanmaguncha o‘z qurollarini saqlab qolishini aytib kelmoqda.

Xususan, 19 sentabrdagi murojaatida ham Naim Qosim Hizbullohning «kuch pozitsiyasidan» turib muloqot taklif qilayotganini va partiya qurollaridan voz kechmasligini yana bir bor takrorladi.

Foto: Reuters

Shuningdek, u Livan hukumati va parlamentdagi birlikni ta’minlash, saylovlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, islohotlarni tezlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va milliy xavfsizlik strategiyasi ustida kelishishga da’vat etdi. Qosimning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hujumlariga qarshi kurashish mas’uliyati hukumat zimmasida bo‘lib, Hizbulloh esa Livan armiyasi bilan birgalikda harakat qilishga tayyor.

Isroil-Hizbulloh urushi

2023 yil oktyabrida G‘azodagi urush fonida Isroil va Livandagi Hizbulloh o‘rtasida chegara to‘qnashuvlari boshlangan edi. Dastlab artilleriya va raketa zarbalari bilan cheklangan janglar 2024 yil sentabrga kelib to‘liq miqyosli urushga aylanib ketdi.

2024 yil sentabrda Isroil keng ko‘lamli hujum boshladi, Hizbullohning janubiy Livandagi tayanchlariga zarba berdi. Hizbulloh o‘z navbatida Isroil shimolidagi shaharlarga yuzlab raketa va dronlar uchirdi.

Foto: CNN

Urushda 4 mingdan ortiq odam nobud bo‘ldi, qariyb 17 ming kishi yaralandi. Infratuzilma va uy-joylar jiddiy zarar ko‘rdi. Isroil zarbalari natijasida Hizbulloh bosh kotibi Hasan Nasrulloh va boshqa yuqori darajadagi qo‘mondonlar o‘ldirildi.

2024 yil noyabrida o‘q otishni to‘xtatish kelishuvi tuzildi. Sulhga ko‘ra, Isroil janubiy Livandan chiqib ketishi kerak edi, ammo faqat qisman qo‘shinlarini olib chiqdi va ayrim chegara postlarida harbiy mavjudligini saqlab qolmoqda.

Urush Hizbullohni zaiflashtirdi, ammo guruh qurolsizlanishdan bosh tortdi. Isroil esa hududiy nazoratni to‘liq amalga oshira olmadi. Mojaro mintaqada kuchlar muvozanatini o‘zgartirdi.

Mavzuga oid