Jahon | 14:13 / 20.09.2025
6995
9 daqiqa o‘qiladi

Trampning «Oltin karta»lari, Estoniya havo hududidagi Rossiya qiruvchilari va Erdo‘g‘anning Quddus ustidagi da’vosi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Trampning «Oltin karta»si va viza to‘lovlari

19 sentabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp «Tramp oltin kartasi»ni taqdim etdi. Bu karta orqali jismoniy shaxslar va korporatsiyalar AQShda tezlashtirilgan rezidentlik huquqini olishlari mumkin bo‘ladi. Uning boshlang‘ich narxi 1 million dollar etib belgilangan.

«Uzoq yillar davomida mamlakatimizga millionlab noqonuniy muhojirlar oqib keldi va immigratsiya tizimimiz izdan chiqqan edi. Endi amerikaliklar va AQSh soliq to‘lovchilari bizning QONUNIY immigratsiya tizimimizdan foyda ko‘rishi vaqti keldi», deb yozdi Tramp.

Shaxsiy kartani endi 1 million dollarga sotib olish mumkin, korporatsiyalar esa keyinchalik 2 million dollarga karta sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. «Biz oltin karta qisqa fursatda 100 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ keltiradi, deb kutyapmiz», deb yozdi Tramp.

Ma’muriyat, shuningdek, «Trump Platinum Card»ni ham joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu karta egalari AQShdan tashqaridagi daromadlari uchun soliq to‘lamaydi.

AQSh bozorini xavotirga solgan holat esa hukumat malakali chet ellik ishchilarga beriladigan H-1B vizalari uchun yiliga 100 ming dollarlik to‘lov joriy etishi bo‘ldi.

Trampning bu «o‘lponi» huquqiy e’tirozlarga duch kelishi mumkin. Lekin agar kuchga kirsa, xalqaro malakali xodimlarni yollaydigan kompaniyalar ushbu vizada ishlayotgan har bir xodim uchun olti yilgacha yiliga 100 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu to‘lov faqat yangi murojaatchilarga tatbiq etiladi.

«Yoki bu shaxs kompaniya va Amerika uchun juda qimmatli bo‘ladi, yoki u ketadi va kompaniya amerikalikni yollaydi», dedi savdo vaziri Xovard Lutnik juma kuni Oq uy Oval ofisida imzolash marosimida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oxirida Amazon H-1B vizasi asosida ishlayotgan 10 mingdan ortiq xodimga ega edi — bu boshqa istalgan kompaniyadan ancha ko‘p. Boshqa yirik kompaniyalar orasida Microsoft, Meta, Apple, Google, JPMorgan Chase, Walmart kabilarda ham minglab xorijiy malakali xodimlar bor.

«Biz Quddusning birorta toshini ham bermaymiz» – Erdo‘g‘an

Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Texnofest-2025 festivalida mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an harbiy texnologiyalar sohasidagi yutuqlari haqida gapirib, Quddus shahri haqidagi fikrlarini aytdi.

«Ba’zilar Al-Quds sha’niga haqoratli so‘zlarni ishlatishga jur’at etmoqda. Biz ular nimaga intilayotganini juda yaxshi bilamiz. 65 ming begunoh G‘azo aholisining qoni qo‘lida bo‘lganlarga aytaman: Quddus musulmonlarning ham, butun insoniyatning ham or-nomusi, qadr-qimmati va shon-shuhratidir».

Prezident Quddusni himoya qilish tinchlik va umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilish ekanini ta’kidladi: «Quddusga qilingan har bir hujum o‘z yo‘lida bu tabarruk zaminga oshiq bo‘lgan fidoyi himoyachilarni uchratadi».

Erdo‘g‘an tarixiy parallelni ham keltirib o‘tdi: «Biz Sulton Abdulhamidning avlodimiz va uning yo‘lidan boramiz. Ajdodlar vasiyatini saqlaymiz va hech qachon Quddusdan voz kechmaymiz».

U Turkiya bosqinchilarning qarshiligiga qaramay, barcha din vakillarining huquqlarini himoya qilishda davom etishiga ishontirdi.

«Barcha makkor rejalarga qaramay, bizning kurashimiz 1967 yilda poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan chegaralarda mustaqil Falastin davlati tashkil etilguniga qadar davom etadi».

Prezident, shuningdek, Turkiya Quddusda topilgan va Istanbul arxeologiya muzeyida saqlanayotgan miloddan avvalgi VIII asrga oid qadimiy yodgorlik - Silvan o‘ramini bermasligini ta’kidladi. Erdo‘g‘anning aytishicha, Quddusga tegishli bo‘lgan na bir o‘ram, na bir tosh hech kimga, jumladan, Isroilga ham berilmaydi.

Rossiya qiruvchilari Estoniya havo hududiga kirdi

Estoniya hukumati xabar berishicha, juma kuni uchta Rossiya harbiy samolyoti NATO a’zosi bo‘lgan Estoniya havo hududini buzgan.

Rasmiy Tallinning bildirishicha, uchta MiG-31 qiruvchi samolyoti Estoniya havo hududiga ruxsatsiz kirgan va 12 daqiqa davomida qolgan. Bu vaqt ichida yuqori tezlikdagi samolyotlar mamlakatning katta qismini kesib o‘tishi mumkin edi.

«Rossiya bu yil Estoniya havo hududini to‘rt marta buzdi. Buning o‘ziyoq qabul qilib bo‘lmas holat, ammo bugungi buzilish — uchta qiruvchi samolyot havo hududimizga kirgani — mislsiz darajada ochiq-oydin provokatsiya hisoblanadi», dedi Estoniya tashqi ishlar vaziri.

Rossiya Mudofaa vazirligi shanba kuni ertalab tarqatgan bayonotida MiG-31 samolyotlari shimoli-g‘arbiy Rossiyadan Kaliningradga uchishda Boltiq dengizi ustidagi neytral suvlar orqali o‘tganini bildirdi.

Estoniya Rossiyaning mamlakatdagi eng yuqori diplomati chaqirilganini, rasmiy norozilik bildirilib nota topshirilganini ma’lum qildi. Estoniya bosh vaziriga ko‘ra, rus qiruvchilari NATO havo hududiga taxminan 9 km ichkariga kirgan, so‘ng Estoniyada vaqtincha joylashgan italiyalik F-35 qiruvchilari ularni chiqarib yuborgan.

Ukrainadagi urush tufayli keskinlik allaqachon yuqori bo‘lgan bir paytda, bu voqea 20 dan ortiq Rossiya dronlari Polsha havo hududiga kirganidan keyin sodir bo‘ldi. G‘arb amaldorlari Rossiya — NATOning tayyorgarligi va qat’iyatini sinayotganini aytmoqda.

Iordaniyalik haydovchi ikki isroillikni o‘ldirdi

G‘azo sektoriga gumanitar yordam olib ketayotgan iordaniyalik yuk mashinasi haydovchisi 18 sentabr, payshanba kuni «Allenbi» o‘tkazish punktida o‘t ochdi va xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilishidan oldin ikki isroillikni o‘ldirdi. «Bugun G‘azoga gumanitar yordam olib ketayotgan yuk mashinasini boshqarayotgan iordaniyalik erkak «Allenbi» o‘tkazish punktida ikki isroillikni o‘ldirdi», - deya ma’lum qildi Isroil Tashqi ishlar vazirligi.

Isroil harbiylari hujumchi «zararsizlantirilgani» haqida xabar berdi. «Magen David Adom» tez yordam xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, erkak to‘pponcha va pichoq bilan qurollangan bo‘lgan.

Isroil tez yordam xizmatining aniqlik kiritishicha, taxminan 20 va 60 yoshlardagi erkaklar voqea joyida yordam ko‘rsatilganidan keyin vafot etgan. Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi hujumni «jinoyat» deb atadi va bu G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishini xavf ostiga qo‘yishi haqida ogohlantirdi.

Tramp va Si Koreyada uchrashadi

AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni Xitoy rahbari Si Jinping bilan «juda samarali» telefon suhbati o‘tkazganini aytdi.

«Men Xitoy prezidenti Si bilan juda samarali qo‘ng‘iroqni yakunladim. Savdo, fentanil, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish zarurati va TikTok bitimini tasdiqlash kabi juda muhim masalalarda yutuqlarga erishdik», dedi u ijtimoiy tarmog‘idagi postida.

«Qo‘ng‘iroq juda yaxshi o‘tdi, biz yana telefon orqali gaplashamiz, TikTok bo‘yicha tasdiqni qadrlaymiz va ikkimiz ham APEC sammitida uchrashishni intiqlik bilan kutyapmiz!» - deya qo‘shimcha qildi u.

Tramp bu bilan 31 oktyabr kuni Janubiy Koreya mezbonlik qiladigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitini nazarda tutdi. U Xitoyga «kelasi yil boshida» tashrif buyurishini, Si esa AQShga «munosib vaqtda» tashrif buyurishini aytdi.

TikTokʼning AQShdagi faoliyati amerikalik kompaniyalarga sotilmasa, u mamlakatda taqiqlanishi mumkin edi. Tramp muzokaralarga vaqt berish uchun chorshanba kuni uning AQShdagi faoliyatini to‘xtatishni uchinchi marta kechiktirdi.

Pekin telefon qo‘ng‘irog‘ini «pragmatik, ijobiy va konstruktiv» deb ta’rifladi. Si Jinping esa o‘z navbatida TikTok masalasida Pekinning pozitsiyasi «aniq» ekanini aytdi, biroq ijtimoiy tarmoqni AQSh tomoniga sotish bo‘yicha bitimni tasdiqlamadi.

U Xitoyning AQSh kompaniyalari xohishini inobatga olishini ta’kidladi va biznes muzokaralariga «bozor qoidalari» hamda «Xitoy qonun va me’yorlariga muvofiq» yechim topishga chaqirdi.

Mavzuga oid